Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:07

“Maishiy mavzudagi kinolarga tomoshabin kirmay qo‘ydi”


"O‘kinch" filmining afishasi.
"O‘kinch" filmining afishasi.
O‘zbek kinotomoshabinlari hayot haqiqati aks etgan kinolarni istayapti deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan Alisher Navoiy nomli kinoteatr rahbari. Kinosi muvaffaqiyat qozonmagan san‘atkor esa kinoteatr mulozimlarini uquvsizlikda aybladi.

“San‘at-ma‘no” kinostudiyasida joriy yilda rejisser Said Muxtorov suratga olgan “O‘kinch” filьmiga sarflangan mablag‘ning oltidan biri ham qoplanmadi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli kinoteatrda filьm ilk bor namoyish qilinganida¸ juda kam sonli tomoshabin kartinani chipta sotib olib, katta ekranda ko‘rishga istak bildirishgan.

“O‘kinch” filьmi ijodkorlaridan biri ismini aytmaslik sharti bilan bizga maktub yo‘llab¸ filьm Alisher Navoiy nomli kinoteatr rahbarining “g‘arazli niyati” bois ataylab “muvaffaqiyatsizlikka uchratilganini” iddao qilishdi.

Maktubdan iqtibos keltiramiz:

“O‘kinch” degan kinoga 60 million so‘m sarfladim.10 million so‘mini ham chiqarib ola olmadim. "Panorama" (Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli kinoteatri) direktori 68 yoshli Obid Mahkamovich kinomizni proval qilib berdi. Sababi boshqaruv u kishini qo‘lida. Kinomiz qo‘yilayotgan paytda “Oltin gepard” festivali boshlandi. O‘sha festivalni bahona qilib¸ bizning kino namoyishini 6 kunga to‘xtatdi. Kecha borsam qaytib olmayman sening kinongni deb kabinetidan haydab soldi"¸ deb yoziladi maktubda.

Bu maktub ortidan Alisher Navoiy nomli kinoteatr rahbari Obid Mahkamovich Xoliqov bilan bog‘landik.

Ozodlik bilan suhbatda kinoteatr rahbari “O‘kinch” filmi tomoshabinlar kelmagani uchun repertuardean olib tashlanganini aytdi:

- “Bu mazmunan sayyoz filmni tomoshabin qabul qilmadi. Chipta olib kirishmadi. Men qo‘limdan kelganini qildim. Kinoteatrdagi 12ta zaldan xohlaganida namoyish qilishga sharoit yaratdim. Lekin men qiziqarsiz kinoga tomoshabinni majburlab olib kira olmayman. Tijoriy muvaffaqiyat qozonmagan bo‘lsa¸ bu avvalo kinochi aybni o‘zidan qidirsin. Tomoshabinni qiziqtira olmagan bo‘lsa bu aqlli kinochi nega meni ayblaydi? O‘zbek kinosi faqat “O‘kinch”dan iborat emasku?¸- deydi suhbatdosh.


"Alanga" deya boshlanib "O‘kinch"ga aylangan kino


2013 yil suratga olinib, 21 sentyabrьda ekranlarga chiqarilgan “O‘kinch” filmi aksariyat o‘zbek kinolari uchun xos bo‘lgan maishiy mavzuda.

Filьmda singlisidan yuz o‘girgan aka¸ yetim qolgan bolalar va boshqa oilaviy mojarolar tasvirlangan.

Film qarindosh-urug‘lar, jigarlar orasidagi mehr-oqibat tuyg‘ulariga bag‘ishlangan.

Oldiniga "Alanga” nomi bilan suratga olinib, keyinroq "O‘kinch” nomi bilan katta ekranlarga chiqarilgan filmning badiiy rahbari O‘zbekiston Xalq artisti Po‘lat Saidqosimov hisoblanadi.

Stsenariy mualliflari Saida Vahobova va Feruza Fattohovalardir.

Filьmda bosh rollarni Ulug‘bek Qodirov, Sevara Soliyeva va Kamoliddin Qosimov ijro etgan.

Hind filьmlariga taqlidan olingan bu filmda kutilmaganda boyib ketgan bir yigitning o‘z qarindoshlarini mensimay qo‘ygani tasvirlanadi.

Filьmni suratga olish jarayonida rejisser Said Muxtorov va prodyuser Kamoliddin Qosimov o‘rtasida chiqqan nizo matbuotga ko‘chgan edi.

Taniqli kinorejissyor Rustam Obidov maishiy mavzudagi filmning muvaffaqiyat qozonmaganida mantiq ko‘radi:

- Bu yerda kinozal rahbari emas balki kinochi aybdor. Qachongacha oilaviy mojaro bilan tomoshabinni avraymiz. Kambag‘aldan boy bo‘lib qarindoshini mensmagan odam haqida minginchi kino bu. Shu kelin-kuyov¸ qaynana-kelindan boshqa mavzu yo‘qmi. Bu kinochini endi shu kelin-kuyovlar bilan bir to‘shakda yotishi qoldi o‘zi. Nahotki o‘zbekni bundan boshqa dardi yo‘q, deb ta‘kidlagan Rustam Obidov o‘zbek kinosi mavzu doirasini kengaytirib, xalq dardini aks ettirsagina tomoshabin mehrini qozonadi degan fikrni ilgari surdi.

- Bir-biriga o‘xshaydigan bo‘lsa, kimga kerak u?! Har bir kinochi o‘z ovozi bilan o‘z dardini, qolaversa, xalq dardini aytishi kerak. Xalqning dardi bir yoqda qolib, oldi-qochdilar haqida hikoya qiladigan kinoning keragi yo‘q. Bu yerda Panoramini rahbari Obid Mahkamovichni tanqid qilish ortiqcha. Agar bilsangiz Obid Mahkamovich o‘zbek kinochining jonkuyaridir. Aynan u kishining hizmati bilan tomoshabinlar kinozalga qaytdi,- deydi Rustam Obidov.

Hozirda O‘zbekistonda kino-videomahsulotlar ishlab chiqarishga izn olgan tashkilotlar soni 700 ga yetgan.

“O‘zbekkino” milliy agentligiga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 70 dan ziyod badiiy film suratga olinib, ekranlarga chiqarilmoqda.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy mavzudagi, kam byudjetli filmlar Markaziy Osiyodagi kinotomoshabinlar tarafidan yaxshi qabul qilinayapti degan fikrlar munaqqidlar tarafidan aytib kelinadi.

Bollivud yo‘lidan ketayotgan o‘zbek kinosining soni ko‘paygani sayin sifat pasayib ketyapti, degan tanqidlar ham aytilmoqda.

Rejisser Said Muxtorov suratga olgan maishiy mavzudagi “O‘kinch” filmining tomoshabinlar tarafidan qabul qilinmagani bu tanqidlarda jon borligiga ishoratday ko‘rindi.
XS
SM
MD
LG