Линклар

Bir kun oldin paxta yig‘im-terimidan qaytishga ruxsat berilgan Samarqanddagi oliygohlar talabalari 28 oktabrdan yana dalaga haydaldi. Samarqand viloyat hokimligi mutasaddilariga ko‘ra, kun isib qolgani bois talabalar kuchidan yana biroz foydalanishga qaror qilingan.

Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti talabalaridan Ozodlikka kelgan xabarda viloyatdagi barcha oliygohlarning talabalariga 27 oktbabr kuni paxtadan qaytishga ruxsat berilgan, biroq ertasiga terimchi talabalar yana dalaga chiqarilgan.

“Kecha talabalarni olib ketish uchun avtobuslarda maxsus kolonna keldi. Hammamiz narsalarni yig‘ishtirib, avtobusga joylashgandik. Lekin joylashishimiz bilan hammani avtobusdan qaytadan tushirdi va yana paxta terasizlar deb aytildi. Xuddi shu hol Samarqand chet tillar institutida ham takrorlandi. Bu nima ahvol? Bu qanaqa siyosat? Kimning buyrug‘i bu?”, deyiladi talabalardan kelgan xabarda.

Samarqand Tibbiyot instituti talabalaridan yetib kelgan xabar ham ayni shu mazmunda.

“Kecha bizni qaytarmoqchi edi. Bugun - 28 noyabr kuni soat ertalabki 6:00da yana pod‘yom berilib, dalaga chiqarishdi”, deyiladi bo‘lajak shifokorlar xabarida.

Ushbu xabar ortidan Ozodlik muxbiri dastlab Samarqand Iqtisodiyot va servis institutining paxta shtabi mas‘ullaridan biri bilan bog‘landi. Mazkur oliygoh paxta shtabi vakili bu xabarni tasdiqladi.

- Samarqand viloyatidagi oliygohlarning barchasi paxta-yig‘im terimiga qoldirildi. Hozircha necha kunga qoldirilgani noma‘lum. Buni hokimiyat biladi. Men ayta olmayman. Hech kim bilmaydi, necha kunga qoldirilganini,- dedi Samarqand Iqtisodiyot va servis institutining paxta shtabi mas‘uli.

Samarqand chet tillar instituti va Samarqand Tibbiyot institutidan ham xuddi shu mazmundagi javob bo‘ldi.

Samarqand viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimi viloyatdagi oliygohlar talabalarini paxta yig‘im-terimiga qaytarish haqidagi og‘zaki buyruq berilganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, havo sovigani bois talabalarni paxtadan qaytarishga ruxsat berilgan, biroq keyingi kunlarda havo isigani bois ularni yana bir necha kun paxta terimiga jalb qilishga qaror qilingan.

24 oktabrdan boshlab, Toshkentdagi oliygohlar, jumladan, Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya instituti, Sharqshunoslik institutining hasharchilari paxta yig‘im terimidan qaytdi.

Shuningdek, ayrim viloyatlarda kollej talabalari ham paxtadan qaytarildi.

Lekin ayni paytda viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari talabalari hamon paxta dalasida qolmoqda.
XS
SM
MD
LG