Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:38

O‘zbekistonda yana yonilg‘i taqchilligi kuzatilmoqda


O‘zbekistonda yonilg‘i taqchilligi - surunkali kasallik. 2011 yil, dekabrida olingan surat.
O‘zbekistonda yonilg‘i taqchilligi - surunkali kasallik. 2011 yil, dekabrida olingan surat.
Mamlakat poytaxtidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shohobchalarida keyingi kunlarda yana benzin taqchilligi kuzatilmoqda. Joylardan olingan xabarlarga qaraganda, taqchillik viloyatlarda ham bir necha kundan beri davom etmoqda.

UzGazOil ning Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Bog‘ishamol ko‘chasidagi 31-AYoQShida benzin 29 oktabr kuni ertalabdanoq tugadi.

- Benzin yo‘q. Ertaga soat 7 dan bo‘ladi. Ertalab 9,30 – 10 larda tugadi, dedi shohobcha xodimi.

Tilga olingan shirkatning Uchtepa tumani, O‘rikzor massividagi 28-AYoQShida ham savdo ertalabdanoq to‘xtaganini so‘rab bildik.

Intran Servis mas‘uliyati cheklangan jamiyatning Shayxontovur tumani, Qoratosh ko‘chasidagi 1-AYoQShida 29 oktabr, kechga yaqin benzin bor edi. Lekin zapravka oldida benzin kutib navbatda turgan mashinalar juda ko‘p edi.

- Kamida 50 ta mashina navbatda turibdi, dedi shohobcha xodimasi.

Shu kuni Farg‘onada ham benzin taqchil bo‘ldi. Bu haqda o‘sha yerlik tinglovchimiz xabar qildi. Uning aytishicha, shu kunlarda benzin qo‘lda ham yo‘qolib qoldi.

Toshkentdagi shohobchalar vakillari va farg‘onalik tinglovchimizning aytishicha, benzin taqchilligi so‘nggi 4 – 5 kundan buyon kuzatilmoqda.

Benzin boshqa viloyatlarda ham, xususan, Jizzaxda ham taqchil ekanligini o‘sha yerdagi Ozodlik manbasi xabar qildi.

So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan yonilg‘i taqchilligini ismi sir qolishini so‘ragan farg‘onalik kuzatuvchi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida yaqinda amalga oshirilgan voqealar bilan bog‘ladi.

Prezident Islom Karimovning jiyani Akbarali Abdullayevning hibsga olinganidan o‘n kun o‘tib, u nazorat qilgani aytiladigan Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodini "qora niqobli"lar bosgani, zavod rahbariyati vakillari qo‘liga kishan solinib, boshiga qop kiygizilgan holda olib ketilgani to‘g‘risida Ozodlik 25 oktabrda xabar qilgan edi.

Biroq toshkentlik boshqa bir kuzatuvchi farg‘onalik manbaning bu versiyasiga qo‘shilmasligini bildirdi va u o‘z fikrini xususan, UzGazOil shirkatining benzinni Farg‘ona zavodidan olmasligi bilan izohladi.

U shu kunlarda kuzatilayotgan taqchillikni joriy yil uchun ajratilgan limitning sarf qilib bo‘lingani bilan izohladi.

Toshkentda o‘tgan oy oxiri va joriy oy boshida ham benzin taqchilligi kuzatilgani to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar bergan edik.

O‘shanda soha mutaxassislari taqchillikning bir necha sababini tilga olgan edi. O‘shanda ham taqchillik limit tugagani, paxta terimi mavsumi davom etayotgani hamda benzin narxi osharmish, degan mish-mishlar ketidan odamlar benzinni uyiga g‘amlab qo‘yayotgani bilan izohlangan edi.
XS
SM
MD
LG