Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:11

Obid qori izdoshlaridan yana 7 kishi sudlandi, 4 tasi qochib ketdi


Ikkala guruh ham Obid qori Nazarovdan moddiy ko‘mak olib turishda ayblangan.
Ikkala guruh ham Obid qori Nazarovdan moddiy ko‘mak olib turishda ayblangan.
Hijratdagi o‘zbek imomi Obid qori Nazarovga aloqadorlikda ayblangan yana 7 kishining sudi 7 oktyabr kuni yakunlandi. Sud hukmiga ko‘ra, O‘rikzor bozorida savdo qilib kelgan savdogarlar 9 yildan 13 yilgacha qamoqqa hukm qilindi. Yana to‘rt kishi O‘zbekistondan qochgani uchun qidiruvga berilgani aytilayapti.

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 7 oktyabr kungi hukmiga ko‘ra, O‘rikzor bozorida savdogarlik qilgan ota-bola To‘xtaxo‘jayevlar, uch aka-uka Fattohovlar va ularning ikki jiyani Obid qori Nazarovga aloqadorlikda aybdor deb topilgan.

Hozirda Toshturmada saqlanayotgan mahkumlardan birining yaqini Ozodlikka bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, poytaxtning Uchtepa tumani Algoritm mavzesida yashovchi 48 yashar Fathullo Toshho‘jayev 13 yil, uning o‘g‘li 23 yashar Nurillo Nasrullayev 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Uch aka-uka Sunnatilla, Abduhamid, Abdug‘ani Fattohovlar esa 9 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Fattohovlarning ikki jiyani esa 3 yilga shartli ravishda kesilgan.

Suhbatdoshimizning aytishicha, sudlanuvchilarning barchasi Toshkentning O‘rikzor bozorida qurilish mollari bilan savdo qilib kelgan. Ular joriy yilning 17 fevralidan 20 fevraligacha ketma-ket hibsga olingan.

Ularga dastlab 15 sutkalik qamoq jazosi berilgan. Keyinchalik barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish (244/1-modda), Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish (244/2-modda) va O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (159-modda) moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Toshkentlik ushbu yetti savdogarga ochilgan jinoiy ish o‘tgan yilning noyabrida hibsga olinib, joriy yil aprelida uzoq muddatlarga qamalgan olti kishining ishi bilan bevosita bog‘liq ekani aytilayapti.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, yetti savdogar bozorchilardan yig‘ilgan zakot pullaridan O‘zbekiston qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan dindor mahkumlarga oziq-ovqat¸ kiyim-kechak olib borib turgan va mahkumlarning oila a‘zolariga Hayit kunlari moddiy ko‘mak ko‘rsatgan.

Yetti savdogar aprelda qamalgan olti kishidan iborat guruh bilan hamkorlikda ishlaganlikda ayblangan.

“Jihodchilar” guruhiga aloqadorlikda ayblangan ikkala guruh ham Obid qori Nazarovdan moddiy ko‘mak olib turishda aybdor deb topilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Obid qorining Toshkentdagi “o‘ng qo‘li sifatida ko‘rilgan” Shuhrat Tojiboyev boshchiligidagi “guruh har oyda Nazarov Shvetsiyadan jo‘natgan pullardan 2 mingdan 20 ming AQSh dollarigacha oylik olib turishganini tan olishgan”.

Ikkinchi guruh a‘zolari esa sudda Obid qori disklarini eshitganliklarini tan olishgan, lekin undan pul olib turganliklarini inkor qilishgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, o‘tgan yilning noyabrida qama-qamalar boshlangach, hibsga olinuvchilar ro‘yxatida bo‘lgan to‘rt toshkentlik yigit O‘zbekistondan qochib ketib, qamalishdan qutilib qolgan.

55 yashar Obid qori Nazarov 2012 yilning 22 fevralida Shvetsiyaning Stromsund shaharchasidagi o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilgan edi.

Yaqinlaridan olingan so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘shandan beri Nazarov shifoxonada komada yotibdi.

1996 yilning yozida rasman imomlikdan olingan Obid qori Nazarovga nisbatan 1998 yilning 5 martida jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

U kishiga O‘zbekiston JK ning 159-, 244-, 216-moddalari asosida O‘zbekiston Konstitutsion tuzumiga tajovuz, ta‘qiqlangan diniy tashkilotlar tuzish va unga rahbarlik qilish, ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish va diniy ekstremizm, ya‘ni “Vahhobiylik” oqimiga aloqadorlik haqidagi ayblovlar qo‘yildi.

Keyin esa yurtni tark etishga majbur bo‘lgan ulamo 2000 yildan to 2006 yilgacha Qozog‘istonda, 2006 yildan keyin rasman qochqin, deb tan olinib, Shvetsiyada yashay boshlagan.
XS
SM
MD
LG