Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:34

Yakkabog‘lik maktab bolalarini MXX paxtadan qaytardi


Yakkabog‘ning paxta dalasiga quvilgan 12-maktab o‘quvchilari viloyat huquq-tartibot idoralari bosimi ostida yana maktabga qaytarildi. 22 oktabr kuni tumanning Madaniyat qishlog‘idagi dalada paxta terayotgan maktab o‘quvchisi Ozodlikka terimga majburan chiqarilganini so‘zlab bergan edi. Oradan bir kun o‘tib, o‘quvchilar oshig‘ich tarzda darsxonalarga qaytarilgan.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Toshpo‘lat Boyqulov nomli 12-sonli maktab o‘quvchilari 7-sinfda o‘qiydigan maktabdoshi Ozodlikka bergan intervyudan so‘ng zudlikda maktabga qaytarildi.

Bu haqda Ozodlikka ushbu tumanda istiqomat qiluvchi Jamoliddin Ortiqov xabar berdi.

22 oktabr kuni bu maktab o‘quvchisi paxta dalasidan turib Ozodlikka intervyu bergan va paxtaga majburan chiqarilganini aytgan edi.

- O‘sha sizga intervyu bergan kunning ertasiga maktabga MXX xodimlari kelib, hammasini maktabga qaytargan. Keyin domlalari sinfma-sinf yurib, biz paxtaga chiqmadik, doim darsda bo‘lganmiz, deb aytinglar birov so‘rasa, deb aytib chiqishibdi. Hozir bu o‘quvchilar maktabga qaytgan,- dedi Ozodlik manbasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 12-sonli maktab o‘quvchilari Madaniyat qishlog‘i tegrasidagi paxtazorlarga uyidan turib, tushgacha qatnayotgan edi.

Bu o‘quvchilardan birining Ozodlikka bergan intervьyusidan so‘ng paxta terimiga chiqarilayotgan o‘quvchilar darsga qaytarilgan.

- Lekin, kollejlar dashtga olib ketilgan. Ular hali qaytgani yo‘q. Mening ishxonam yonida Yakkabog‘ iqtisodiyot kolleji bor. Bu kollejda hali o‘qish boshlangani yo‘q,- dedi Ortiqov.

22 oktabr kuni Yakkabog‘ning Madaniyat qishlog‘idagi Jamshid Ro‘ziyev fermer xo‘jaligi hududi paxta dalasidan turib, Ozodlikka intervyu bergan 7-sinf o‘quvchisi terimga majburan safar qilinganini so‘zlab bergan edi.

Ozodlik: Horma qalaysan? Nechanchi sinfda o‘qiysan?

- 7-sinfda o‘qiyman.

Ozodlik: Necha kundan beri paxtadasan?

- Paxta boshlangandan beri.

Ozodlik: Ertalabdan kechgacha paxta terayapsizlarmi?

- Obedgacha.

Ozodlik: Necha kilo terayapsan? Norma bormi?

- Norma yo‘q.

Ozodlik: Necha kilo terayapsan kuniga?

- 5-10 kilo.

Ozodlik: Dalaga piyoda kelayapsizlarmi yoki avtobusda olib kelishayaptimi?

- O‘zimiz.

Ozodlik: Paxtaga chiqmasang nima bo‘ladi?

- Domlalar qo‘ymaydi, urishadi.

Ozodlik: Necha kilo paxta terishingizning farqi yo‘q, faqat dalada yursangizlar bo‘ldi-a?

- Ha.

Ozodlik: Obedni qayerda qilayapsizlar?

- Uydan olib kelamiz.

Ozodlik: Yana nechanchi sinf bolalari paxtada?

- Shu beshinchi...

Ozodlik: To‘rtinchi sinflar paxtadami yoki maktabda?

- To‘rtinchi sinf maktabda.

Ozodlik: Qolganlar paxtada-a?

- Ha.

Ozodlik: Sening paxta terging keladimi kelmaydimi?

- Kelmaydi paxta tergim.

Ozodlik: Unda o‘qituvchingga paxtadan qolaman, desang bo‘lmaydimi?

- Chiqasan, deydi.

Ozodlik: Ota-onang nima deydi? Bor paxta ter, deydimi?

- Endi chiq, agar qo‘ymayotgan bo‘lsa, deydida, - degan edi Ozodlik bilan suhbatda paxta dalasida yurgan yakkabog‘lik o‘quvchi. (Ozodlik o‘quvchining ism-familiyasini sir saqlamoqda.)

Ozodlik tumandagi mutasaddi idoralardan birining xodimi tomonidan 12-sonli maktab direktori, deb taqdim qilingan Gulshoda Toyloqovaga ham bog‘lanishga urindi, ammo muvaffaq bo‘lmadi.

Ayni paytda Yakkabog‘ tumani Xalq ta‘limi bo‘limi xodimlari ham bu ma‘lumot bo‘yicha izoh bermadilar.

Rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu yilgi paxta terimi mavsumida Yakkabog‘ning Ulamji qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 64-sonli maktab o‘quvchilari ham paxta terimiga olib chiqilgan.

Quyida yakkabog‘lik o‘quvchi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:11 0:00
Бевосита линк


Paxta dalasida yurgan maktab o‘qituvchilari esa Ozodlikka so‘zlashdan bosh tortganlar.

22 oktabr kuni paxta dalasida o‘quvchilarni uchratgan yakkabog‘lik Jamoliddin Ortiqov bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:25 0:00
Бевосита линк


O‘tgan yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida shunday holat kuzatilgan edi. 2012 yilning 29 sentabr kuni ishtixonlik o‘quvchi maktabdoshlari paxtaga chiqarilgani haqida intervьyu bergan, 30 sentabr kuni o‘quvchilar zudlikda maktabga qaytarilgan edi.

Shuningdek, 2012 yilning 23 oktabr kuni Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Beshkaltak qishlog‘i hududidagi paxtazorlarda bo‘lgan o‘zbekistonlik huquq faollari qishloqdagi 70-maktabning 4-5-6-sinf o‘quvchilarini dalada ko‘rgan edilar.

2012 yilgi paxta terimi mavsumida o‘quvchilarni paxta terimiga jalb qilmaslik haqida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev imzolagan ko‘rsatma Xalq ta‘limi vazirligiga yo‘llangani rasman ma‘lum qilingan edi.

Shundan so‘ng maktab bolalarining ommaviy ravishda paxta terimiga olib chiqilishi to‘xtadi. Ammo, bir necha viloyatlarda 2012-2013 yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida o‘quvchilarning dars vaqtida paxtaga olib chiqilgani kuzatildi.
XS
SM
MD
LG