Линклар

logo-print

Gulnora Karimovaning "Terra group" shirkati bank hisoblari muzlatilgan


Gulnora Karimovaga qarashli “Terra Group” hisob raqamlari muzlatilganini ishonchli manbalar tasdiqladi.

Gulnora Karimovaga qarashli “Terra Group” hisob raqamlari muzlatilganini ishonchli manbalar tasdiqladi.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari Gulnora Karimovaga tegishli ekani ishoniladigan "Terra group" shirkatining moliyaviy faoliyatini tekshirmoqda. Ozodlik O‘zbekistondagi ishonchli manbalardan olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, “Terra Group” shirkatining "Infinbank" bankidagi hisob raqamlari muzlatib qo‘yilgan.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlarini “Terra Group” media shirkatining "Infinbank"dagi hisob raqamlariga kelib tushgan mablag‘lar manbasi qiziqtirmoqda.

Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladigan "Terra Group" shirkatiga qarashli hisob muzlatib qo‘yilganini Ozodlikning taftish idoralari hamda "Infinbank" bankidagi bir-biridan mustaqil manbalari tasdiqladi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, "Terra Group" shirkatiga mazkur bankda ko‘plab hisob raqamlari rasmiylashtirilgan va ularda o‘ta yirik miqdorda pul mablag‘lari aylangan.

"Hisob raqamlari o‘ndan ortiq va ularda umumiy aylanma shunchalik kattaki, bank mutaxassislari bunga oid tafsilotlar haqidagi hisobotni hali ham tergovchiga tayyorlab bera olgani yo‘q", dedi tergov ishlaridan xabador manba seshanba kuni Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda.

Ozodlikning boshqa manbasiga ko‘ra, "Infinbank"ni Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan Farhod K. ismli shaxs nazorat qiladi. O‘tgan haftadan beri O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qiziga nisbatan bosimlar boshlanishi ortidan, unga tegishli "Terra Group" moiyaviy faoliyati bilan tergov organlari qiziqa boshlagan.

Manbamizning aytishicha, tasdiqlanmagan ma‘luotlarga ko‘ra, "Terra Group" shirkatining O‘zbekiston hukumatidagi nufuzli amaldorlarga qarashli boshqa banklarda ham foizli omonat qo‘yilgan hisoblari ham bor.

"Terra group"ning pul aylanmasi shunchalik katta bo‘lganki, uni bitta bank orqali boshqarish qiyinlashib ketgan va pullar boshqa banklardagi foizli depozitlarga joylashtirilgan. Bu banklar R.A va R.Iga (manba bergan ismlarning initsiallari keltirilmoqda-tahr.) qarashli bu banklar "Terra Group"ga har oyda 20 milliondan 35 million so‘mgacha foiz daromadini o‘tkazib turgan", deydi Ozodlik manbasi.

O‘tgan hafta “Terra group” tarkibida faoliyat yuritib kelgan 3 ta radiostantsiya bir vaqtning o‘zida efirdan uzib qo‘yilgan edi.

Zamin FM, A’lo FM va Terra FM radiokanallari efiri to‘xtatilishini “Terra group” mulozimlari proflikatik sabab bilan izohlashgandi.

Undan oldinroq esa Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan 4 telekanal efirdan g‘oyib bo‘lgan edi.

Ayni paytda “Terra Group” faoliyati to‘xtatilgan. “Terra Group”ning o‘z ismini aytmagan xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, shirkat xodimlari ta‘tilga jo‘natilgan.

- Hozir hech kim yo‘q. Buxgalteriyaga qulf solingan. Bizga aytishdi, profilaktika deb. Boshqa hech narsa bilmayman, - dedi “Terra Group” xodimi.

Ayni paytda Gulnora Karimovaning "Fond Forum" faoliyati to‘xtatilgani haqida xabarlar bor.

Lekin, Fond Forum xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda jamg‘arma faoliyati davom etayotganini aytdi.

- Bu hammasi mish-mish, fond faoliyatini davom ettiryapti, - dedi Fond Forumning isminini aytmagan xodimi.

Lekin tele va radiokanallarning Gulnora Karimova homiyligida uyushtirilgan Art Week Style.us san‘at haftaligi o‘tkazilayotgan paytda yopilgani prezident qiziga qarshi harakat, deb baholanmoqda.

Ayni paytda, seshanba kuni Toshkentdan olingan yana bir xabarga ko‘ra, Gulnora Karimova rahbarlik qiladigan yana bir tashkilot - Siyosiy tadqiqotlar markazi faoliyati ham to‘xtatilib, tergov organlari tomonidan taftish qilinmoqda.

Bu xabarni hozircha tasdiqlashning iloji bo‘lgani yo‘q.
XS
SM
MD
LG