Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:16

Jahon chempioni Ruslan Nuriddinov: Qizlarga vaqtim yo‘q, faqat sport!


Ruslan Nuriddinov Polshadagi musobaqa payti.
Ruslan Nuriddinov Polshadagi musobaqa payti.
Andijonlik 22 yashar Ruslan Nuriddinov o‘zbek sportchilari orasida ilk bor og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi. Chempion yigit Ozodlikka bergan eksklyuziv suhbatida keyingi rejasi Braziliyada o‘tadigan olimpiadada muvaffaqiyatga erishish ekanligi haqida gapirdi.

"Boshim aylanib qoldi"


27 oktabr kuni Polьshaning Vrotslav shahrida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida Ruslan Nuriddinov o‘z raqiblarini 21 kiloga ortda qoldirib, 105 kilogacha vazn toifasida erkaklar bahsida jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi.

Ruslan Ozodlikka bergan intervyusida jahon chempioni bo‘lishga ishongani, biroq hozircha bu muvafaqqiyatni to‘la his qilmagani haqida gapirdi.

- Hayajon musobaqadan oldin bo‘ladi. Musobaqa payti hayajon yo‘qoladi. Shohsupaga chiqayotgan vaqtingizda faqat g‘urur bo‘ladi. Vataningizning sharafini himoya qilganingizga, vatandoshlarning kutganlarini oqlaganingizga, hammasi xursandchilikka taqalib ketaveradi... Musabaqadan keyin ota-onam tabrikladilar. Aniq esimda yo‘q kim tabriklagani. Chunki muvaffaqiyatdan keyin ozgina hayajon bosib qoladi baribir ham.

Ozodlik: Boshingiz aylanib qoldimi?

- Ha, boshingiz aylanib qoladi, kallangiz ishlamay qoladi. Shuning uchun haligacha aniq anglaganim yo‘q nima bo‘ldi, jahon chempioni bo‘ldimmi- bo‘lmadimmi¸ hamma “jahon chempionisan” deyapti, lekin o‘zimga unaqa bir hissiyot yo‘qda hali. Anglaganim yo‘q oxirigacha, deydi Ruslan kulgi aralash.

Ruslanning ikki akasi ham og‘ir atletika bilan shug‘ullangan. Besh yoshidan boshlab akalarining mashg‘ulotlarini tomosha qilishga borgan Ruslanning o‘zi ham hali sakkiz yoshiga kirmasdan og‘ir atletika bilan shug‘ullana boshladi.


"Xonabod juda tinch edi!"


Ruslan o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Xonabod shahrida tug‘ilib, o‘sgan. Ruslanning aytishicha, bolalik yillarida Xonabod ancha tinch shahar bo‘lgani bois yoshlar orasida sport bilan shug‘ullanishga imkoniyatlar ko‘p bo‘lgan.

Xonabodlik chempion Ruslan Nuriddinov.
Xonabodlik chempion Ruslan Nuriddinov.
- Men sportga kirib kelgan vaqtimda Xonabod juda tinch, osoyishta joy edi. Hech qanaqa urush, hech narsa bo‘lmagan. Chegaralar ochiq edi. Napryajeniye yo‘q edi. O‘sha paytda bizda ikkita og‘ir atletika zali bor edi, deya eslaydi chempion yigit.

Ruslan 2016 yilgi olimpiadada albatta muvafaqiyatga erishishga ahd qilgan:

- Taxminan 20 kundan keyin prezident kubogi bor Rossiyaning Moskva shahrida. Hozir aniq ma‘lum bo‘lgani yo‘q, boramanmi yoki bormaymanmi, lekin shungacha men trenirovka qilayapman. Hali 20 kun trenirovka qilaman va hech qayerga borolmayman. Keyingi yil jahon chempionati bo‘ladi. U olimpiadagi chiqish imkonini beruvchi jahon chempionati hisoblanadi. To‘g‘ri olimpiadaga yo‘llanma beradigan jahon chempionati hisoblanadi. Biz uchun mas‘uliyatli musobaqa. Keyin Osiyo o‘yinlari bor. Umuman to‘xtash niyat yo‘q. Birinchi vazifam 2016 yili Rio de Janeyroga borish. Bu oldinga qo‘yilgan eng katta vazifa, deydi Ruslan.

Ruslan Ozodlik bilan suhbatda hali oila qurishga erta ekanligi, hozirda "qizlarga qarashga" umuman vaqti yo‘qligi, faqat sport bilan mashg‘ul ekani haqida ham gapirdi. Bu haqda to‘liq ravishda quyida tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:21 0:00
Бевосита линк


Bitta chempionatda birdaniga uchta medal!


Ruslan Nuriddinov Vrotslav shahrida o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida 105 kilo vazn toifasigacha bo‘lgan sportchilar orasida siltab ko‘tarishda 190 kilo, dast ko‘tarishda 235 kilo shtangani ko‘tarib uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Umumiy ko‘rsatkichda o‘zbek paxlavoni 425 kilo natijaga erishib, o‘z raqiblari - ikkinchi o‘rinni olgan David Bedjanyanni 20 kiloga, uchinchi o‘rinni olgan Bartolomey Voytsex Bonkani 21 kiloga ortda qoldirdi.



Ruslan Nuriddinov 1991 yilning 24 noyabrida Andijon viloyatida tug‘ilgan. U o‘zining birinchi oltin medalini Birlashgan Arab Amirliklarida 2009 yilda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan edi.

2011 yilda u Frantsiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medal olgan.

2012 yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan musobaqada Osiyo chempioni unvoniga ega bo‘lib, London Olimpiadasida jahonning eng kuchli og‘ir atletikachilar to‘rtligidan joy olgan.

77 kilo vazn toifasigacha bo‘lgan shtangachilar orasida o‘zbekistonlik Ulug‘bek Alimov kumush va bronza medallarga sazovor bo‘ldi. U dast ko‘tarishda 197 kiloni ko‘tarib kumush medalni qo‘lga kiritdi, umumiy ko‘rsatkichda 355 kilo natijaga yetgani uchun bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG