Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:34

Gulnora Karimova otasini Stalinga mengzatdi


Gulnora Karimovaning Tvitterdagi sahifasidan olingan skrinshot, 2013 yilning 29 oktabri
Gulnora Karimovaning Tvitterdagi sahifasidan olingan skrinshot, 2013 yilning 29 oktabri
O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Tvitter mikroblogidagi o‘z sahifasida otasi Islom Karimovning sovet diktatori Iosif Stalinga o‘xshashiga ishora qiluvchi bitik qoldirdi.

29 oktabr kuni @GulnaraKarimova Tvitterda: “...O‘rtoq Stalin bo‘lgan va bor... va u mening otamdir! Va bu to men o‘lguncha shunday bo‘lib qoladi....” V.Stalin (“Xalqlar Otasining o‘g‘li” filmidan), deb yozdi.

Gulnora Karimovaning bu bitigiga javoban Lidiya Nikitina ismli Tvitter foydalanuvchisi “Biz sizni nima bezovta qilayotganini angladik”, deya luqma tashladi.

Ilvira Mamajonova ismli foydalanuvchi esa Gulnora Karimovani “ota-onamizni o‘z ixtiyorimiz bilan tanlamaymiz, ulardan, jilla qursa, bizga hayot baxsh etganlari uchun ham faxrlanamiz, ota-onalarimiz - bizning faxrimiz”, deya yupatgan bo‘ldi.



Ayni paytda stas ismli foydalanuvchi Karimova xonimga mulohaza bildirishda ehtiyotkorroq bo‘lishni tavsiya qildi.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi o‘tgan haftadan beri aktiv bosim ostida qolgani kuzatilmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, shu kunda O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga aloqador ko‘rilgan aksar muassasalarda taftishlar davom etmoqda. Karimova xonimga daxldorligi aytiladigan tele va radiokanallar efirdan mosuvo qilingan, "Terra Group" shirkatining bankdagi hisob raqamlari esa muzlatilgan.

O‘ziga doxil ommaviy axborot vositalari faoliyati falajlatilganidan so‘ng Gulnora Karimova mazkur voqealarga asosan Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z munosabatini bildirmoqda.

Karimova xonim zikr etgan filmda Sovet Ittifoqini qariyb 30 yil boshqargan va, tadqiqotchilarga ko‘ra, o‘z hukmronligi davrida 750 mingdan ortiq “xalq dushmani”ning yostig‘i qurishiga, 3,5 milliondan ziyod fuqaroning qamoqda chirishiga sabab bo‘lgan sovet diktatori Iosif Vissarionovich Stalin (Jugashvili) va uning oilasi, xususan, sevimli o‘g‘li Vasiliy taqdiri haqida hikoya qilinadi.

Ayni paytda, ayrim tadqiqotchilar Stalinning Ikkinchi jahon urushida sovet qo‘shinlarining g‘alaba qozonishida va urushdan keyingi yillarda mamlakatda tinchlik-osoyishtalikning saqlab turilishida hissasi ulkan ekanini e‘tirof etadilar.

“Xalqlar Otasining o‘g‘li” filmida Stalinning erka o‘g‘li Vasiliyning hayot yo‘li, jumladan, otasining o‘limidan so‘ng u duch kelgan qiyinchiliklar aks etgan.

Stalin o‘limidan so‘ng Vasiliy aksilsovet tashviqoti uchun sakkiz yilga qamalgan. Keyinchalik undan barcha ayblovlar olib tashlangan, biroq Vasiliyga otasining familiyasini tashish va Moskvada yashashga izn bermaganlar.

Vasiliy Iosifovich Stalin (Jugashvili) 1962 yili 41 yoshida Qozon shahrida alkogoldan zaharlanish oqibatida o‘lgan. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, Vasiliyning uchinchi xotini Kapitolina Vasilьeva erining o‘z ajali bilan o‘lganini shubha ostiga qo‘ygan.
XS
SM
MD
LG