Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:47

@GulnaraKarimova hokimiyatga intilmayotganini yozdi


Biroz oldin Twitter sahifasida sovet diktatori Iosif Stalin o‘g‘li haqidagi rus filmidan ta‘sirlanganini yozgan @GulnaraKarimova endi "do‘zaxiy joy", deb ta‘rif bergani "hukmdorlik"ka intilmayotganini bildirdi. Bu kabi bayonotlar orasida u hali qish kelmasdan chirog‘i o‘chib, gazi uzilayotgan O‘zbekiston xalqiga hamdardlik ham bildirib o‘tdi.

30 oktabr kuni Twitter mikroblogida avvalgidan ham faolroq bo‘lib qolgan @GulnaraKarimova gaz va chiroq dardi bilan bog‘lanayotgan folloverlariga o‘zining hukmdor emasligini eslatdi va hokimiyatga intilmayotganini yozdi.

Mamlakat hokimiyatini boshqarayotganni "hukmdor", deb ta‘riflagan @GulnaraKarimova hukmdorning o‘rnini "do‘zaxiy joy" deb baholadi:



"Men-hukmdor emasman!)) va bu do‘zaxiy joyga yetaman, deb o‘lib-tirilayotganim yo‘q...", deb yozdi jumladan @GulnaraKarimova.

Ammo, 2012 yilning dekabr oyida o‘tkazgan matbuot anjumanida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ambitsiyali va ziyoli bir shaxs sifatida o‘zini hech qanday imkoniyatlardan, xususan, prezident bo‘lish imkoniyatidan ham mahrum etmasligini aytgan edi.

O‘shanda Celebrity Scene News PR va RIA Novosti axborot agentligi muxbirlarining: “O‘zingizni O‘zbekistonning potentsial prezidenti sifatida ko‘rasizmi?” degan savoliga Karimova xonim: “Ambitsiyali hamda miyasi joyida va intiluvchan har bir odam potentsial davlat rahbari bo‘lishi mumkin”, deb javob qaytargan edi.

Shuningdek, u: "Men ba‘zida o‘zim uchun potolok (imkoniyatlarim chegarasi demoqchi-tahr) nima, degan savolga javob berishga qiynalaman, lekin o‘zimni rivojlanayotgan inson sifatida aniq chegara qo‘yilmagan kishi deb hisoblayman", deb ta‘kidlagan edi.

Oradan bir yil o‘tib bu da‘vosining tom-teskarisini Twitter mikroblogida bayon qilgan Gulnora Karimova fikrini nima sababdan o‘zgartirganiga izoh bermagan.

Ammo, shu kunlarda aynan shu ijtimoiy tarmoqda deyarli 24 soat davomida bitik qoldirayotgan @GulnaraKarimova uning shu kunga qadar FondForum jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar doirasida qilayotgan ishlari to‘xtab qolganini yozmoqda.



"... mana endi ko‘pchilik tushunib yetadiki, mening qilgan hamma ishlarim - katta mehnat talab qilardi va jimgina o‘tirib hamma narsani yo‘qqa chiqarayotganlar bilan doimiy kurashni talab qilardi", deb yozdi @GulnaraKarimova.

29-30 oktabr kuni Twitter lentasida qoldirgan o‘nlab tvitlari davomida u, hatto, shu mikroblogda yozib turish imknidan ham mahrum qolishi mumkinligiga ishorat qildi.



Boshqacha aytilsa, uning 30 oktabr kuni qoldirgan tvitlari 29 oktabr kungi yozuvlarida sobiq sovet diktatori Iosif Stalinning o‘g‘li Vasiliy Stalin haqidagi film qahramoni taqdiridan nega bu qadar ta‘sirlanganiga biroz oydinlik kiritgandany bo‘ldi.

29 oktabr kuni @GulnaraKarimova Tvitterda: “...O‘rtoq Stalin bo‘lgan va bor... va u mening otamdir! Va bu to men o‘lguncha shunday bo‘lib qoladi....” V.Stalin (“Xalqlar Otasining o‘g‘li” filmidan), deb yozdi.



Gulnora Karimovaning bu bitigiga javoban Lidiya Nikitina ismli Tvitter foydalanuvchisi “Biz sizni nima bezovta qilayotganini angladik”, deya luqma tashladi.

Ilvira Mamajonova ismli foydalanuvchi esa Gulnora Karimovani “ota-onamizni o‘z ixtiyorimiz bilan tanlamaymiz, ulardan, jilla qursa, bizga hayot baxsh etganlari uchun ham faxrlanamiz, ota-onalarimiz - bizning faxrimiz”, deya yupatgan bo‘ldi.

Ayni paytda stas ismli foydalanuvchi Karimova xonimga mulohaza bildirishda ehtiyotkorroq bo‘lishni tavsiya qildi.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi o‘tgan haftadan beri aktiv bosim ostida qolgani kuzatilmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, shu kunda O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga aloqador ko‘rilgan aksar muassasalarda taftishlar davom etmoqda. Karimova xonimga daxldorligi aytiladigan tele va radiokanallar efirdan mosuvo qilingan, "Terra Group" shirkatining bankdagi hisob raqamlari esa muzlatilgan.

O‘ziga doxil ommaviy axborot vositalari faoliyati falajlatilganidan so‘ng Gulnora Karimova mazkur voqealarga asosan Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z munosabatini bildirmoqda.

Karimova xonim zikr etgan filьmda Sovet Ittifoqini qariyb 30 yil boshqargan va, tadqiqotchilarga ko‘ra, o‘z hukmronligi davrida 750 mingdan ortiq “xalq dushmani”ning yostig‘i qurishiga, 3,5 milliondan ziyod fuqaroning qamoqda chirishiga sabab bo‘lgan sovet diktatori Iosif Vissarionovich Stalin (Jugashvili) va uning oilasi, xususan, sevimli o‘g‘li Vasiliy taqdiri haqida hikoya qilinadi.

Ayni paytda, ayrim tadqiqotchilar Stalinning Ikkinchi jahon urushida sovet qo‘shinlarining g‘alaba qozonishida va urushdan keyingi yillarda mamlakatda tinchlik-osoyishtalikning saqlab turilishida hissasi ulkan ekanini e‘tirof etadilar.

“Xalqlar Otasining o‘g‘li” filmida Stalinning erka o‘g‘li Vasiliyning hayot yo‘li, jumladan, otasining o‘limidan so‘ng u duch kelgan qiyinchiliklar aks etgan.

Stalin o‘limidan so‘ng Vasiliy aksilsovet tashviqoti uchun sakkiz yilga qamalgan. Keyinchalik undan barcha ayblovlar olib tashlangan, biroq Vasiliyga otasining familiyasini tashish va Moskvada yashashga izn bermaganlar.

Vasiliy Iosifovich Stalin (Jugashvili) 1962 yili 41 yoshida Qozon shahrida alkogoldan zaharlanish oqibatida o‘lgan. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, Vasiliyning uchinchi xotini Kapitolina Vasilьeva erining o‘z ajali bilan o‘lganini shubha ostiga qo‘ygan.
XS
SM
MD
LG