Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:32

O‘zbekistonda sovqota boshladilar, issiqlik qachon berilishi noma‘lum


“Toshkentda kechalari juda sovuq – 0 daraja atrofida. Lekin ko‘p qavatli uylarga issiqlik berilgani yo‘q”.

Ozodlik tinglovchisidan bu shikoyat yetib kelgan kuni Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytida hokimlik “Toshkent shahar issiqlik manbalaridan aylanma harakatni ishga tushirish to‘g‘risida” 28 oktabr kuni qaror qabul qilgani to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi.

Lekin xabar mazmunidan poytaxt bo‘ylab yoppasiga isitish qachon boshlanishi tushunilmaydi.

Ozodlik muxbirining aniqlashicha, viloyatlarda ham isitish mavsumi qachon boshlanishi noma‘lum qolmoqda.

Toshkent shahar hokimining 840-qarori to‘g‘risidagi rasmiy sayt xabarida “Toshkent issiqlik elektrmarkazi” OAJ, “Toshkent issiqlik markazi” OAJ, “Toshissiqquvvati” IChB unitar korxonalariga shahar xo‘jaligini 2013-2014 yilgi isitish mavsumiga tayyorlash dasturiga binoan markazlashgan issiqlik ta‘minoti tizimining barcha qismlarini tekshirish imkoniyatini ta‘minlash uchun 28 oktyabrdan boshlab Toshkent shahar issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakatini ishga tushirishni ta‘minlash” topshirilgani aytilgan.

Lekin xabar davomidan isitish mavsumi 28 oktyabrdan boshlanadi, degan ma‘no chiqmaydi: “...tuman hokimliklari nazorati ostida bolalar va davolash muassasalarini sinov tariqasida isitilishga kirishilishi belgilandi” deyilgan rasmiy sayt xabarida.

Respublika Gidrometeorologiya xizmatining rasmiy saytiga ko‘ra, 30 oktyabrь kech soat 8 dan 31 oktyabrь kech soat 8 gacha tunda 4-6 daraja, kunduzi 11-13 daraja iliq bo‘ladi.

"Toshissiqlikquvvat" korxonasining o‘zini tanishtirmagan mas‘ul amaldorlaridan birining Ozodlikka aytishicha, issiqlik mavsumi qatorasiga so‘nggi 5 kunning bir kecha-kunduzdagi o‘rtacha harorati +7dan baland bo‘lmagan taqdirda boshlanadi.

Isitish mavsumi viloyatlarda ham boshlangani yo‘q.

Masalan, Angrendagi ko‘pqavatli uylar va sotsial ob‘ektlarni isitishga mas‘ul korxona vakili Ozodlik savoliga javob berar ekan, “isitishni Toshkentdan buyruq kelganida boshlaymiz”, dedi.

Boshqa bir qator shahar “isituvchilaridan” ham shunday javob oldik.

Ayni paytda oddiy fuqarolar isitish mavsumini boshlash zaruratini harorat ko‘rsatkichlari hisob-kitobiga qarab emas, uyi va ishxonasidagi haroratga qarab his qiladi.

Jizzaxdagi davlat muassasalaridan biri xodimasi Ozodlik savollariga bunday javob berdi:

Ozodlik: Issiqlik sizlarga berildimi? Siz o‘tirgan binoda issiqlik bormi?

- Yo‘q hali. Biz sovqotayapmiz. Baribir havo sovuqda. Uyimiz rosayam sovuq.

Ozodlik: Uyni o‘zinglar isitsanglar bo‘lmaydimi?

- Uyda gaz yo‘q. Gaz yo‘q bo‘lsa qanday isitamiz?

Ozodlik: Gazga ulanganmi ëki umuman gaz kelmaganmi?

Ulangan. Gaz kelgan. Gazning o‘zi yo‘q.

Ozodlik: Elektr pechka qo‘ysanglarchi?

- Elektr pechka qo‘ysak, schëtchigimiz tashlab yuboradi.

Bu Jizzaxdagi ahvol edi.

Uzoq Taxiatoshda ham shunday ko‘rinish. Bu yerdagi Issiqlik elektr stantsiyasi xodimidan so‘radik:

- Uyingiz issiqmi?

- Yo‘q, sovuq. Gaz oz.

Bir necha yildan beri o‘zbekistonliklarning aksariyati gaz va elektr quvvati taqchilligidan qishda sovuqqotib kelmoqda. Yildan-yilga odamlarning kuni o‘tin-ko‘mirga qolmoqda.

Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida yashovchi Akbar aka bu yilgi qishni o‘tin yoqib chiqarmoqchi.

Ozodlik: Akbar aka, qishga tayërmisiz? Ko‘mir, o‘tin g‘amlab oldingizmi?

- Ko‘mir yo‘q, o‘tin oldik.

Ozodlik: Ko‘mir nima uchun yo‘q?

- Bilmadim. Hali daragi yo‘q, kelgani yo‘q.

Ozodlik: Gaz yo‘qmi gaz?

- Gaz ikki yil bo‘ldi uzib qo‘yganiga Paxtachidan.

Ozodlik: Gazni o‘chirib qo‘yganmi?

- O‘zi u ëqdan kelmaydi. Tubi yo‘qda. Katta liniyada yo‘q gaz, kelmayapti.

Ozodlik: O‘tinning qanchasini necha pulga oldingiz? Qanaqa o‘tin oldingiz?

- 180 ming so‘mga oldik.

Ozodlik: Biror mashina chiqadimi u?

- Ha, bir telejkada.

Ozodlik: Qish chiqara olasizmi o‘sha o‘tin bilan?

- Ha, qishni chiqaradi. Mevali daraxtlarning o‘tini borku, shunaqadan ham bir telejka olamizda.

Ozodlik: Yana olasizmi?

- Ha, olamizda yana. Qish kelaversin qani, dedi Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida yashovchi Akbar
XS
SM
MD
LG