Линклар

Andijon Davlat universitetining 3-bosqich talabasi Zulfira Ahmedova va uning onasini paxta terimiga yollangan mardikor pichoqladi.

Zulfira voqea sodir bo‘lgan joyda halok bo‘ldi, uning onasi esa kasalxonaga yotqizildi.

Ozodlikning huquq-tartibot organlaridagi manbasiga ko‘ra, terimchi mardikor paxtadan qaytgandan so‘ng, kelishilgan pulini Zulfira Ahmedovadan ololmagach, uning joniga qasd qilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Zulfira Ahmedova salomatligi yomonligi, bu haqda do‘xtirdan ma‘lumotnomasi borligiga qaramay,paxta terimiga chiqishga majburlangan. Noiloj qolgan talaba Jalolquduq tumanida yashaydigan Botir ismli yigitni o‘z o‘rniga yollagan:

- Botir paxtadan qaytgandan so‘ng Zulfiraning uyiga borib, kelishgan pulini talab qilgan. Ikkinchi tomon pulni kam berganmi yoki bermaganmi, ishqilib o‘rtada janjal chiqqan. Natijada, Botir ona-bolani pichoqlab tashlagan, dedi Ozodlik manbasi.

Andijon viloyati huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi ham janjal paxta puli tufayli kelib chiqqanini tasdiqladi:

- Jalolquduq tumanining janubiy Olamushuk shaharchasida yashovchi 25 yoshli Botir Yo‘lboyev Olamushuk shaharchasidagi Savot ko‘chasining 87 uyida yashagan 21 yoshli Zulfira Ahmedova va uning onasi 44 yoshli Zarifa Ahmedovani 23 oktyabr kuni kechqurun pichoqlagan. Zulfira voqea joyida halok bo‘lgan, uning onasi esa kasalxonada og‘ir ahvolda yotibdi. Botir Yo‘lboyev dastlabki tergovda Zulfiraning o‘rniga paxta terimiga chiqqanini, biroq ishlagan kuniga kelishilgan pulni ololmagani uchun, jinoyatga qo‘l urganini tan oldi, dedi huquq-tartibot idorasidagi manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan Andijon Davlat universiteti o‘qituvchisining mikrofonsiz suhbatda Ozodlikka aytishicha, Zulfira Ahmedova o‘tgan yili salomatligi yomonligi bois, VKK hujjatini taqdim qilgan va paxtadan qoldirilgan edi:

- Bu yil talab qattiq bo‘ldi. VKKsi borlarga ham o‘rningga odam topib jo‘natasan, degan shart qo‘yildi. Zulfira ham hamshahari bo‘lgan bu bolani topib jo‘natgan ekan, dedi universitet o‘qituvchisi.

O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilari ikki yildan buyon paxta terimiga chiqarilmayotgani bois, bu kampaniyaga majburiy safarbar etilayotgan ishchi va xizmatchilar, bemor talabalar o‘z o‘rniga mardikor yollashga majbur bo‘ldi.

Bu yilgi paxta mavsumida Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan qurbonlar soni kamida o‘n nafarga yetdi: Andijon Davlat universitetining geografiya fakulteti uchinchi bosqich talabasi, 21 yoshli Zulfira Ahmedova 23-oktabr kuni paxta kampaniyasining Ozodlik bilgan o‘ninchi qurbonidir.

16 yoshli Erkaboy Yo‘ldoshev 21 oktabr kuni Xorazm viloyati Urganch tumanining G‘alaba qishloq fuqarolar yig‘ini hududida paxta terayotgan paytda vafot etgan.

18 oktabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Yonboshqal‘a massivida yashovchi 38 yoshli fermer Safarboy Karimovning jasadi o‘z paxta dalasidagi daraxtga osilgan holda topildi. Manbalarga ko‘ra, fermer paxta rejasini bajara olmayotgani uchun mutasaddilar tomonidan haqorat qilinganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan.

30 sentabr kuni Namangan Davlat Universiteti talabalari paxta terayotgan Mingbuloq tumanining Gulbog‘ qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi talabalar yotgan 52-bog‘chada 22 yoshli 4-kurs talabasi J.I. Uychi tumanida yashagan kursdoshi Nuriddin Xoldorovni kaltaklab o‘ldirgan.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Kallamozor qishlog‘ida yashagan 31 yashar Xayrulla Normatov 4 oktabr kuni Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi paxtazorda jon taslim qildi.

Nukus shahridagi 1-Tibbiyot kollejining 2-kursida tahsil olgan Yembergenova Malika Daryoboyevna 23 sentabrda Taxtako‘pir tumanidagi Atako‘l qishloqchasidagi yotoqda o‘z joniga qasd qildi.

Do‘stlik tumanida fermerlik qilayotgan Abdug‘ani Jumaboyevning kelini (ismi sharifini aniqlash imkoni bo‘lmadi - Ozodlik) paxta terayotgan paytda o‘lib qolgan. Bu haqda 28 sentabrda ma‘lum bo‘ldi.

15 sentabr kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumani Narchoq qishlog‘ida 6 yashar bolakay Amirbek Rahmatov paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga terimchilar tergan paxta tagida bo‘g‘ilib o‘lgan.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi shu fakultet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentabr kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi, yana biri kasalxonada jon berdi.

9 sentabr kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG