Линклар

31 oktabr kuni O‘zbekistonda tashkil etilgan birinchi nodavlat mustaqil televideniye “Samarqand TV” faoliyati to‘xtatildi. Shu kuni samarqandliklar televizorlarida kanal o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘ldi.

Payshanba kuni, 31 oktabrdan boshlab “Samarqand TV” telekanali efirga chiqmay qo‘ydi.

Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbalariga ko‘ra, har kuni odatdagi ko‘rsatuvlar o‘rnida hech narsa ko‘rsatilmayapti.

Manbalarga ko‘ra, televideniye ko‘rsatuvlarining o‘chirilishi haqida tomshabinlar oldindan ogohlantirilmagan.

Ozodlik ko‘rsatuvlar nega to‘xtatilgani haqida “Samarqand TV” tahririyatining bir necha telefoniga qo‘ng‘iroq qildi, biroq bu qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, telekanal faoliyati huquq-tartibot idoralari tomonidan taftish qilishga kirishilgan.

21 oktabr kuni ertalab soat 10 da efirdan to‘satdan g‘oyib bo‘lgan Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS kanallari rahbariyatiga "litsenzion shartlarga rioya qilmaganligi va qayd qilinmagan pul oqimini tashkil etgani" yuzasidan ayblovlar ilgari surilgani xabar qilingan edi.

Payshanba kuni Gulnora Karimovaning o‘zi Twitter sahifasi orqali "Terra Group" shirkatiga qarshi ayblovlar ilgari surilganini tasdiqladi.

"Terra-ga 2009 yilda audit va soliq tomonidan tasdiqlatilgan qog‘oz bo‘yicha muassislarga soliq to‘lamaganlik to‘g‘risida "so‘rib chiqarilgan" ayblovlarni yopishtirishmoqchi", deb yozdi prezidentning qizi.

O‘zbekiston Davlat axborotlashtirish va aloqa agentligida ishlaydigan manbaga ko‘ra, ana shu agentlik qoshida tuzilgan maxsus komissiya Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qiladigan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va unga qarashli barcha nodavlat televideniyelarni, radiolarni tekshirishga kirishgan.

Bu tekshirishni O‘zbekiston Bosh prokuraturasining soliqqa oid jinoyatlar departamenti olib boryapti.

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqovning ishi ayni paytda dastlabki tergovda ekanligi aytiladi.
XS
SM
MD
LG