Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:54

“Qo‘qonda 1 litr benzin 8000 so‘mga chiqdi”


O‘zbekistonda bir necha kun avval boshlangan yonilg‘i taqchilligi hamon keskinligicha qolmoqda.

Mamlakat poytaxtidagi AYoQShlar oldida benzin kutib turgan mashinalar navbati bir necha chaqirimga cho‘zilib ketayotgani kuzatilmoqda.

Viloyatlardagi AYoQShlarda bir necha kundan beri yonilg‘i mutlaqo yo‘q.


Qo‘qonda 4 kundan beri benzin yo‘q


Ozodlikning Qo‘qonlik manbasi “31 oktyabr kuni 1 yarim litrlik baklashkadagi benzinni 12 ming so‘mga sotib olishga majbur bo‘lgani” to‘g‘risida xabar qildi.

Boshqa bir qo‘qonlik – Ergashboy Qo‘shmatov shahardagi AYoQShlarda so‘nggi 4 kundan beri benzin yo‘qligini aniqladi.

- Hozir zapravkaning oldidaman, uchtasidan o‘tdim. To‘rt kundan beri benzin yo‘q ekan.

- Qo‘qonda bir litr benzin 8 ming so‘mga chiqib ketganiga ishonasizmi?

- Ha, endi zarur bo‘lib qolsa, 100 minggayam olaveradida!


Sho‘rchida bezin faqat qo‘lda


Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida benzin narxi Qo‘qondagiday birdan ko‘tarilib ketmaydi. Bu yerda odamlar benzinni qo‘ldan oladi, anchadan beri AYoQShlarda benzin bo‘lmaydi. O‘sha yerdagi tinglovchimiz bunday dedi:

- 3500gacha sotiladi qo‘lda. Ancha bo‘lib ketgan o‘zi zapravkalarda sotilmaganiga.

- Qo‘lda sotiladimi?

- Qo‘lda sotiladi. Baklashkalarda sotiladi, uylarda sotiladi.

- Bir litr benzin necha pul sizlarda?

- Men uch kun ilgari to‘rt litr benzin oldim. 3500 so‘mdan oldim.

Yakkabog‘da benzin 1 oyda 2 marta bo‘ladi

Qashqadaryoning Yakkabog‘ida yashaydigan Zafarbekning aytishicha, u yashaydigan hududdagi AYoQShlarga benzin bir oyda bir marta keladi.

- Sizlarda benzin bormi?

- Yo‘g‘e, benzin yo‘q.

- Qachondan beri yo‘q?

- Oyda bir marta tarqatadi solyarkalarni.

- Odamlar nimada yuradi mashinasida oyda bir marta tarqatsa?

- Odamlar u yoqdan bu yoqdan benzin olib keladi. 3000-3500dan benzin olamiz.


Taxiatoshda 1 haftada 2 marta


Qoraqalpog‘istonning Taxiatoshidagi ahvol Yakkabog‘dagidan durustroq. Bu yerdagi AYoQShlarda bir haftada ikki marta benzin sotiladi. Taxiatoshlik Abdulladan so‘radik.

- Zapravkalarda bemalol benzin quyish mumkin emas. Kelgan payti quyamiz.

- Bir kunda necha soat ishlayapti zapravka?

- Haftada ikki marta keladi.

To‘rtko‘lda Taxiatoshdagiday

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘lidagi ahvol ham Taxiatoshdagidan farq qilmaydi, Bu yerda ham benzin qo‘lda. Litri 3,5 – 4 ming so‘m. Solyara 3 ming so‘m.


Muqobil yonilg‘i


Muqobil yonilg‘i – suyultirilgan gazning ham, siqilgan gazning ham taqchilligi boshlangani sezildi.

Yakkabog‘da propan qimmatladi.

- Gaz bor lekin. Metan ham bor, propan ham bor. Lekin propanning narxi ko‘tarildi.

- Necha pulga yetdi?

- Propan hozir 1700 so‘mga chiqdi. O‘zi 1100-1200 so‘m edi.

- Qachon?

- Bir oy oldin edida. 15-20 kun oldin edi.

Sho‘rchida 30 oktyabrь kuni propan bo‘lmadi

- Metan bilan propan bemalol emas, anchadan beri yo‘q. 1700 so‘m edi. Kecha propan yo‘q edi zapravkada.


To‘rtko‘lda gaz bor. Hozircha...


- Gaz To‘rtko‘lda bor. Ikkita joyda quyadi. Yangi qurildi. Hali ko‘p mashina unga o‘tmadida endi.

Poytaxtda benzin taqchilligi boshlanganiga bir necha kun bo‘ldi.

Toshkentlik tadbirkor Said Ahmedovning aytishicha, bundan bir hafta oldin vaziyat yaxshi edi.

- Benzinim hali bor. Shuning uchun zapravkaga kirayotganim yo‘q.

- Bir hafta oldin qaysi zapravkada benzin quygansiz?

- Malika yarmarkasining yonidagi “Istiqlol” zapravkasida.

- O‘shanda navbat bormidi?

- To‘rtta-beshta mashina bor edi xolos.


Taqchillik yumshay demayapti


31 oktabr kuni tushdan keyin Toshkentning Ulug‘bek ko‘chasidagi Nice Petrol AQYoShi oldida benzinga navbat kutib qariyb 60ta, Feruza massividagi Petrol Sistem AYoQShi oldida 50 ning atrofida mashina bor edi. Har ikki zapravka operatorlari “benzin kechgacha yetib qolsa kerak”, deb umid bildirdi.

Ozodlikning Toshkentdagi hamkorlaridan biriga ko‘ra, poytaxtdagi benzin taqchilligi yumshay demayapti.

Uning aytishicha, 30 oktabr kuni oqshomida Intran Servis AYoQShi oldidagi 4 qatorli navbat Jar stadioni oldigacha cho‘zilib ketgan, taxminan 180 ta mashina turgan.


Taqchillik sababi (laridan biri?)


UzGazOil shirkati rahbariyatiga yaqin ishonchli manbaning aytishicha, bu shirkatning poytaxtdagi 20 ga yaqin AYoQShidan 4 tasigina ishlamoqda. Uning aytishicha, benzin taqchilligiga sabab Buxorodagi zavodning kerakli hajmda mahsulot ishlab chiqara olmayotganidadir.


G‘alati tilxat


31 oktabr kuni Ozodlikka go‘yoki AYoQShlar boshliqlari imzolashi lozim bo‘lgan tilxat blankasi nusxasi yetib keldi.

Ozodlikka yuborilgan tilxat nusxasi.
Ozodlikka yuborilgan tilxat nusxasi.


Blankaga tushirilgan matn mazmuniga qaraganda, AYoQSh boshlig‘i bitta avtomobilga 10 litrdan ortiq benzin sotmaslik kafolatini berishi lozim.

UzGazOil shirkati rahbariyatiga yaqin ishonchli manba Ozodlikka bu blankaga hali ko‘zi tushmaganini, lekin shirkatda avval shunga o‘xshash tilxat olish amaliyoti bo‘lganini, avvalgi tilxatlarda limit 20 litr qilib belgilangani aytdi.
XS
SM
MD
LG