Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:36

Jenevada Toshkent siyosatini oqlay olmagan Akmal Saidov stol mushtlashga o‘tdi


Akmal Saidov
Akmal Saidov
29 oktabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi idorasi qoshidagi Qiynoqlarga qarshi qo‘mitada O‘zbekiston rasmiy vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘inda BMT ekspertlarining jiddiy savollariga javob bera olmagan Toshkent delegatsiyasi rahbari¸ guvohlarga ko‘ra¸ baqir-chaqir va stol mushtlash orqali hukumat siyosatini himoya qilishga uringan.

O‘zbekiston hukumati Qiynoqlarga qarshi BMT konventsiyasiga 1995 yilda qo‘shilgan va o‘zbek parlamenti bu hujjatni ratifikatsiya ham qilgan. Ammo mustaqil kuzatuvchilar O‘zbekiston hukumatini bu konventsiyani amalda qo‘pol tarzda buzib kelayotganlikda ayblaydi.

29 oktabr kuni kuni O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi idorasi qoshidagi Qiynoqlarga qarshi qo‘mita ekspertlari bilan uchrashdi.

Har to‘rt yilda o‘tkaziladigan bu muloqotda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘tgan yillar davomida mamlakatdagi inson huquqlari vaziyatining yaxshilanganini iddao qildi.

Saidovga ko‘ra¸ o‘tgandagi muhokamalarda BMT qo‘mitalari tomonidan berilgan tavsiyalar O‘zbekiston hukumati tomonidan muntazam amalga oshirilmoqda va bu borada qabul qilingan milliy dastur amalda o‘z samarasini bermoqda.

BMT qo‘mitasining O‘zbekiston delegatsiyasi bilan yig‘ini arafasida 28 oktabr kuni inson haqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi qator xalqaro tashkilot namoyandalari BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mita vakillari bilan uchrashib¸ O‘zbekistondagi asl vaziyatga oid o‘z tadqiqot va xulosalarini taqdim qildilar.

Amnesty International guruhi tadqiqotchisi Julia Hall bu uchrashuv¸ qolaversa 29 oktabr kungi muloqotda ishtirok etgan mustaqil huquq faollaridan biri.

Uning Ozodlikka aytishicha¸ O‘zbekiston delegatsiyasi bilan suhbatda ishtirok etgan nufuzli BMT ekspertlari Toshkent namoyandalariga¸ ular iddaosiga teskari tarzda¸ mamlakatda qiynoqlarning sistematik xarakterda qolayotganini ta‘kidlaganlar.

Bu ekspertlar shuningdek¸ bolalar mehnati¸ ayollarning majburan sterilizatsiya qilinayotgani¸ mustaqil nohukumat guruhlari va jurnalistlarning O‘zbekistondagi ayanchli ahvoliga oid jiddiy faktlarga asoslangan savollar bergan.

Ammo obro‘li mutaxassislarning xushmuomala bilan bergan bu savollariga Akmal Saidov qaytargan javob bor ovoz bilan baqirish va stolni mushtlash bo‘ldi¸ deydi Julia Hall:

- Nafaqat nohukumat tashkilotlari¸ balki mustaqil BMT mutaxassislari¸ hukumatlararo tizimlardan to‘plangan O‘zbekistonda qiynoqlar¸ inson haqlarining toptalishi¸ so‘z va e‘tiqod erkinligining yo‘qligi¸ majburiy bolalar mehnati vaziyatini tasvirlaydigan jiddiy isbot-dalillar qarshisida Toshkent delegatsiyasi imkonida baqirish¸ shallaqilik qilish va stol mushtlashdan boshqa chora qolmadi. Akmal Saidov o‘z oldiga qo‘yilgan ulkan isbot-dalillarning birortasini inkor qila olmasligini tushunib turib¸ bu hujjatlarni hozirlagan jiddiy ekspertlarni yolg‘onchiga chiqardi¸ ularni siyosiy motivlar asosida O‘zbekiston obro‘siga dog‘ tushirishga urinayotganlikda aybladi¸deydi Ozodlik bilan suhbatda Amnesty International tashkilotining BMT qo‘mitasi yig‘inida bevosita qatnashgan tadqiqotchisi Julia Hall.

Aslida O‘zbekiston delegatsiyasiga topshirilgan vazifani uddalashning imkoni yo‘q – mamlakatda inson haqlarining toptalayotgani¸ xususan 2013 yilgi paxta mavsumida bolalar majburiy mehnatidan foydalanishning davom etayotganiga oid inkor qilib bo‘lmas faktlar bor¸ deb davom etadi huquq faoli:

- Bu yilgi paxta kampaniyasi muvaffaqiyatli tarzda hujjatlashtirildi. Agar davlat bolalar va kattalarni paxtaga majburlamagan bo‘lsa¸ aksari o‘quvchi-talaba bo‘lgan 8 nafar qurbon qayerdan paydo bo‘ldi? Agar mahalla va hokimiyat tazyiq qilmagan bo‘lsa¸ onasi bilan paxtaga chiqishga majbur qolgan 6 yashar bola qanday qilib dalada paxta tagida qolib o‘ldi? O‘zbekiston delegatsiyasi bu faktlarni inkor qila olmasligini bilgach¸ baqirishga¸ bizni yolg‘onchilikda ayblashga o‘tdi¸ deydi mustaqil tadqiqotchi.

"BMT qoshidagi Qiynoqlarga qarshi qo‘mitada har to‘rt yilda o‘tkaziladigan muloqotdan maqsad¸ O‘zbekiston hukumati bilan inson haqlari va erkinlar borasida mavjud muammolarni halol va ochiq tarzda muhokama qilish va bu muammolarni bartaraf qilish borasida birga ishlashdir. Ammo biz kabi nohukumat tashkilotlari bilan muloqotni mutlaq to‘xtatgan O‘zbekiston rasmiylarining BMT mustaqil ekspertlari bilan jiddiy muloqotni bunday teatr tomoshasiga aylantirishi bu yig‘inlarni¸ afsuski¸ keraksiz tadbirga aylantirib qo‘ymoqda¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda markazi Londonda joylashgan Amnesty International tashkiloti tadqiqotchisi Julia Hall.
XS
SM
MD
LG