Линклар

AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanktsiyalari ro‘yxatiga O‘zbekistondagi kriminal avtoritet G‘afur Rahimovning ikki sherigi qo‘shildi.

Rahimov asosiy tashkilotchi sifatida ko‘rilgan jinoiy “Birodarlik xalqasi”ga a‘zolikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Sergey Moskalenko va Isroil fuqarosi Yakov Ribalskiy AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi ro‘yxatiga kiritildi.

Shveytsariyaning Lyutsern shahrida istiqomat qiluvchi O‘zbekiston fuqarosi Sergey Moskalenko va Isroilda istiqomat qiluvchi Yakov Ribalskiy G‘afur Rahimov tashkil qilgani aytilgan Markaziy osiyodagi narkotraffikka aloqador deya ko‘rilgan.

AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi ro‘yxatiga kirgan “Birodarlik xalqasi” a‘zolari shu tariqa 28 nafarga yetdi.

O‘tgan yilning 23 fevral kuni AQSh Moliya vazirligi asosan postsovet hududi va Yaponiyada faol bo‘lgan ikki yirik xalqaro jinoiy to‘daga qarshi jiddiy amaliy hujumga o‘tib¸ bu to‘dalarning AQSh banklaridagi hisoblarini muzlatdi va AQSh fuqarolarining ular bilan har qanday hamkorligini taqiqlagan edi.

O‘tgan yili tuzilgan bu ro‘yxatga O‘zbekiston fuqarosi, Osiyo Boks federatsiyasining o‘shandagi prezidenti¸ Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, O‘zbekistondagi yirik biznes tizimlari egasi G‘afur Rahimov kiritilgan edi.

"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deyiladi AQSh Moliya vazirligi o‘z rasmiy saytida e‘lon qilgan hujjat matnida.

Hujjatda “Birodarlik xalqasi” deb atalgan mazkur guruh a‘zolarining Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlarida faoliyat yuritib kelayotgani aytiladi.

Grigoriy Leps.

Grigoriy Leps.

Rossiyalik taniqli ashulachi Grigoriy Leps (haqiqiy ismi Lepsveridze) ham bu ro‘yxatga qo‘shildi.Rossiya matbuotiga ko‘ra¸ ashulachi Lepsning G‘afur Rahimov bilan suhbati Rossiya maxsus hizmatlari tarafidan yozib olingan.

Sanktsiya joriy qilingan “Birodarlik xalqasi” a‘zolarining aksari bir necha davlat fuqarolari bo‘lgani holda¸ (Vasiliy Xristoforov (Rossiya), Qamchibek Kolbayev (Qirg‘iziston), Vladislav Leontev (BAA, Gretsiya, Gana, Venesuela), Aleksandr Manuylov (Rossiya), G‘afur Rahimov (O‘zbekiston), Lazar Shaybazyan (O‘zbekiston), Aleksey Zaytsev (BAA, Gana, Rossiya) hujjatda G‘afur Rahimovning ikki har xil nom bilan olingan ikkita O‘zbekiston pasportiga ega ekani qayd etilgan.

Bu guruhning sanktsiyaga tortilgan a‘zolari orasida G‘afur Rahimovdan tashqari yana bir O‘zbekiston fuqarosi - Lazar Shaybazyan ham bor. AQSh Moliya vazirligining bildirishicha¸ Shaybazyan "Birodarlik xalqasi" yetakchilaridan biri Vladislav Leontevning yaqin odami sifatida uning nomidan ish ko‘rib kelmoqda.

AQSh Moliya vazirligi bayonotida sanktsiyalar joriy qilingan shaxslarning ism-sharflari, qaysi davlat fuqarosi ekani, yashash manzillari, pasport raqamlari va boshqa ma‘lumotlar ham keltirilgan.

AQSh Moliya vazirligi bayonotida mazkur shaxslarga qarshi sanktsiya joriy qilishdan maqsad AQSh moliya tizimini himoyalash, AQSh moliyaviy tashkilotlarini o‘zi bilmagan holda mazkur guruhning noqonuniy faoliyatiga aralashib qolishdan himoyalash ekani bildirilgan.

Ayni paytda, jazo choralari tilga olingan shaxslarning AQSh iqtisodiyotiga kirib kelishining oldini olishni ham ko‘zda tutadi

AQSh sanktsiyasiga tortilgan aksar jinoiy to‘da rahbarlari¸ xususan G‘afur Rahimovning bu ro‘yxat e‘lon qilingan paytda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yashagani aytilgan edi.

Bir muddat Dubayda istiqomat qilgan o‘zbekistonlik tadbirkorning ismini aytmaslik sharti bilan Ozodlikka ma‘lum qilishicha G‘afur Rahimov Dubaydan Turkiyaga ko‘chib o‘tgan.

- O‘zbekiston hukumati rasmiylarining Dubay bilan jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish borasida kelishuv imzolagani bu tadbirkorlarni cho‘chitib qo‘ydi¸ deydi suhbatdosh.

AQSh vazirligi qora ro‘yxatga qo‘shgan “Birodarlar xalqasi”dagi kriminal avtoritetlardan G‘afur Rahimovga qarshi u fuqarosi bo‘lgan O‘zbekistondagi huquq tartibot idoralari tomonidan ayblov qo‘yilgani haqida Ozodlikda ma‘lumot bor.

O‘zbekiston jinoyat olamidagi eng nufuzli avtoritetlardan biri deb ko‘riladigan G‘afur Rahimovga nisbatan Jinoyat Kodeksining uchta moddasi bilan joriy yilning 13 fevral kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston davlat mukofoti laureatini hibsga olish to‘g‘risidagi Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi buyrug‘i militsiya xodimlari orasida tarqatilgan.

Rahimovning qidiruvga berilgani bo‘yicha hujjat

Rahimovning qidiruvga berilgani bo‘yicha hujjat

Toshkent IBB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Turg‘unov imzo chekkan xabarnomada aytilishicha, 63 yoshli Rahimov G‘afur-Arslonbek Ahmedovich O‘zbekiston jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 228-moddasi (Davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida qidiruvga berilgan.

G‘afur Rahimov o‘tgan yili O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va Boks milliy uyushmasi rahbari lavozimlaridan chetlatilgan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, G‘afur Rahimovning O‘zbekistondagi mulki, jumladan turli sohalarni qamrab oluvchi yirik biznesi tortib olingan.

80-yillardan boshlab O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi kriminal to‘dalar ichidagi nufuzini kuchaytirib kelgani aytiladigan G‘afur Rahimov Toshkent hukumati tomonidan mamlakat sporti, xususan, boksini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan yirik tadbirkor sifatida e‘tirof etilib, shaxsan prezident Karimov tomonidan olqish va mukofotlarga sohib etilgan.

Shu bilan birga bundan 13 yil muqaddam Sidneydagi Olimpiada o‘yinlarida Osiyo olimpiya qo‘mitasi rasmiysi sifatida qatnashishga borgan G‘afur Rahimovni Avstraliya xavfsizlik idoralari “xalqaro narkobaron” degan shubha bilan mamlakat hududiga kiritmagan va bu voqea xalqaro maydonda shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan biznesdagi mavqeini saqlab qolish uchun raqobatga kirishganidan so‘ng G‘afur Rahimov hukumat, xususan, Islom Karimov marhamatidan mosuvo bo‘lgan va 2010 yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan.
XS
SM
MD
LG