Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:21

Suriyada "jihod qilgan" qirg‘izlardan biri halok bo‘ldi


Suriyaga otlangan qozog‘istonlik "jihodchi"lar.
Suriyaga otlangan qozog‘istonlik "jihodchi"lar.

Qirg‘izistonning Qizilqiya shahridan Suriyadagi jihodga ketgan 7 odamdan biri Shom shahrida halok bo‘lgani aytilmoqda. Xabarlarga qaraganda uning yaqinlari halok bo‘lgan yigitga sirtdan janoza o‘qitgan. Biroq halok bo‘lgan odamning jasadi Qirg‘izistonga olib kelinmagan va uning qayerga dafn etilgani ham noma‘lum.

Shu yilning aprelida Qirg‘izistonning Qizilqiya shahridan 7 kishi Suriyaga jihod qilgani jo‘nab ketgani aniqlangan edi. O‘shanda parlament deputati O‘murbek Bakirov va jihodga ketgani aytilgan yigitlarning ota-onalari Turkiyaning Istambul shahriga borib, turk politsiyasi hamda Qirg‘izistonning Turkiyadagi elchixonasi yordamida farzandlarini qidir ishlarini boshlagan edi.

Deputat O‘murbek Bakirovning aytishicha, shu kungacha jihodga ketganlarning 5 nafari Qirg‘izistonga olib kelingan, qolgan ikki yigitning taqdiri esa noma‘lum bo‘lib qolmoqda. Ma‘lum bo‘lishicha, Suriyaga ketganlardan birining o‘lgani aytilib, qarindoshlari unga sirtdan janoza o‘qitishgan.

-Yigitlarning ikki nafaridan boshqa hammasi qaytib keldi. Suriyada qolgan ikki yigitdan biri halok bo‘lgan. Uning Shom shahrida o‘lgani aytilayapti. Bu ma‘lumotga ikki oy bo‘layapti. Uyidagilar halok bo‘lgan bolaning marosimlarini o‘tkazishdi, -dedi deputat O‘murbek Bakirov.

Ma‘lumotlarga qaraganda, halok bo‘lgani aytilayotgan bolaning jasadi Qirg‘izistonga olib kelingan emas. Uning qanday vaziyatda halok bo‘lgani va qayerga dafn etilgani ham noma‘lum.

Suriyada halok bo‘lgani aytilayotgan yigitning yaqinlari Qizilqiyada sirtdan dafn marosimi o‘tkazganini mazkur shaharda istiqomat qiluvchi imomlardan biri ham tasdiqladi.

-Uning jasadi Suriyada dafn qilinganini aytishdi. Bu bolaning o‘lganidan ko‘pchilik bexabar ekan. Uning qarindoshlari Qurbon hayit kuni marosim o‘tkazdi. Mening bilishimcha, Suriyaga jihod qilamiz deb 7 kishi ketgan. Ulardan bugungi kungacha uchtasi qaytib keldi, -dedi imom.

Ayni paytda Qirg‘izistonning boshqa hududlaridan ham Suriyaga jihodga ketgan odamlar borligi xabar qilinmoqda. Oktabr oy boshlarida Jalolobod viloyatining Suzoq tumanidan yoshlar Suriyaga jo‘nab ketgani ma‘lum bo‘lgan. Shu munosabat bilan bu yerdagi masjidlarda yoshlar orasida tushuntirish ishlari o‘tkazilgan edi.

Mintaqadagi axborot agentliklari Qozog‘iston va Tojikistondan ham Suriyaga jihod uchun ketganlar borligi aniqlangani to‘g‘risidagi xabarlarni tarqatmoqda. Masalan, 15 oktabrda YouTube portalida 20 daqiqalik videotasvir paydo bo‘ldi. Unda 150 kishidan iborat qozog‘istonlik Suriyada Bashar Assad rejimiga qarshi jihodga yo‘l olgani aks etgan.
XS
SM
MD
LG