Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:40

Mediamagnat Firdavs Abduholiqov matbuotdan qochmoqda


Firdavs Abduholiqov
Firdavs Abduholiqov
O‘zbekistonda ilk nodavlat televideniye va gazeta ochgan mediamagnat Firdavs Abduholiqov matbuotchilar ko‘zidan g‘oyib bo‘ldi. O‘zbek tilidagi internet nashrlarida Usmon Haqnazarovga nisbat berilib, prezident va uning qizlari haqida bosilgan navbatdagi maqoladan so‘ng Abduholiqovni qidirayotganlar ko‘payganini uning yaqinlari ham tasdiqladi.

O‘zbekistonda ilk nodavlat televideniye sanalgan Samarqand-TV telekanali va ilk nodavlat-notijorat nashri hisoblangan "Darakchi" gazetasini ochgan mediamagnat Firdavs Abduholiqov bir haftadirki matbuotchilar ko‘zidan g‘oyib bo‘ldi.

Toshkentdagi norasmiy manbalarning yozishicha, Abduholiqov o‘ziga qarashli Samarqand-TV telekanali faoliyati to‘xtatilishi ortidan Samarqand viloyatiga tergovga chaqirilgan.

"31 kuni STV (Samarqand-TV) o‘chib qoldi. Shuning orqasidan u kishini tergovga chaqirishibdi ekan. U kishi hozir Samarqandda ochiqda turib, tergovga qatnayotgan ekan", dedi Abduholiqovni qidirayotgan, ammo bir necha kundirki u bilan bog‘lana olmayotgan Ozodlik manbasi.

Shuningdek, mediamagnatga yaqin toshkentlik jurnalistlardan biri ham uni so‘nggi bor Art Week Style.uz san‘at haftaligi ochilish marosimida ko‘rganini aytdi.

"Shundan beri mening o‘zim ham u kishini topolmayapman, to‘g‘risi. NAESMI (O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi)dagilar Samarqanda ketgan, deyishyapti. Samarqanddagilar Toshkentda, deyishyapti. Xullas, hozir uni siz ham topolmaysiz, menimcha. Prosto, u kishi hech kim bilan gaplashmoqchimas, menimcha", dedi Abduholiqovning yaqinlaridan ko‘riladigan toshkentlik jurnalist.

Aslida Firdavs Abduholiqov o‘zbekistonlik yirik mediamagnat sifatida har doim matbuot diqqatida turgan figuralardan biridir.

U 1992-1995 yillarda O‘zbekistonda ilk nodavlat telekanal va gazeta ochish bilan birga 2004 yildan buyon mamlakatdagi 60dan ortiq axborot vositasini birlashtirgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib kelmoqda.

Bundan tashqari, keyingi yillarda u O‘zbekiston Prezidenti qizi Gulnora Karimova yetakchiligidagi FondForum tashkiloti tadbirlarida ham faol ishtirok etayotgan amaldorlardan biri sifatida muttasil matbuot ko‘z o‘ngida qolayotgan edi.

Ammo 21 oktabr kuni ertalab soat 10 da Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari to‘satdan efirdan olindi. 31 oktabr kuni esa STV kanali efiri ham uzildi.

Bu kanallari rahbariyatiga "litsenzion shartlarga rioya qilmagani va qayd qilinmagan pul oqimini tashkil etgani" yuzasidan ayblovlar ilgari surilgani xabar qilindi.

Avvaliga efirdan olingan 4 kanal O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tarmog‘ida bo‘lgani bois bilvosita, ushbu assotsiatsiya tarkibida bo‘lgan STV esa bevosita Firdavs Abduholiqovga qarashlidir.

Shu bois, ikki hafta muqaddam Usmon Haqnazarovga nisbat berilib O‘zbekistonga oid internet nashrlarida bosilgan navbatdagi maqola ortidan Abduholiqov faoliyatiga nisbatan tug‘ilgan qiziqish telekanallar efirdan olinishi bilan yanada ortdi.

Ushbu maqolada O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘rtasida nizo mavjudligi, buning ortidan esa hukumat rahbari g‘azabiga giriftor bo‘ladigan birinchi shaxs, go‘yoki Firdavs Abduholiqov, degan iddao ilgari surilgan edi.

Ozodlik muxbiri Firdavs Abduholiqovdan bu voqealarga rasmiy munosabat olish istagida uning Toshkent va Samarqanddagi idoralariga bot-bot murojaat qildi.

Toshkentdagi idora boshlig‘ining Samarqandda ekani, Samarqanddagisi esa rahbarining Toshkentda ekanini ma‘lum qilish bilan cheklandi.

Ozodlik bu mediamagnatga tegishli Bo‘lgan "Darakchi" tahririyati bilan ham bog‘landi. Ammo, Firdavs Abduholiqovning qayerda ekanini unga qarashli gazeta tahririyati ham oydinlashtirib bermadi.

"Darakchi" ijod uyining ismini oshkor qilmayotganimiz rahbarlaridan biri esa Abduholiqovning ishlari yaxshi ekani, u haqida matbuotda bolalayotgan gaplarni esa "quruq tuhmat" deb bilishini ta‘kidladi.

Firdavs Abduholiqov va unga qarashli axborot vositalari faoliyatini kuzatayotgan toshkentlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning aniqlashicha, ayni damda nafaqat mediamagnatning o‘zi, balki unga tegishli telekanllar taqdiri ham mavhum qolmoqda.

- STV va NTT telekanllarining xodimlariga o‘z hisobidan ta‘til berilgan, hammasi noma‘lum muddatga ishni to‘xtatgan, - dedi jurnalist.

Quyida jurnalist bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG