Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:59

Gulnora Karimova yana otasini ortda qoldirdi


O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Internetdagi mashhurlik bo‘yicha yana otasi Islom Karimovdan o‘zib ketdi. “Birjevoy lider” onlayn jurnali o‘tkazgan o‘zbekistonlik siyosatchilar mashhurligi reytingida Karimova xonim bu safar ham birinchi o‘rinni egalladi.

Reyting mualliflariga ko‘ra, O‘zbekiston siyosiy turmushidagi asosiy intriga Internet foydalanuvchilari orasida mashhurlik bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti bilan uning katta qizi o‘rtasidagi zimdan raqobat bo‘lib hisoblanadi.

Bu kabi reyting “Birjevoy lider” jurnali tomonidan ilk bor o‘tgan yil dekabrida o‘tkazilgan. O‘shanda ham Gulnora Karimova Internet foydalanuvchilari orasida otasi Islom Karimovdan ko‘ra shuhratliroq ekani ayon bo‘lgandi. Shu yil yozida o‘tkazilgan reytingda ham Karimova xonim O‘zbekiston prezidenti bo‘lgan otasini bir pog‘ona ortda qoldirgandi.

Bu yilgi reyting natijalari G. Karimova shu kunda Internet foydalanuvchilari orasida padaridan 55 foizga mashhurroq ekanini ko‘rsatdi.

Ayni paytda reyting mualliflari bu mashhurlikni “sharmandali shuhrat” deb atab, bunga ishora o‘laroq ommaviy axborot vositalarida yoyinlangan “Gulnora Karimova Twitterda otasini Stalinga tenglashtirdi”, “Der Spiegel diktatorning qizlari Lola va Gulnora Karimovalar urushi haqida”, “O‘zbekiston: prezidentning qizi Gulnora Karimova o‘zining uy qamog‘ida saqlanayotgani haqidagi mishmishlarni rad etmoqda” sarlavhali maqolalarni ko‘rsatib o‘tadi.

“Birjevoy lider” jurnalining “O‘zbekistonlik siyosatchilar mashhurligi reytingi” Yandeks izlov tizimi ma‘lumotlariga asosan tuzilgan.

Reytingda ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov egallagan, ayni paytda uning Yandeks.Novosti PR agregatorida peshqadam ekani aytilmoqda.

Mashhurlik reytingining 3-pog‘onasini bu yil ham o‘tgan yilda bo‘lgani kabi O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev egallab turibdi.

“O‘zbekistonlik siyosatchilar mashhurligi reytingi”dan ma‘lum bo‘lishicha, Gulnora Karimova mamlakatda ommalashgan Odnoklassniki va vKontakte ijtimoiy tarmoqlarida otasi Islom Karimovdan o‘n barobar mashhurroq.

Shuningdek, Gulnora Karimova hozirda Twitter mikroblogiga tanda qo‘ygani kuzatilmoqda. 5 noyabrgacha olingan ma‘lumotlarga muvofiq, shu kunda Gulnora Karimovani Tvitterda 44 ming 146 nafar obunachisi bor. 17 ming 167 ta tvit chop qilingan @GulnaraKarimova sahifasi shu kunda O‘zbekiston ichidan idora etiladigan va eng ko‘p o‘qiladigan sahifa bo‘lsa ajab emas.
XS
SM
MD
LG