Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:04

Rossiyada millatchilar uch o‘zbekni o‘ldirdi


29 yashar o‘zbekistonlik Moskva oblasti, Chexov shahri kasalxonasining travmatologiya bo‘limida 5 noyabrga o‘tar kechasi vafot etdi. U 2 noyabr kuni kaltaklanib, boshi og‘ir jarohatlangan edi. Ikkinchi o‘zbekni esa 4 noyabr kuni Sankt-Peterburgda noma‘lum shaxslar o‘ldirib ketdi. Har ikki migrantning millatchilar qurboni bo‘lgani aytilmoqda.

2 noyabr kuni 29 yashar o‘zbekistonlik boshiga og‘ir jarohat yetgan holda Moskva oblast , Chexov shahri kasalxonasiga yetkazilgani to‘g‘risida tilga olingan oblast Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati kuni kecha xabar tarqatgan edi.

Chexov rayon 1-kasalxonasi travmatologiya bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mudiri Ozodlikka o‘zbekistonlik yigitning vafot etganini xabar qildi.

- U bizning bo‘limda yotgan edi, lekin afsuski, bugun tunda vafot etdi, - dedi vrach.

Lekin kasalxona vakili vafot etgan o‘zbekistonlikning ism-familiyasini aytishni istamadi.

Tergov qo‘mitasi xabarida aytilishicha, 29 yashar o‘zbekistonlikni kaltaklab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan chexovlik 15 yashar o‘smir qo‘lga olingan.

O‘zbekistonlik Sankt-Peterburgda o‘ldirildi


4 noyabr kuni Sankt-Peterburg shahar metrosining “Ribatskoye” stantsiyasi yaqinida o‘zbekistonlik mehnat migrantining jasadi topildi.

Sankt-Peterburg shahri Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati Ozodlikka bu voqea to‘g‘risidagi xabarlarni tasdiqladi, lekin ishni Tergov qo‘mitasi o‘rganayotganini ro‘kach qilib, tafsilotlarni aytishdan bosh tortdi. Tergov qo‘mitasi bilan esa, bog‘lanib bo‘lmadi.

Voqea to‘g‘risida birinchi bo‘lib xabar qilgan “Russkaya slujba novostey”ga ko‘ra, huquq-tartibot organlari xodimlari videonazorat kameralari yozuvlaridan o‘zbekistonlikni “millatchilar uchun xarakterli bo‘lgan kiyim”li bir necha kishi o‘ldirganini aniqlagan. Ular 4 noyabr kuni o‘zbekistonlikka bir necha bor pichoq urgan va natijada u voqea joyida halok bo‘lgan.

Fontanka.ru saytiga ko‘ra, o‘ldirilgan o‘zbekistonlik 51 yoshda bo‘lgan. Unga 4 noyabr kuni Karavayev ko‘chasidagi 31 uy oldida 10 o‘smirdan iborat guruh hujum qilgan. Tergovchilar uning tanasiga 14 marta pichoq urilganini saytgan.

Sankt-Peterburgda halok bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

"Komsomol skaya pravda" gazetasi xabariga ko‘ra, shu kuni Karavayev ko‘chasida yaga bir o‘zbekistonlikning jasadi topilgan. Voqea 33-uy oldida sodir bo‘lgan. Gazetaning guvohlarga tayanib yozishicha, o‘zbekni kapyushonli kurtka kiygan uch shaxs to‘xtatgan va unga pichoq ura boshlagan. Aytilishicha, Sankt-Peterburg shahri Tergov qo‘mitasi voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘agan va jinoyatning millatchilik motivlari o‘rganilmoqda.

4 noyabr – Xalq birligi kunida Rossiyaning boshqa qator shaharlarida bo‘lgani kabi Sankt-Peterburgda ham mahalliy millatchilarning “Rus marshi” yurishi bo‘lib o‘tdi. Shaharning turli mavzelarida millatchilar mehnat muhojirlariga hujum qildi.

Moskvaning Biryulovo mavzeida o‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin Rossiyada millatchilik kayfiyati kuchayib ketdi. 4 noyabr kungi o‘tkazilgan "Rus marsh"lari esa, mehnat muhojirlari uchun tahdidlar darajasini yanada oshirdi. Mana shunday sharoitda har bir mehnat muhojiri hayoti va salomatligini saqlash yo‘llarini o‘ylab qo‘yishi ortiqcha emas.
XS
SM
MD
LG