Линклар

logo-print
Qirq kunlik paxta terimidan 25 oktabr kuni qaytgan Guliston Davlat universiteti talabalari va o‘qituvchilar 2 noyabrdan yana paxtaga haydaldi. Ular har kuni shahar atrofidagi paxtazorga avtobuslarda tashilmoqda. Paxta deyarli qolmagani bois, talabalar kun davomida tergan paxta 5-10 kilogrammdan oshmayapti.

Guliston Davlat universitetining uch mingdan ortiq talabasi va qariyb uch yuz o‘qituvchisi shanba kunidan boshlab yana paxta terimiga chiqarildi.

Talaba va o‘qituvchilar har kuni ertalab soat 8 da universitet binosidan qo‘shni tumanlardagi paxtazorlarga avtobuslarda olib ketilmoqda.

Bu haqda xabar bergan universitet talabalaridan biri Akbarning aytishicha, ular besh kun avval 40 kunlik terimdan qaytgan edilar:

- Endi paxta tamom, deb xursand bo‘lgandik. Boshqa viloyatlarda yashaydigan kursdoshlarimiz uyiga borib paxta kiyimlarini tashlab ham kelgan edi. 2 noyabrdan yana paxtaga haydashdi, - dedi talaba.

Ismi sir qolishini so‘ragan universitet o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, dalada deyarli paxta qolmagan bo‘lsa ham ular dalaga chiqarilmoqda:

- Bir kishi juda tersa, 10 kilo teradi. Biz domlalar 5 kilo tersak ham bo‘ladi. Endi o‘zimiz hisoblab chiqsak bu terimchilarni tashiyotgan avtobuslarga ketayotgan yonilg‘ini ham qoplamas ekan. Bu yoqda esa darslar qolib ketyapti. Menimcha planni to‘ldirdik, deb raport berib yuborishdiyu endi perepiskani o‘rnini qanday qilib bo‘lsa ham to‘ldirishmoqchi, shekilli, - dedi universitet o‘qituvchisi.

2013 yilgi paxta rejasi 21 oktabr kuni bajarilgan, 25 oktabr kuni esa O‘zbekiston prezidenti paxtakorlarni 3,35 million tonnalik xirmon bilan tabriklagan edi.

Biroq, paxta rejasi ortig‘i bilan bajarilgan bo‘lsada, aksariyat viloyatlarda paxtadan qaytgan oliygohlar va kollejlar talabalari yana dalaga haydadi.

O‘tgan hafta ëtoqlik paxtadan qaytarilgan Jizzaxdagi aksar kollejlarning 2-3-kurs talabalari¸ mahalliy hokimiyat buyrug‘i bilan yana terimga chiqarildi.
XS
SM
MD
LG