Линклар

5 noyabr kuni O‘zbekistonning eng nufuzli “Istiqlol” saroyida kontsert bergan “Million” jamoasi sahnaga olib chiqqan hajviyalardan birida Toshkentda “toza toshkentlik” topish noyob hodisa sifatida talqin qilindi. Mahalliychilikni rag‘batlantirish deb ko‘rilgan bu sahna uchun “Million” jamoasiga “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan ogohlantirish berildi.

Milliy sahnada mahalliychilik?


Toshkentning “Istiqlol” san‘at saroyida 4-5-6 noyabr kunlari “Millionlab muxlislarga, Millionlab hazillar” nomli yangi shou dasturini taqdim etayotgan “Million” jamoasi yana bir bor jamoatchilik e‘tiroziga uchradi.

Dastlab “Quvnoqlar va zukkolar” terma jamoasi sifatida tanilgan hozirgi "Million" jamoasi¸ aytilishicha¸ o‘tganda ham sahnadan turib behayo mazmundagi tomosha va so‘zlar uchun "O‘zbeknavo"dan dakki eshitgan.


“O‘zbeknavo” darhol izoh istadi


Necha chig‘iriqdan o‘tib milliy “Istiqlol” sahnasiga olib chiqilgan “Toshkentda toshkentlik kamayib ketdi” hajviyasi mahalliychilik targ‘iboti sifatida talqin etildi va guruh a‘zolari 6 noyabrь kuni “O‘zbeknavo”ga chaqirtirilib¸ bu borada izoh berishga majbur bo‘ldi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Ozodlik muxbiri suhbatlashgan mulozimi “Million” guruhining risoladagiday litsenziyasi borligi va “Istiqlol” saroyi sahnasida namoyish etilayotgan kontsert dasturining birlashma ko‘rigidan o‘tganini bildirdi:

- Bizlarga repertuarini taqdim qiladi. Qaysi chegarada chiqishini bizlar tushuntirib o‘tamiz. Bular kontsertga ruxsat berilishidan oldin stsenariysini taqdim qiladi. Stsenariyni taqdim qilgandan keyin uni ko‘rib chiqadi boshqarma. Ko‘rib chiqqandan keyin¸ ma‘qul deb topilsa¸ kontsertga ruxsat beriladi. Bu bir xunuk holat. Esingizda bo‘lsa¸ o‘tgan yili, "Dizayn" degan guruh bor, QVZ (Quvnoqlar va Zukkolar) jamoasi. Ular xuddi shunaqa g‘oyani ilgari surgani uchun bu yil kontsertiga ruxsat berilmadi¸ dedi “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimlaridan biri.

Birlashmaning boshqa vakili - “Kontsert¸ tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi” rasmiysi “Million” jamoasi kontsert dasturi “O‘zbeknavo” tasdig‘idan o‘tganini tasdiqlay turib¸ hajvchilarning jonli ijroda stsenariydan chiqib ketganini ta‘kidladi:

- Dastur tasdiqlangan. Dasturda u joylari yo‘q edida. Boshqacharoq edi. Sahnaga boshqacharoq bo‘lib chiqib ketdi. Hozir bu bo‘yicha rahbariga ogohlantirish berildi. Bugun hammasini tuzatamiz¸ degan. U joyini olib tashlashni aytganmiz bizlar. Tashkilotchi bizning ruxsatimizsiz dasturdan tashqariga chiqib ketgan. Kontsertda bugun hamma shu kechagi kabi holatlar hammasi olib tashlanadi. Ikkita-uchta joylar ketgan. Ana shu hammasini hozir biz olib tashladik¸ deb tushuntirish xati yozib ketdi. Bugun endi kontsertida ma‘lum bo‘ladi bu narsa¸ dedi “O‘zbeknavo” mulozimi.


"Biz hammani hajv qildik"


"O‘zbeknavo" mulozimiga ko‘ra¸ 6 noyabrь kuni “Million” guruhi rahbari “O‘zbeknavo”ga chaqirtirilgan va 5 noyabrь kungi “quyushqondan chiqish” sababiga izoh bergan:

- Guruh rahbari Davron Qobulov degan yigit: “Endi bu yerda biz mahalliychilik deb nima qilmaganmiz. Biz hazil deb nima qilayapmiz. Toshkent, ularni ham yomonlab turib aytgan joyimiz bor. Jamoamizda 7 kishi bo‘lsak, beshtasi viloyatlardan”¸ deb bizga tushuntirish berdi . Haqiqatan propiskalarini oldik biz hozir. Hammasi Andijon, Surxondaryo, qashqadaryolik yigitlar. Nima uchun bunaqa gapirdilaring? desak “Biz bu yerda hammani gapirdik. Kecha sal bo‘rtibroq chiqib ketdi” dedi bizga¸ ,dedi “O‘zbeknavo” mulozimi.


Virtual tortishuv: Mahalliychilik yoxud shunchaki hazil?


“Million” jamoasining “Toshkentda toshkentlik kamayib ketdi” sahnasi Youtube portaliga qo‘yilishi bilan munozaraga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston shou biznesi hayotini yorituvchi Sayyod.uz jonli saytida link qo‘yilgan bu video ostida sharh qoldirganlardan biri:

”Shu kulgumi? Shu san‘atmi? Bu behayolik va mahalliychilik shousi bo‘ldi¸ xolos. Stsenariyni kim tasdiqlagan? Kim o‘tkazdi buni? Bu viloyatliklarni kamsitish uchun atay buyurtmamidi?” deb junbushga tushdi.

Boshqa sharhlovchi esa¸ “Shunaqayam qoloq fikrlimisiz? Buning hammasi prosto prikol¸ lekin ayni haqiqat olib chiqilgan. Bunga “O‘zbeknavo”ning nima aloqasi? deb e‘tiroz bildirdi.

Sayyod.uz jonli sayti muharrri Sardor Komilovning Ozodlikka aytishicha¸ sahnadan turib mahalliychilikni targ‘ib qilish “xunuk hodisa” va ziyoli¸ intellektual darajasi baland¸ qamrovi keng san‘atkor buni o‘ziga ep ko‘rmaydi.


“Kulgu san‘ati reanimatsiyada”


“Million” guruhining “Toshkentda toshkentlik kamayib ketdi” tomoshasini sharhlagan o‘zbek kulgu san‘atining eng mashhur ustasi Obid Asomov ham¸ mahalliychilik g‘oyasining sahna¸ ayniqsa¸ bir paytlar yo‘li uzun va toshi og‘ir bo‘lgan “Istiqlol” saroyi sahnasiga chiqishini “xunuk” hodisa deb baholaydi:

- Olingan tema haqiqatan juda ham aqlli tema emas. Gap yo‘g‘ida gap¸ deb gapirishgan¸ shekilli. Birinchidan, katta sahnada gapiradigan mavzu emas. O‘zbekiston bo‘yicha nazarimda unaqa gap qolmagan “san toshkentlikmisan, san andijonlikmisan” degan. Agar buning hammasini bo‘lak-bo‘lak qilib¸ hamma o‘zi tug‘ilgan joyga ketsin¸ deydigan bo‘lsak, O‘zbekistonni 13 ta hududga bo‘lib tashlash kerak. Yaxshi hid kelmayapti bu gapdan. Kuldiradigan gap ham emas, satira ham emas. Unda hech kuladigan joyning o‘zi yo‘q. Kim qayerda tug‘ilganligining nima ahamiyati bor?

Bir latifa bo‘lardi. “Qayerliksiz?” desa, “Men frantsiyalikman” deydi. “Qayerliksiz?” desa, “Men frantsiyalikman” deydi. “Sizning pasportingizda Londonda tug‘ilgan deb yozilganku” desa, “Menga qarang. Londonda tug‘ilgan bo‘lsam, nima qilibdi? Men frantsiyalikman” deydi. “Yo‘q, London deb yozilganku” desa, “Aka, agar it otxonaning ichida tug‘ilsa, ot bo‘lardiyu” deydi. Shunga o‘xshab ajratish kerak emas. Inson qayerda ma‘qul bo‘lsa, o‘sha yerda yashaydi, Toshkentdami, Farg‘onadami, Andijondami. Shuning uchun¸ bu birinchidan bolalarning bo‘shligi, bolalarning uquvsizligidan deb o‘ylayman.

To‘g‘risini aytaman¸ umuman bizning mamlakatda oxirgi paytda kulgi san‘atiga e‘tibor berilmay qo‘ydi. Shundan hamma aybni qidirish kerak¸deydi Ozodlik bilan suhbatda zamonaviy o‘zbek kulgu san‘atining eng taniqli namoyandasi Obid Asomov.

Obid Asomov bilan to‘liq suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG