Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:21

Sobiq vazirdan shaharni tark etmaslik haqida tilxat olindi


Sobiq Madaniyat vaziri Tursunali Qo‘ziyev
Sobiq Madaniyat vaziri Tursunali Qo‘ziyev
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vaziri lavozimidan shu yilning fevralida ozod qilingan 62 yoshli Tursunali Qo‘ziyevdan shaharni tark qilmaslik haqida tilxat olingan.

Tilga olingan vazirlikda aniqlangan moliyaviy kamomad bois, O‘zbekiston prokuraturasi tarafidan ochilgan jinoyat ishi doirasida sobiq vazir Tursunali Qo‘ziyevning ham tergov qilinayotgani aytildi.

O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ sobiq vazir Tursunali Qo‘ziyev davlatga yetkazgan zararni qoplash sharti bilan qamalmasdan qolgan:

- Tursunali Qo‘ziyev ozodlikdan mahrum qilinmaslik evaziga davlatga yetkazgan bir milliard so‘m zararni qoplaydigan bo‘ldi, dedi vazirlikdagi Ozodlik manbasi.

U Tursunali Qo‘ziyevning ishdan olinishining vazirlik xodimlari uchun kutilmagan va o‘z vaqtida jamoatchilik uchun sir qolgan tafsilotlarini aytib berdi:

- Qo‘ziyevni shu yil 26 fevral kuni ishdan olishdi. 25 fevral kuni ertalab Tursunali aka vazirlikda majlis o‘tkazdi. Uning ishdan ketish ehtimoli yo‘q edi. O‘sha kuni kechqurun uni ishdan olishdi. Ishdan bo‘shatish qarori Vazirlar Mahkamasi kollegiyasi tarafidan ma‘qullanganini aytishdi. 26 fevral kuni bizga shoir Minxojiddin Mirzo (Xojimatov)ni vazir qilib tayinlashdi. Tayinlash paytida Bosh vazir Shavkat Mirziyayev O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligidagi barcha nuqsonlarni Qo‘ziyev nomi bilan bog‘ladi, deb hikoya qildi manba bundan 7 oy bo‘lib o‘tgan voqeani.

Ishdan olingan vazir bilan bir necha marta uchrashgan Ozodlik manbasining aytishicha, Bosh vazir Shavkat Mirziyayev vazir ishdan bo‘shagani bilan javobgarlikdan qutula olmasligini aytgan:

- Kollegiya yig‘ilishida Mirziyayev Tursunali Qo‘ziyevni jiddiy taftishlar kutayotani va oqibati yaxshi bo‘lmasligini aytib, boshqa mulozimlarga saboq chiqarish lozimligini eslatgan edi, dedi suhbatdosh.

Tursunali Qo‘ziyev hali vazir paytida uning korruptsiyaga aloqadorligi haqidagi gap-so‘zlar urchigan edi.

Tursunali Qo‘ziyevning kuyovi, 27 yoshdagi Muzaffar Sohibjonov “Sharq taronalari” musiqa festivaliga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirganlikda va festivalning bosh sovrinini pora evaziga sotganlikda ayblangan, 2012 yil katta miqdorda pora olganlik aybi bilan hibsga olingan edi. Bu haqda o‘z vaqtida qator nashrlar xabar bergan edi.

Rasmiy matbuotda e‘lon qilingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Tursunali Qo‘ziyevning kuyovi Muzaffar Sohibjonov “Sharq taronalari” ga tegishli musiqiy uskunalardan foydalanib Registon maydonida kontsert berishi uchun bastakor Sultonali Rahmatovdan 3 ming dollar pora olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Tursunali Qo‘ziyevning kuyovi Muzaffar Sohibjonov 2012 yilda Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha mahkamasi tomonidan 15 yilga ozodlikdan maxrum qilingan.

“Sharq taronalari” bilan bog‘liq tergov jarayonida sobiq vazirga oid epizodlar ham muhokama qilingani aytiladi.

Rasman tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, Tursunali Qo‘ziyev “Sharq taronalari” festivali tashkiliy guruhi va hakamlar hay‘atiga o‘z yaqinlarini joylash orqali korruptsiya tarmog‘ini yaratgan.

Bu voqeadan habardor bo‘lgan va ismi aytilishini istamagan bastakorning aytishicha “kuyovga pora berish “amaliyoti Tursunali Qo‘ziyevni obro‘sizlantirish uchun ataylab uyushtirilgan:

- Qo‘ziyevninig kuyovi Toshkentdagi “Al-Aziz” kafesida qo‘lga olingan edi. Unga haydovchisi pulni olib kelganida qo‘lga olindi. Haydovchi pulni mashinana ichida olgan. Mashinani ichiga eshituv moslamasi o‘rnatilgani hisobga olinsa, buni oldindan tayyorlangan amaliyot, deyish mumkin. Shou-biznes sohasida anchadan beri yuribman, ko‘p ishlar pora evaziga qilinadi. Lekin faqat sanoqli odamlar jazolanadi. Shundan tushunib olavering. Tursunali aka unaqa katta korruptsioner emas, rassomlik sohasida ishlagan obro‘li inson edi, deydi toshkentlik bastakor.

Tursunali Qo‘ziyev 1976 yilda Toshkentdagi Pavel Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtini tugatgach, misgar rassom sifatida ish boshlagan.

Rassomning kandakorlik uslubida 1981 yilda yaratgan "Alisher Navoiy" asari munaqqidlar tarafidan ya[shi kutib olingan edi.

Tursunali Qo‘ziyev 1987 yilda Surxondaryo viloyat madaniyat fondiga rahbar qilib tayinlandi .

1994 yili Tursunali Qo‘ziyev O‘zbekiston Prezidenti devoniga maslahatchi sifatida ishga olindi.

1997 yildan 2011 yilga qadar O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga raislik qildi.

2011 yil yanvarida Tursunali Qo‘ziyev O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vaziri qilib tayinlangan va bir yil o‘tib ishdan olingan.
XS
SM
MD
LG