Линклар

logo-print
Toshkent shahar Qo‘yliq mavzeidagi mardikor bozorida 2 noyabr kuni militsiya xodimlari va mardikorlar o‘rtasida janjal chiqdi. Ozodlikning Toshkentdagi manbasiga ko‘ra, bu janjalga propiska tekshirgan mirshablarning mardikorlardan majburan barmoq izlari olmoqchi bo‘lgani sabab bo‘lgan.

Toshkent shahar Qo‘yliq mavzesidagi mardikor bozorida 2 noyabr kuni ertalab mardikorlar bilan militsiya xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan “O‘zbekiston mardikorlar kasaba uyushmasi” vakili Faxriddin Tillayevning aytishicha, to‘qnashuvga militsiya xodimlarining propiska tekshiruvi bahonasida bozorda uyushtirgan reydi sabab bo‘lgan:

- Men surxondaryolik Sirojiddin degan mardikor yigit bilan gaplashdim. Uning aytishicha, militsiya xodimlari bozorga bostirib kelib¸ ko‘p kishilarning barmog‘idan noqonuniy ravishda otpechatka olishga harakat qilgan. Rozi bo‘lmaganlarning ko‘pini urib, so‘kib panelniydagi izolyatorga olib ketishgan, deydi huquq faoli.

Faxriddin Tillayevga ko‘ra, ayrim mardikorlar militsiya qo‘lidan qutulib qolish uchun, ularni urib qochib ketgan:

- Melisalarning pogonlarini uzgani, formalarini yirtib tashlaganini, urganini mardikor yigitlar aytib berishdi. Chunki militsiyaning ustma-ust tekshiruvlari, takror-takror jarimaga tortishlari ularning jonidan o‘tib ketgan. Militsionerlarni urib qochib ketishibdi, dedi Faxriddin Tillayev.

Huquq faoliga ko‘ra, militsiya xodimlari eng avvalo propiska bahonasida mardikorlarni jarimaga tortmoqda:

- O‘zbekiston Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunning 194 moddasi 1,2 qismini militsiya xodimlari biznesga aylantirib yubordi. Mening eshitishimcha, shu modda bo‘yicha mardikorni qamagan militsiya xodimlariga 100 ming so‘m mukofot puli berilarkan, 15 sutkaga qamatsa¸ undan ham ko‘p pul berarkan. Sudyalar bilan militsiya kelishib, hech narsani surishtirmay mardikorlarni qamoqqa tiqayapti, deydi Faxriddin Tillayev.

“O‘zbekiston mardikorlar kasaba uyushmasi” raisi Nuriddin Jumaniyozov¸ mardikorlar bugungi o‘zbek jamiyatining eng himoyasiz qatlami bo‘lib qolgani va militsiya shu ojiz qatlamdan ham pul undirishni odat qilganini ta‘kidlaydi:

- Militsiya Toshkentdagi mardikorlarni hech tinch qo‘ymayapti. Buning sababi¸ ulardan ham biror narsa undirish. Bularni guruh-guruh ushlab, avtobusga ustma-ust tiqib panelniyga olib borishadi. Bir-ikki so‘m undirganini javob beradi, puli yo‘g‘ini esa 15 sutkagacha qamoqqa tiqadi, deydi Nuriddin Jumaniyozov.

Xalq tilida “panelniy”, rasmiy nomi esa Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli vaqtincha saqlash izolyatorining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, 2 noyabrь kuni bir guruh mardikor propiskaga turish qoidasini buzganligi uchun bu yerga keltirilganini tasdiqladi.

Mulozimga ko‘ra, ularga jarima solinib, chiqarib yuborilgan.

Toshkentning Qo‘yliq mavzesidagi mehnat birjasi yaqinida joylashgan mardikor bozoriga har kuni 1000-2000 odamning mardikorlikka chiqishi aytiladi. Bundan tashqari Toshkentning Feruza, Ibn Sino mavzelari, Chorsu, O‘rikzor bozorlarida kattagina mardikor bozorlari amal qiladi.
XS
SM
MD
LG