Линклар

logo-print
20 oktyabrdan boshlab "siquv"ga olina boshlagan prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning deyarli barcha biznes ob‘ektlarida taftish ishlari davom etmoqda.

Shu paytgacha "o‘zi xon, ko‘lankasi maydon" bo‘lib kelgan Karimova xonim barcha tele- radiokanallari, kafe- restoranlari yopilib, nazoratida bo‘lgan boshqa biznes tarmoqlari ham "falajlangan" bir paytda o‘zining yagona "yupanchi" sifatida Twitterdan foydalanmoqda.

Har kuni deyarli 24 soat davomida bitik qoldirayotgan @GulnaraKarimova o‘z tvitlari orqali shov-shuvga sabab bo‘ladigan ma‘lumotlarni ham "oshkor" qilishdan to‘xtamayapti.

7 noyabr. "Fond Forumni yopishmoqchi"


Bugun Gulnora Karimova o‘zi raislik qiladigan “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi ya‘ni Fond Forumni yopish harakati bo‘layotgani haqida yozdi.

"Fond Forum kabi juda katta loyihalar, ko‘ngillilarga ega Nodavlat notijorat tashkilotini panadan turib, yopishga majburlash uchun bosim qilish kimgadir qo‘l kelayapti", dedi Karimova.

Fond Forumda keng ko‘lamli tekshiruv boshlangani haqida Ozodlik 25 oktabr kuni ma‘lum qilgandi.

Ozodlikning Toshkentdagi manbasining bildirishicha¸ Fond Forumga oid moliyaviy holat O‘zbekiston Prokuraturasi va O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi tarafidan tekshirilmoqda.

Shuningdek, jamg‘arma faoliyatini tekshirishda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi taftishchilari ham ishtirok etayotgani aytilmoqda.

Manbaga ko‘ra, jamg‘armaga tashqaridan kelgan valyuta tushumlarining maqsadli sarf qilingani tekshirilmoqda.

Manbaning aytishicha, Fond Forumni tekshirayotgan taftishchilarda tashqaridan homiylik yordami o‘laroq kelgan mablag‘ talon-taroj qilingani haqida faktlar mavjud.

2004 yilning fevral oyida tashkil topgan Fond Forum mahalliy ilm-fan, madaniyat, maorif va sportni qo‘llab-quvvatlash uchun birlashgan fuqarolar va jamoat tashkilotlarining ixtiyoriy o‘z-o‘zini boshqaruvchi ochiq nodavlat birlashmasi sifatida qayddan o‘tgan.

Jamg‘arma vasiylik kengashi raisi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovadir.
XS
SM
MD
LG