Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:46

Sankt-Peterburgda o‘zbekistonliklarning “Umid” jamiyati to‘xtatildi


Sankt-Peterburg shahar sudi 6 noyabr kuni Rossiya Adliya vazirligi da‘vosini qondirib¸ o‘zbekistonliklarning “Umid” yurtdoshlar jamiyati faoliyatini to‘xtatish haqida qaror chiqardi.

Bu haqda “Umid” yurtdoshlar jamiyati raisi 61 yoshdagi Alijon Haydarov Ozodlikka ma‘lum qildi.

Haydarovning aytishicha¸ Rossiya "shimoliy poytaxti"da 23 yildan beri faoliyat olib borayotgan o‘zbeklar jamiyatini yopish borasidagi sud qarori ustidan shikoyat arizasi berilgan:

- O‘zbek migrantlariga huquqiy¸ moddiy va ma‘naviy ko‘makchi bo‘lib kelayotgan bu tashkilotning yopilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Sud qarori ustidan appelyatsiya shikoyati berdik. Oliy sudgacha boramiz. Mehnat muxojirlari uchun eng kerak paytda bizni falaj qilishlariga yo‘l bermaymiz¸ dedi “Umid” tashkilotining raisi umid bilan.

Sankt-Peterburgda o‘zbekistonliklarning “Umid” yurtdoshlar jamiyatida ko‘ngilli bo‘lib ishlayotgan va o‘zini Valijon deb tanishtirgan yigitning aytishicha¸ tashkilotning muassislik hujjatlaridagi noaniqliklar Rossiya Adliya vazirligi shikoyatiga sabab bo‘lgan:

- Bu shunchaki rasmiyatchilik uchun ataylab topilgan xato. Rossiyadagi rus bo‘lmaganlarga qarshi kayfiyat bois bizning tashkilot faoliyati to‘xtatildi¸ deb taxmin qila olamiz. Sud qarori satrlari orasidan shunday ma‘no chiqb keladi. Lekin bizda g‘ayrat va shijoat bor. Tashkilotning 8000 a‘zosi bir-jonu bir tan bo‘lib 23 yildan beri davom etayotgan faoliyatimizni to‘xtatib qo‘yilmasligi uchun harakat qilamiz. Hozir huquqshunoslar ishlayapti¸ deydi suhbatdosh.

Sankt-Peterburgdagi o‘zbekistonliklar diasporasi vakillari 1995 yilda “Umid” yurtdoshlar jamiyatini tuzishgan edi.

Bu jamiyatning ilk tashkilotchisi va raisi Alijon Haydarov bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida “Turon””yurtdoshligi va O‘zbek madaniy markazida ham ana shunday lavozimlarni egallaydi.

Ozodlik bilan suhbatda Haydarov bugungi kunda bu ikki jamoatchilik tashkilotini Sankt-Peterburg o‘zbek milliy-madaniy muxtoriyatiga birlashtirish rejasida ekanini aytdi.

"Umid" tashkiloti Rossiya Shimoliy-G‘arbiy federal okrugdagi ilk o‘zbek tashkiloti bo‘lib hisoblanadi.

“Umid” rahbarining Rossiya Federatsiyasi 44 sub‘ektida bo‘limlar ochish¸ hamda o‘zbekistonliklarning Umumrossiya birlashmasini tashkil etish bo‘yicha ham rejalari bor.

Rossiya fuqarosi bo‘lgan Alijon Haydarov Boltiq flotida 25 yil xizmat qilib, 1993 yilda kapitan unvonida iste‘foga chiqqan.
XS
SM
MD
LG