Линклар

8 noyabr kuni Malayziya mahkamasi katta miqdordagi narkotiklar kontrabandasida ayblangan o‘zbeklar ustidan hukm chiqardi. Dorga osish orqali qatl qilinadiganlar orasida 58 yashar pensioner ayol ham bor.

Malayziya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha¸ juma kuni hukm o‘qilgan O‘zbekiston fuqarolari 2010 yil 7 sentabr kuni Kuala Lumpur xalqaro aeroportida 10 kilogram metamfetamin deb ataluvchi kimyoviy narkotik bilan qo‘lga tushgan.

Uch yil davom etgan mahkama nihoyasida hakam uchala O‘zbekiston fuqarosini dorga osish orqali qatl qilish haqida hukm chiqardi.

Mahalliy matbuotning yozishicha¸ dorga osiladigan o‘zbeklar 54 yashar Dilbar Nazarova¸ 39 yashar Jasur Jo‘raqulov va 58 yashar Sayyora Nurmuhamedova degan pensioner ayoldir.

Bundan uch yil avval 7 sentabr kuni tonggi 9:30 da Toshkentdan Kuala Lumpurga uchib kelgan Dilbar Nazarova yonidan 4¸2 kg¸ Jo‘raqulov yonidan 3¸6 kg¸ Nurmuhamedovadan esa 2¸2 kg kimyoviy narkotik modda musodara qilingan va darhol ularga qarshi jinoiy ish ochilgan.

Uchala O‘zbekiston fuqarosi Malayziyada 1952 yilda qabul qilingan O‘ta xavfli narkotiklarga oid Aktning 39B (1) (a) moddasi bo‘yicha ayblangan va bu modda ayb o‘z isbotini topgan taqdirda jinoyatchini qatl qilishni ko‘zda tutadi.

Kuala Lumpurdan 25 kilometrcha masofada joylashgan Shah Alam shaharchasida nihoyasiga yetgan mahkamada sud hukmini o‘qib eshittirgan hakam¸ mahalliy matbuotning yozishicha¸ tergov davomida prokuratura xodimlarining O‘zbekiston fuqarolari aybini mutlaq tasdiqlovchi dalillarni taqdim etgani¸ himoyaning esa¸ jinoyatni inkor etishdan nariga o‘ta olmaganini bayon qilgan.

Mahkama jarayonida sudlanuvchilar¸ kimyoviy narkotiklar kontrabandasining Malayziyada bu qadar og‘ir jinoyat sanalishini bilmaganlari aytgan. Ammo hakam¸ Malayziya hududiga qo‘nadigan har bir xalqaro uchqichda bu ishning jinoyat ekani va unga beriladigan jazo haqida ma‘lumot berilishi bois¸ bunday himoya urinishini inobatga olmagan.

Dilbar Nazarova o‘z sumkasidan topilgan narkotiklarning nimaligidan bexabar bo‘lgani¸ bu narsani unga Toshkent aeroportida Shohruh degan odam berganini aytgan.

Sudlanuvchilar Malayziyaga DVD pleyerlar va kompyuter qismlari sotib olish uchun kelganliklari va hech qachon narkotiklar kontrabandasiga aralashmaganliklarini ham bildirganlar.

Hozircha sud hukmining qachon ijro etilishi¸ ayblanganlarning apellyatsiyaga haqqi bor-yo‘qligi haqida ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG