Линклар

20 oktabrdan boshlab "siquv"ga olina boshlagan prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning deyarli barcha biznes obyektlarida taftish ishlari davom etmoqda.

Shu paytgacha "o‘zi xon, ko‘lankasi maydon" bo‘lib kelgan Karimova xonim barcha tele- radiokanallari, kafe- restoranlari yopilib, nazoratida bo‘lgan boshqa biznes tarmoqlari ham "falajlangan" bir paytda o‘zining yagona "yupanchi" sifatida Twitterdan foydalanmoqda.

Har kuni deyarli 24 soat davomida bitik qoldirayotgan @GulnaraKarimova o‘z tvitlari orqali shov-shuvga sabab bo‘ladigan ma‘lumotlarni ham "oshkor" qilishdan to‘xtamayapti.


10 noyabr. Gulnora Karimova: Namoz o‘qishni 15 yil avval boshlaganman!


@GulnaraKarimova "namoz o‘qishni 15 yil avval, Umraga ziyorat qilganida boshlagani va hozirda Bomdod namozlarini o‘qishi" haqida yozdi.

Gulnora tasbeh ushlagan holda muslima ayol kiyimidagi suratini Instagramda e‘lon qilganidan so‘ng uni "Namoz o‘qiysizmi?" mazmunidagi savollar bilan "ko‘mib" tashlashdi.

Bu savollarga Karimova xonim "Alxamdulillax! 15yildan oshik utgan, man birinchi marta Umrada ziyorat kildim...keyin ayol va ona sifatida kiyinchilik paytidan utdim" (Imlo Gulnoraniki, o‘zbekcha yozdi. -tahr.), deb javob berdi.



Namoz o‘qishi haqida o‘nga yaqin tvit qoldirgan Gulnora o‘z fikrlarini o‘zbekcha yozishga harakat qildi:

"Xozirgi vakta uz iymon yulimni topganimga Xudoga bexisob Shukur aytmokchiman! Bunday Iymon yuragimda eng pok va kuchli deb uylayman. Fakat ichida Iymoni bor odam mening fikrlarimni, dildagi sinovlarimni, orzu-niyatlarimni tushunadi! Boshka odamlardan xech narsa kutmayapman" (Imlo Gulnoraniki, -tahr.), deya tvitladi @GulnaraKarimova.

8 noyabr kuni erta tongda Gulnora Karimova Istagramdagi o‘z sahifasida muslima ayol kiyimida tushgan suratini e‘lon qildi. Suratda Gulnora boshiga ro‘mol o‘ragan va qo‘l-oyoqlari bekitilgan uzun yengli hamda uzun etakli ko‘ylak kiygan holda aks etgan. Shuningdek, suratda Gulnora qo‘lida tasbeh ushlagan holda turibdi. Surat yoniga esa "Qunut" duosining yarmi yozilgan.

Shu paytgacha "O‘zbek malikasi"ning yarim yalang‘och suratlari nafaqat uning Instagramdagi sahifasini balki xorijiy matbuot nashrlarining sahifalarini ham bezab kelgan.

Jumladan, joriy yilning 30 may kuni Frantsiyada chiqadigan “Le Point” jurnali e‘lon qilgan O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova haqidagi maqolaga uning 2011 yildagi kechalarning birida olingan yarim-yalang‘och suratini ilova qildi.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Karimova Instagram tarmog‘idagi sahifasida tovus patiga o‘rangan yarim yalang‘och suratlarini ham e‘lon qilgan.

Bu suratlarda, prezident qizi yelkalari yalang‘och tarzda badani tovus patlari bilan yopilgan.
XS
SM
MD
LG