Линклар

O‘zbekistondagi NTT - Nodavlat telekompaniyalar teletarmog‘idagi 5 telekanal faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida efirga uzatilgan bu kanallarning efirdan olinishi sababi NTT rahbariyatining ayni damda prokuratura va MXX tekshiruvi ostida qolayotganiga bog‘lanmoqda.

O‘zbekistondagi NTT - Nodavlat telekompaniyalar teletarmog‘iga biriktirilgan yana 5 hududiy telekanal efirdan olindi.

NTT tarmog‘ida ishlaydigan xodimlardan birining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, bu telekanallar litsenziyasi vaqtincha bekor qilingan.

"Marg‘ilon-TV, Muloqot-TV (Qo‘qon), Qarshi-TV, Istiqlol-TV (Buxoro), To‘rtko‘l-TV televideniyelari litsenziyasi 1 noyabrdan boshlab vaqtincha to‘xtatildi. Chunki bu kanallarning hammasi NNT tashkilotining litsenziyasi asosida faoliyat yuritib kelayotgan. Hozir NTTning litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilgani uchun, bularniki ham to‘xtatilgan", dedi teletarmoqqa biriktirilgan televideniyelardan birining xodimi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

Ayni damda bu xabarni tasdiqlovchi bir maktub ham Ozodlikka yo‘llandi.

Nodavlat telekanallardan birida rahbarlik lavozimida ishlovchi maktub egasi "O‘zbekistonda faqat STV emas, 80 foiz telestantsiya efirga chiqmayapti", deb yozdi.

Ismini sir tutgan muallifning yozishicha, NTT tarmog‘iga kiritilgan telekanallar o‘z ulushlarining 49 foiziga, NTT tarmog‘ini tashkil qilgan va unga egalik qilgan NAESMI tashkiloti esa bu nodavlat televideniyelar ulushlarining 51 foiziga egalik qiladi.

Shu bois, avvaliga mahalliy telekanallarda bir soatdan ko‘rsatuv bergan NTT teletarmog‘i tahririyati keyinchalik mahalliy telekanallar efirining kattagina qismini egallab olgan va reklama roliklarini aylantirib, pul ishlaganini iddao qildi maktub muallifi.

Uning maktubidan parchani quyida o‘zgartishsiz keltiramiz:

"Dastlab Toshkentda joylashgan “NTT” telestantsiyasi kuniga 1 soatlik dastur tayyorlab, uni kasseta, keyinchalik esa kompakt disklarda telestantsiyalarga yetkazib bera boshladi. Usha paytlarda barcha xususiy telestantsiyalar uz efirlarini uzlari istagan dasturlar bilan tuldirishar, fakatgina 1 soat “NTT” dasturlari kuyilar edi. Vakt utgan sari “NTT”ning soatlar oshib, xududiy telestantsiyalar vaktlari kamayib bordi. Oxirgi paytlarda shungacha yetdiki, bir kunda fakat 1 soat uzining efir vaktiga ega stantsiya (agar ularni endi mustakil telestantsiya deb atash joiz bulsa)lar xam bor edi", deb yozdi maktub muallifi.

Muallif NTT tarmog‘i muhri bilan viloyat televideniyelari orqali efirga uzatilgan ko‘rsatuvlarda "faqat “Darakchi” va “Sugdiyona” gazetalari reklama kilinar"di, degan iddaoni ham qo‘shimcha qildi.

"Darakchi" gazetasi O‘zbekistonda ochilgan ilk nodavlat-notijorat nashrlardan biridir va uning egasi NTT hamda NAESMI rahbari bo‘lgan mediamagnat Firdavs Abduholiqov ekani aytiladi.

Bundan tashqari, aksar rasmiy manbalarda NTT tahririyati nomidan efirga uzatilgan ko‘rsatuvlarning aksariyati Gulnora Karimovaga qarashli bo‘lgan O‘zbekiston Madaniyati va san‘ati forumi qoshidagi telestudiyalar tomonidan ishlangani ham ta‘kidlanadi.

Hatto, ushbu forumga qarashli "Kelajak ovozi" yoshlar telestudiyasi mahsulotlari NTT tarmog‘idagi barcha telekanallar orqali muttasil ravishda efirga berilgani forum rasmiy saytida ham qayd etilgan.

Xususan, STV telekanalining efirdan olinishi sabablaridan yaxshi xabardor bo‘lgan o‘zbekistonlik jurnalistlardan birining Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha: "FondForum bilan hech qanaqa shartnoma bo‘lmagani holida NTT rahbariyati bu jamg‘armaga qarashli ko‘rsatuv va reklamalarni muttasil ravishda viloyat telekanallarida efirga bergan".

Ozodlik tahririyati nomi tilga olingan viloyat telekanallari va NTT rahbariyati bilan bog‘lanishga urindi, ammo muvaffaq bo‘lmadi.

Xususan, NAESMI ma‘muriyati ham bu boradagi savollarni ochiq qoldirdi.

Darvoqe nafaqat STV, balki NTT tarmog‘iga rahbarlik qilayotgan mediamagnat Firdavs Abduholiqov ikki haftadirki matbuotchilar ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan.

Shu yilning 31 oktabrida u ochgan STV, 21 oktabrda esa u rahbarlik qiladigan NAESMI tarkibidagi Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari to‘satdan efirdan olingan.

Nomi tilga olingan telekanallar rahbariyatiga "litsenzion shartlarga rioya qilmagani va qayd qilinmagan pul oqimini tashkil etgani" yuzasidan ayblovlar ilgari surilgani xabar qilingan.

Ozodlik shundan buyon bu borada rasmiy izoh olish istagida Firdavs Abduholiqov bilan bog‘lanishga urindi va uning Toshkent, Samarqanddagi idoralariga bot-bot murojaat qildi.

Toshkentdagi idora boshlig‘ining Samarqandda ekani, Samarqanddagisi esa rahbarining Toshkentda ekanini ma‘lum qilish bilan cheklandi.

Ozodlik bu mediamagnatga tegishli bo‘lgan "Darakchi" tahririyati bilan ham bog‘landi. Ammo, Firdavs Abduholiqovning qayerda ekanini unga qarashli gazeta tahririyati ham oydinlashtirib bermadi.

Mediamagnatga yaqin toshkentlik jurnalistlar uni so‘nggi bor Art Week Style.uz san‘at haftaligi ochilish marosimida ko‘rganini aytgan.

Aslida Firdavs Abduholiqov o‘zbekistonlik yirik mediamagnat sifatida har doim matbuot diqqatida turgan figuralardan biridir.

U 1992-1995 yillarda O‘zbekistonda ilk nodavlat telekanal va gazeta ochish bilan birga 2004 yildan buyon mamlakatdagi 60dan ortiq axborot vositasini birlashtirgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasiga rahbarlik qilib keladi.

Bundan tashqari, keyingi yillarda u O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova yetakchiligidagi O‘zbekiston Madaniyati va san‘ati forumi jamg‘armasi tadbirlarida ham faol ishtirok etayotgan amaldorlardan biri sifatida muttasil matbuot ko‘z o‘ngida qolayotgan edi.

Bundan tashqari, ikki hafta muqaddam Usmon Haqnazarov ismi ostida chiqadigan muallifga nisbat berilib, O‘zbekistonga oid internet nashrlarida bosilgan navbatdagi maqola ortidan Abduholiqov faoliyatiga nisbatan tug‘ilgan qiziqish telekanallar efirdan olinishi bilan yanada ortgan.

O‘zbekiston MXXdagi manbalariga tayanishini iddao qiladigan sirli muallifning navbatdagi maqolasida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova o‘rtasida nizo mavjudligi, buning ortidan esa hukumat rahbari g‘azabiga giriftor bo‘ladigan birinchi shaxs, go‘yoki Firdavs Abduholiqov, degan da‘vo ilgari surilgan edi.
XS
SM
MD
LG