Линклар

logo-print
Plastik kartani joriy qilganning otasiga rahmat! Pulingizni xumda obdon saqlangan gurji musallasidek asrab-avaylab, tejab-tergab yuraverasiz. Tushunmadingiz, a? Zarur buyumni plastikka ololmagach, o‘zingizni shunday deb ovutishdan boshqa chorangiz ham yo‘q-da...

Toshkentda asosiy elektrotexnika bozorlaridan biri “Fleshka” markazida (xalq orasida “Malika”) savdo qizigandan-qizigan. Chapdast tujjor yigitlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Jajji quloqchindan tortib hayhotdek televizorgacha, mo‘‘jazgina batareyadan tortib bo‘ydor muzlatgichgacha – anvoyi elektronika va maishiy texnika jihozlarini shu yerdan topasiz. Nomdor brendlarning asl mollari ham, hojatbaror chinliklar chiqargan cho‘ntakbop xitoyi mahsulotlar ham shu yerda.

Gapning ochig‘ini aytgan yaxshi. Elektronika bozoriga plastik kartochka orqali mahsulot sotib olaman, deb bora ko‘rmang. Bekorga ovora bo‘lganingiz qoladi.
Ishonmasangiz, yonma-yon qalashtirib qurilgan o‘nlab do‘konlarga bosh suqib chiqing, plastik kartochka o‘tadiganini kunduzi chiroq yoqib topolmaysiz.

Shaharning boshqa do‘konlarida plastik kartaga xushi yo‘q do‘kondorlar turfa vaj-korsonlarni kiftini keltirib to‘qib bichishadi. Bu yerda esa bahona ham o‘ylab o‘tirishmaydi, plastik kartochkaga savdo qilinmasligini ochiq-oydin, dangaliga, qo‘rqmasdan aytishadi-qo‘yishadi.

“Uzcard” degan ko‘zga cho‘g‘dek ko‘rinadigan yozuv yopishtirilgan do‘konlarga umid va ilinj bilan kirib, tarvuzingiz qo‘ltig‘ingizdan tushib chiqasiz. Ma‘lum bo‘ladiki, bu yozuv “quloq tinch tursin”ga yopishtirilgan.

Ha, darvoqe, ayrim do‘konlardan plastik kartochka orqali mahsulot sotib olish mumkin. Lekin bunga ko‘p quvonmang. Plastik orqali savdo qilgan tujjorlar ko‘zlarini lo‘q qilib mahsulot narxiga 15 foiz ustama qo‘yishadi.

“Chidasangiz shu! Qimmatlik qilayotgan bo‘lsa, birov sizni majburlayotgani yo‘q! To‘rt tomoningiz qibla!”

“Fleshka” markazidagi pul pishqirtirgan do‘kondorlarga qonun bo‘yicha plastik kartochka orqali savdo qilish majburiy ekani, aks holda, javobgarlikka tortilishlari haqida gapira ko‘rmang.

Plastik orqali savdo qilganda, mahsulot narxiga foiz qo‘shish borib turgan jinoyat ekanini ham tushuntirishga urinmang. Aks holda, Sizga xuddi merovga, aqldan ozgan telbaga yoki hozirgina Mars sayyorasidan tushgan kelgindiga qaragandek qarashadi.

Qiziq, plastik kartochkani joriy qilgan Markaziy bank, bu boradagi qonunbuzarliklarni oldini olishga mas‘ul bo‘lgan soliq idorasi “Fleshka” markazidagi kuppa-kunduzgi qaroqchiliklarga nega chora ko‘rmayaptiykan?..

Sarson bo‘lgan xaridor
XS
SM
MD
LG