Линклар

logo-print
Sirdaryoning Boyovut tumanida yashagan 54 yashar fermer Ne‘mat Sulaymonov 5 noyabr kuni o‘zini osdi. Huquq faollariga ko‘ra, fermer mahalliy hokimlik vakillarining bosimiga chiday olmay o‘z joniga qasd qilgan. Xalq shoiri To‘ra Sulaymonning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lgan marhumning oilasi uning o‘limini fermerlik faoliyatiga bog‘liq emasligini aytmoqda.

O‘zbekiston Xalq shoiri To‘ra Sulaymonning to‘ng‘ich o‘g‘li, 54 yashar Ne‘mat Sulaymonovning murdasi 5 noyabr kuni ertalab soat 10 larda o‘z uyida osilgan holda topildi.

“U uyini orqasidagi yangi uyiga kirib o‘zini osgan. Ertalab soat 10 larda topishgan”, dedi marhumning yaqin do‘stlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Hodisani o‘rgangan “Ezgulik” jamiyati tarqatgan press-relizda aytilishicha, “Fermer paxta rejasini uddalashiga ko‘zi yetmagan, tuman va viloyat rahbariyatining muntazam bosimlari ostida yashagan. Doimiy depressiya va qo‘rquv tufayli o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lgan”.

- Keyingi paytlarda u kishining fermer xo‘jaligiga nisbatan, umuman hamma fermerlarga nisbatan og‘ir vaziyatlar bo‘lgani, paxta rejasining to‘lmasligi bilan bog‘liq jiddiy gap-so‘zlar bo‘lgani haqida u kishini bilganlar gapirishdi. Shular oqibatida stressga tushib yurgani, ruhiy og‘ir vaziyatlarni kechirgani to‘g‘risida bizga gapirib berishdi, - deydi “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov.

Sulaymonovning yaqin do‘stlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda fermerning o‘limini uning kasbiy faoliyati bilan bog‘lash noto‘g‘ri, deb hisoblashini aytadi.

Ismini ochiqlamayotganimiz manbaga ko‘ra, u Sulaymonov bilan bir oy avval uchrashganida, do‘sti o‘zining ruhiy muammolaridan shikoyat qilgan.

“Biz Ne‘matning uyida uchrashdik. U bitta joyda o‘tira olmadi. U yoqdan-bu yoqqa yuraverdi. “Nima bo‘ldi”, desam, “Kechasi ham turib ketaman. Uxlashimning ham mazasi yo‘q”, dedi. Men unga namoz o‘qishni maslahat berdim. O‘zi ruhiy holati joyida emasdi”, deydi marhumning yaqin do‘stlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Uning aytishicha, do‘stining fermerlik faoliyatida muammo bo‘lmagan.

“U paxta planini bajargan, deb eshitdim. Ukalari har doim yordam berishadi. Yaqinda bir ukasi Rossiya bilan qo‘shma korxona ochib, ishga tushirdi”, deydi marhumning do‘sti.

Boyovut tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, fermer Ne‘mat Sulaymonovning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish ochilmagan.

Ne‘mat Sulaymonovning otasi –O‘zbekiston Xalq shoiri To‘ra Sulaymon 2005 yilda 71 yoshida olamdan o‘tgan.

Joriy yilda mahalliy hokimlik vakillarining bosim va tazyiqlari ortidan bir qancha fermer o‘z joniga qasd qildi.

18 oktyabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Yonboshqal‘a massivida yashovchi 38 yoshli fermer Safarboy Karimovning jasadi o‘z paxta dalasidagi daraxtga osilgan holda topildi.

Manbalarga ko‘ra, fermer paxta rejasini bajara olmayotgani uchun mutasaddilar tomonidan haqorat qilinganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan.

Joriy yilning iyul oyi oxirida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘shrabot” fermerlar shirkati raisi Ismat Shodmonov yig‘ilishda tuman hokimi tomonidan xo‘rlanib, kaltaklanganidan so‘ng uyiga kelib o‘zini osgan edi.

Shu yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak hurujidan vafot etgan edi.
XS
SM
MD
LG