Линклар

Xiva shahar gaz ta‘minoti idorasining ishchilariga uch oydan buyon maosh berilmayapti. Idora ishchilarining Ozodlikka aytishicha, rahbariyatga bu haqda qilgan takror-takror murojaatlari natijasiz qolmoqda.

Ozodlikning elektron pochtasiga "Xiva shahar gaz ta‘minot" unitar korxonasi ishchilaridan uch oydan buyon oylik maoshini ololmayotgani haqida shikoyat maktubi kelib tushdi.

“Avgust oyidan beri maoshsiz ishlayapmiz. Oyliklarimizni bering deb buxgalteriyaga kirsak boshbux yelka qisib bosh chayqaydi. Boshliqni oldiga kirsak so‘kib-so‘kib haydab soladi. Axir bizning ham bola-chaqamiz bor, ro‘zg‘orimiz bor. Iltimos, yordam beringlar”, deb yoziladi maktubda.

Ozodlik "Xiva shahar gaz ta‘minot" unitar korxonasining bir necha ishchisi bilan bog‘landi. Ular haqiqatan ham maoshsiz qolib, ro‘zg‘or tebratishda qiynalayotganini aytdi:

- Mana to‘rtinchi oyga qarab ketyapti. Oylik berishmayapti. Avgust, sentyabr, oktyabrning oyligini olganimiz yo‘q. Mana noyabr ham o‘tyapti, jimjitlik. Rahbarlardan so‘rasak bilmaymiz, qachon pul kelsa beramiz, deyishyapti, - dedi ishchilardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa bir ishchi ham uch oydan buyon maoshsiz ishlayotganini aytar ekan, xodimlarning nima bilan yashab, qanday tirikchilik qilayotgani idora rahbarlarini umuman qiziqtirmayotganidan nolidi.

- Bizni so‘raydigan odam ham yo‘q. Mana siz so‘rayapsiz, qanday tirikchilik qilyapsizlar, deb. Aslida buni rahbar so‘rashi kerak. Endi har kim bilganicha kunini o‘tkazyapti. Kimdir bolasini nafaqasiga yashayapti, kimdir birovning xizmatini qilib beryapti, kimdir ota-onasining pensiyasiga yashayapti. Yuguramiz, yelamiz, yashaymizda, boshqa na iloj, - dedi ishchilardan biri.

Ozodlik ishchilarning maoshi uch oydan buyon berilmayotganining sababini bilish maqsadida "Xiva shahar gaz ta‘minot" korxonasiga bog‘landi.

Korxona bosh injeneri Anvar Nurullayevning aytishicha, ishchilarga avgust oyining maoshlari berila boshlagan.

- Bugundan boshlab avgust oyi uchun maoshlarni plastik kartochkalarga tushirib beryapmiz. Oyliklarning kechikayotganiga bizning aloqamiz yo‘q. Oylikni viloyatdan tsentralizovanniy tashlashadi, tashlab berishsa biz ham tarqatamiz, bo‘lmasa yo‘q, - dedi bosh injener Anvar Nurullayev.

Ishchi va xizmatchilarning oylik maoshlari kechiktirib berilishi O‘zbekistonda ko‘plab kuzatiladi.

O‘tgan oyda "Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasi" sho‘‘ba korxonasining Ozodlikka bog‘langan ishchilari 3 oydan buyon oyliklari berilmayotganidan arz qilgan edi.

Aprel oyida “Farg‘ona Azot” ochiq aktsiyadorlik jamiyati korxonasining 7000 ishchisiga ikki oydan buyon mehnat haqi berilmayotgani xabar qilingan edi.
XS
SM
MD
LG