Линклар

Qoraqalpog‘iston Davlat universitetining ikkinchi kurs talabasi Ziyoda Allamberganova paxta terimi paytida homilasidan ayrilgan. Sentyabr oyining oxirida bo‘lgan bu voqea Ozodlikka 13 noyabr kuni ma‘lum bo‘ldi. Kursdoshlarining aytishicha, Ziyoda universitet rahbariyatiga homilasi borligi haqida tibbiy ma‘lumotnoma taqdim etgan bo‘lishiga qaramay, paxta terimiga majburan olib chiqilgan.

Nomi tilga olingan oliy o‘quv yurti filologiya fakulьtetining ikkinchi kurs talabasi Ziyoda Allamberganova homilasidan To‘rtko‘l tumanida paxta terayotgan paytda ayrilgan.

Bu haqda Ozodlikka Ziyodaning ismi sir qolish sharti gapirgan kursdoshlaridan biriga ko‘ra, voqea sentyabrning oxirida sodir bo‘lgan:

- Paxta terayotgan paytda Ziyoda qornim og‘riyapti, deb yurardi. Keyin bir kuni tualetga chiqqanida homilasi ham tushib ketgan. Shundan keyin bolnisaga olib borishdi. Boshqa paxtaga chiqmadi, dedi talaba qiz.

Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti filologiya fakultetining o‘zini tanishtirmagan o‘qituvchisi Ziyoda va uning homilasi bilan bog‘liq xabarni tasdiqladi. Lekin uning aytishicha, fojea talaba qiz qarindoshlarining uyiga mehmonga borganida yuz bergan:

- Bu qiz To‘rtko‘ldagi qarindoshlarining uyiga borgan. O‘sha yerda paxtaga chiqqanmi, bilmadim, xullas tualetga kirganida bolasi tushib qolgan ekan, dedi o‘qituvchi.

Ammo, Ziyodaning kursdoshlariga ko‘ra, ularning guruhi To‘rtko‘l tumanida paxta tergan va bu voqea Ziyoda aynan talaba sifatida paxta terayotgan paytda sodir bo‘lgan.

- Bu yil paxta qattiq bo‘ldi. Medspravkasi borlarni ham paxtaga olib chiqishdi. Ziyoda ham homilasi borligiga qaramay paxta terimiga majburan olib chiqildi, dedi talaba qizlardan biri.

29 oktyabr kuni kuni O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi idorasi qoshidagi Qiynoqlarga qarshi qo‘mita ekspertlari bilan uchrashuvda stolni mushtlab O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnat yo‘qligi, paxta terimi mavsumi bu yil bir oygina davom etgani haqida gapirgan edi.

Biroq, O‘zbekistondagi aksariyat oliy o‘quv yurtlari va kollej talabalari qariyb ikki oy davomida paxta terdi.

O‘zbekistonda Ozodlik xabar topgan 2013 yil paxta terimi mavsumi qurbonlari, hali tug‘ilmay nobud bo‘lgan homilani hisobga olganda 10 nafarga yetdi.

16 yoshli Erkaboy Yo‘ldoshev 21 oktyabr kuni Xorazm viloyati Urganch tumanining G‘alaba qishloq fuqarolar yig‘ini hududida paxta terayotgan paytda vafot etgan.

18 oktyabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Yonboshqal‘a massivida yashovchi 38 yoshli fermer Safarboy Karimovning jasadi o‘z paxta dalasidagi daraxtga osilgan holda topildi. Manbalarga ko‘ra, fermer paxta rejasini bajara olmayotgani uchun mutasaddilar tomonidan haqorat qilinganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan.

30 sentyabr kuni Namangan Davlat Universiteti talabalari paxta terayotgan Mingbuloq tumanining Gulbog‘ qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi talabalar yotgan 52-bog‘chada 22 yoshli 4-kurs talabasi J.I. Uychi tumanida yashagan kursdoshi Nuriddin Xoldorovni kaltaklab o‘ldirgan.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Kallamozor qishlog‘ida yashagan 31 yashar Xayrulla Normatov 4 oktyabr kuni Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi paxtazorda jon taslim qildi.

Nukus shahridagi 1-Tibbiyot kollejining 2-kursida tahsil olgan Yembergenova Malika Daryoboyevna 23 sentyabrda Taxtako‘pir tumanidagi Atako‘l qishloqchasidagi yotoqda o‘z joniga qasd qildi.

Do‘stlik tumanida fermerlik qilayotgan Abdug‘ani Jumaboyevning kelini (ismi sharifini aniqlash imkoni bo‘lmadi - Ozodlik) paxta terayotgan paytda o‘lib qolgan. Bu haqda 28 sentyabrda ma‘lum bo‘ldi.

15 sentyabr kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumani Narchoq qishlog‘ida 6 yashar bolakay Amirbek Rahmatov paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga terimchilar tergan paxta tagida bo‘g‘ilib o‘lgan.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi shu fakultet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentyabr kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi, yana biri kasalxonada jon berdi.

9 sentyabr kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG