Линклар

logo-print

Tug‘ruqxona qabul qilmagan ayol farzandi 1 oylik bo‘lguncha Vladivostokda yashab turadi


Vladivostok tug‘ruqxonasi qabul qilmagan Shoira Ulosheva

Vladivostok tug‘ruqxonasi qabul qilmagan Shoira Ulosheva

Rossiyaning Leningrad oblasti, Roshchino poselkasida 7 oylik homilasi bor o‘zbekistonlik ayolni noma‘lum shaxs 9 noyabr kuni kaltaklagani 13 noyabr kuni ma‘lum bo‘ldi.

13 noyabrga o‘tar kechasi Chelyabinsk shahrida biri 31, ikkinchisi 23 yashar ikki tojikistonlik o‘ldirildi.

Ayni paytda, vrachlar qabul qilmagani uchun Vladivostokdagi tug‘ruqxona ostonasida tug‘ib qo‘ygan boshqa bir o‘zbekistonlik ayolni Rossiyadan chiqarib yuborish 1 oyga kechiktirildi.

5 noyabr kuni to‘lg‘oq holatida Vladivostok shahridagi 1- tug‘ruqxonaga “Tez yordam” olib kelgan o‘zbekistonlik ayolni tug‘ruqxona vrachlari qabul qilishdan bosh tortgani to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar bergan edik.

Primor edagi “Adolat” o‘zbeklar jamoat tashkiloti raisi Bahodir Nurakov 13 noyabr kuni Ozodlikka Shoira Ulosheva bilan bog‘liq keyingi voqealarni aytib berdi:

- Kasalxonadan chiqqanidan keyin Shoirani topdik. Shahar chetida, chastniy uyda turarkan. O‘zining ham, chaqalog‘ining ham sog‘lig‘i yaxshi. Hammasi bo‘lib 4 farzandi bor ekan, kattasi – O‘zbekistonda.

Bahodir Nurakovning aytishicha, Shoira Ulosheva tug‘ruqxonadan chiqqanidan bir-ikki kun o‘tgach, oilani FMS xodimlari olib ketgan.

- Bu haqda Shoiraxonning o‘zi aytib berdi. Sud qilishibdi. Sud oilani Rossiyadan 10 kun ichida chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror chiqargan.

Lekin mavjud qonunlarga ko‘ra, sud qarorini bajarish imkonsiz.

- Qonun bo‘yicha chaqaloq bir oylik bo‘lmaguncha poyezdga ham, samolyotga ham bilet sotish mumkin emas.

Biroq baribir politsiya oilani tinch qo‘ymayapti.

- Uloshevlar kecha (12 noyabr) kechqurun mahalliy politsiya xodimlari kelib bo‘limga olib ketganini bo‘limdan turib aytishdi. Bir-ikki soat ushlab turib, sud qarori to‘g‘risida bilishganidan so‘ng qo‘yib yuborishdi.

Ayni paytda Vladivostokdagi 1- tug‘ruqxona Shoira Uloshevadan 20 ming rubl talab qilmoqda.

- Aytishicha, Shoiraxonning eri pulni to‘lamoqchi emas. Agar yaxshi qabul qilib, yaxshi xizmat ko‘rsatishsa, bergan bo‘lardim, deyapti eri, dedi Bahodir Nurakov,

Agar oila bu pulni to‘lay olmasa, Nurakov o‘zi raislik qiladigan “Adolat” o‘zbeklar jamoat tashkiloti tug‘ruqxona haqini to‘lashni o‘z zimmasiga olajagini bildirdi.

1- tug‘ruqxona telefonini ko‘targan xodim ish vaqti tugaganini, (Vladivostokda kun botgan edi) rahbariyat ish joyida yo‘q ekanligini ro‘kach qilib, savolimizga javob bermadi.

Shoira Uloshevaning o‘zi ham, uning turmush o‘rtog‘i ham jurnalistlar bilan muloqotdan qochmoqda. Biz ham ular bilan bog‘lana olmadik.

Rossiyaning Leningrad oblasti, Roshchino poselkasida bo‘yida 7 oylik homilasi bor o‘zbekistonlik ayolni noma‘lum shaxs 9 noyabr kuni kaltaklagani 13 noyabr kuni ma‘lum bo‘ldi.

47News portalining bu haqdagi xabarini Roshchino posyolkasi politsiya bo‘limi navbatchisi Ozodlikka na tasdiqladi va na inkor etdi.

- Men 9 noyabr kuni navbatchilik qilgan emasman, shuning uchun xabarim yo‘q, dedi politsiya xodimi

Xabar qilinishicha, kaltaklangan homilador ayol 18 yashar o‘zbekistonlik bo‘lib, Sankt-Peterburg shahrida vaqtinchalik qayddan o‘tgan, lekin Leningrad oblast, Viborg rayonida qayddan o‘tmay yashagan. 9 noyabr tunida noma‘lum shaxs uning qorniga bir necha marta zarba bergan.

O‘zbekistonliklarning Rossiyadagi “Vatandosh” jamiyati Usmonali Baratovning aytishicha, Biryulovo voqealaridan keyin avj olib ketgan millatchilik kayfiyati hanuz kuchliligicha qolmoqda.

Ozodlik radiosi tojik xizmatining Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasiga tayanib xabar qilishicha, 13 noyabrga o‘tar kechasi Chelyabinsk shahrida biri 31, ikkinchisi 23 yashar ikki tojikistonlik o‘ldirilgan. Elchixona vakillari jinoyat tafsilotlarining o‘rganish uchun voqea joyiga jo‘nab ketgan.
XS
SM
MD
LG