Линклар

logo-print
“Toshkent shahrining xo‘jalik sudi “Novosti Uzbekistana” gazetasi ustidan “terrorizmni targ‘ib qilgani uchun” hukm chiqardi, lekin o‘z qarorini nashrdan sir tutmoqda”, deb xabar qildi Uznews.net sayti 14 dekabr kuni.

Saytga ko‘ra, “Sudning o‘tgan juma kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “Novosti Uzbekistana” muassislari vakillarigina qatnashgan, gazeta tahririyati xodimlari, shu jumladan amaldagi bosh muharrir ham taklif qilinmagan”.

“Muassislar sud hukmini, majlisda e‘lon qilajaklarini aytib, sir tutmoqda”, deb yozdi Uznews.net.

Ozodlik “Terrorchilikni targ‘ib qilganlikda” ayblanib faoliyati to‘xtatilgan “Novosti Uzbekistana” gazetasi ustidan sud mahkamasi 8 noyabr kuni o‘tkazilishi kutilayotgani to‘g‘risida 4 noyabr kuni xabar qilgan edi.

Gazetasi tahririyati vakiliga ko‘ra, O‘zbekiston axborot va matbuot agentligi gazeta tahririyati ustidan xo‘jalik sudiga "ongli tarzda terrorchilikni tashviqot qilganligi"¸ "Xalq osoyishtaligini buzib vahima tarqatganligi" va “Davlat tili qonunini mensimaganligi" uchun litsenziyadan mahrum qilish haqida da‘vo arizasi bergan.

Manbaning aytishicha, gazeta sahifasida 2005 yilning mayida, Andijon hokimiyati binosi isyonchilar tarafidan o‘rab olingan paytda olingan suratning texnik yanglishish oqibatida chop qilinib qolgani tahririyatga qarshi sudga da‘vo kiritilishiga sabab bo‘lgan:

- Sahifalovchi Andijon hokimiyatining yutuqlari haqidagi maqolaga bilmasdan 2005 yil 13 may kuni Andijon hokimligi binosini isyonchilar ishg‘ol qilgani haqidagi rasmni qo‘yib yuborgan. U bilmasdan qilgan. Qaysi ahmoq bilib turib shu ishni qilishi mumkin. Terrorist bo‘lsa, boshqacha yo‘l tutgan bo‘lar edi¸- degan edi suhbatdosh.

Manbaga ko‘ra¸ gazeta faoliyatining to‘xtatib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan rasm 10 oktyabr kuni “Novosti Uzbekistana” gazetasining 43-sonida chop qilingan. Andijon haqidagi maqolani “bezagan” rasmga e‘tibor qaratgan “hushyor” mulozimlar “signali”dan keyin 1 noyabrdan boshlab gazetani chop qilish bosmaxona tarafidan butkul rad qilindi, degan edi suhbatdosh.

- Hozir falaj ahvoldamiz. Oyliklar berilmayotir. Tahririyatda asabiy vaziyat hukmron. Sud bizni butkul to‘xtatib qo‘yadi degan havotirdamiz,- degan edi suhbatdosh.

Uznews.netning 14 noyabr kungi xabariga qaraganda, gazeta xodimlari sentyabrь uchun maoshini hanuzgacha olmagan.

OOO "Media-biznes" shirkati tarafidan mustaqil gazeta sifatida chiqariladigan “Novosti Uzbekistana” nashr 2012 yilda ham tanqidiy maqola chop qilgani uchun sudga tortilgan edi.

O‘zbekistondagi “Ekologik harakat” o‘tkazayotgan tadbirlar tanqid qilingan maqola chop qilinganidan keyin “Ekoharakat” “Novosti Uzbekistana” gazetasini sudga bergan edi.

Toshkent shahar xo‘jalik sudining 2012 yil aprel oyidagi mahkamasi “Ekoharakat” foydasiga ajrim chiqarib¸ gazetani jarimaga tortgan edi.
XS
SM
MD
LG