Линклар

logo-print
Birinchi dekabrdan boshlab “O‘zbekenergo” davlat aktsiyadorlik kompaniyasining joylardagi bo‘limlari iste‘molchilarning elektr energiyadan qarzini undirish uchun maxsus guruhlar tuzadi. Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorda aytiladi.

“O‘zbekenergo” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi birinchi dekabrdan boshlab iste‘molchilar qarzini undirish maqsadida maxsus guruhlar tuzadi. Bu guruhlar huquqshunoslik ma‘lumoti bo‘lgan malakali mutaxassislar bilan to‘ldiriladi.

Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan “O‘zbekenergo” DAK faoliyatini takomillashtirish va iste‘mol qilingan elektr energiyaning hisob-kitob intizomini mustahkamlash to‘g‘risida”gi qarorda aytiladi.

Qarorga ko‘ra, shuningdek, elektr tarmoqlariga g‘ayriqonuniy tarzda ulangan holatlarni aniqlash maqsadida malakali injener-texnik xodimlardan tarkib topgan va kerakli texnik vositalar bilan ta‘minlangan texnik guruhlar ham tuziladi.

Yangi qarorga ko‘ra, 2013-2018 yillar orasida mamlakatdagi barcha elektr hisoblagichlar “Elektr energiyasini nazorat va hisob-kitob qilishning avtomatlashtirilgan tizimi”da ishlaydigan hisoblagichlarga almashtirilishi lozim.

Jismoniy va yuridik shaxslar elektr hisoblagichlarining almashtirilishi “O‘zbekenergo” DAKning o‘z hisobidagi va jalb qilingan mablag‘lari asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, mazkur qarorga ko‘ra, birinchi dekabrdan so‘ng iste‘molchi bir oyga oladigan elektr energiyasi qiymatining kamida 50 foizini oldindan to‘lagan taqdirdagina unga elektr energiyasi yetkazib beriladi.

"O‘zbekenergo" DAKning tarmoq idoralaridan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisga ko‘ra, qarzlarni undirish uchun guruhlar tuzilganiga uch yil bo‘lgan:

- Qarzni undirish uchun guruhlar tuzilishi yangilik emas. Uch yildan buyon mahalla raislari, o‘qituvchi, melisalar va biz mutaxassislardan iborat guruh uyma-uy yurib qarzdorlarni aniqlaydi, tarmoqdan uzadi, deydi elektrchi.

Mutaxassis elektr hisoblagichlarning yana almashtirilishida mantiq ko‘rmayotganini aytar ekan, shu paytgacha bu hisoblagichlar iste‘molchilar hisobidan uch marta almashtirilganini eslatadi:

- Avval ham hisoblagichlarni elektr tarmoqlari idoralari o‘z hisobidan qo‘yib berishlari kerak edi. Lekin har almashtirilganda hisoblagichlar puli aholidan undirib olingan. Mana oxirgi uchyotchiklarimizni 120 ming so‘mdan qo‘yayapmiz. To‘g‘ri qarorda tekin bo‘lishi mumkin, lekin amalda bunday emas-da. Hatto eng kam ta‘minlangan oilalardan ham puli undirib olindi, deydi mutaxassis.

Mutaxassis fikricha, avvalgi hisoblagichlar ham binoyidek ishlagan va ularni “aldab” bo‘lmasdi:

- “Ximichit” (firibgarlik demoqchi-tahr.) qilishning iloji yo‘q edi. Ular ham elektronniy edi. Agar kompyuterni chuqur biladigan biror odam uchetchikni orqaga qaytarishni bilmasa, bu ish elektriklarning qo‘lidan kelmasdi, dedi elektrchi.

Mutaxassis aholining elektr energiyasidan qarzi juda ko‘payib ketganligi haqidagi iddaolarni shubha ostiga oladi:

- Aholining qarzi balki buncha ko‘p emasdir. Menimcha, bu yerda o‘yin bo‘lyapti. Konkretno misollar bilan aytaman. Kichik ishlab chiqarish korxonalari ko‘payib ketdi. Ana shular inspektorlar bilan o‘yin qiladi. Ular ishlatilgan elektr energiyaning 50 foiz pulini inspektorni qo‘liga naqd beradi. Inspektorlar esa yuz foiz to‘landi, deb yozib beradi. Keyin buni yopish uchun aholining bo‘yniga sochib tashlaydi, dedi mutaxassis.

Elektr tarmoqlari idorasi xodimiga ko‘ra, toki bu sohaning rahbarligiga haqiqiy mutaxassislar kelmas ekan, ijobiy o‘zgarish bo‘lmaydi:

- Bizning rahbarlarimizning juda ko‘pi yoki suv xo‘jaligidan chiqqan, yoki melisadan, artistlikdan pensiyaga chiqqan odamlar. Elektr idorasi rahbarini hokim almashtiradi. Ular bu sohani umuman tushunmaydi, lekin rahbar. Men shuning uchun bu sohada o‘zgarish bo‘lmayapti, deb o‘ylayman. Tepada, vazirlikda ham shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman, dedi "O‘zbekenergo" DAKning tarmoq idoralaridan birida ishlaydigan mutaxassis.
XS
SM
MD
LG