Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:41

Baba Ali - 24 soatda musulmon bo‘lgan eng mashhur notiq


2009 yilda dunyoning ta‘siri kuchli 500 musulmonidan biri bo‘lgan Ali Ardakoniy — internetda esa Baba Ali nomi bilan tanilgan hajvchi Ozodlikka intervyu berdi. Bolaligida bekorchi, bezori va hatto o‘g‘ri to‘dalar ichida yurgan, ammo 20 yoshga yetgach bir kecha-kunduzda musulmon bo‘lgan Baba Alining ma‘ruzalari internetda 10 million marotabadan ortiq tomosha qilingan.



“Islom va musulmonlar” eshittirishida yangi turkum


"Islom va musulmonlar” eshittirishi orqali yangi turkum sahifalarni taqdim qilish harakatidamiz.

Shu vaqtga qadar O‘zbek imomlari rukni orqali O‘zbekistonda yashagan, yashayotgan sanoqli islom olimlari taqdiriga oid hikoyalarni taqdim qildik. (Bu ruknni ham davom ettiramiz va yangiliklarlarni bundan buyon "Musulmonlar va demokratiya" sahifasida kuzating.)

Bundan bayon ko‘zguni O‘zbekistondan tashqaridagi musulmonlarga tutmoqchimiz va diqqatimizni faqatgina o‘zbek musulmonlari emas, boshqa millat vakillariga ham qaratmoqchimiz.

Bu yo‘ldagi dastlabki sahifamiz qahramoni internet tarmog‘ida ma‘ruzalari10 million marotadan ortiq tinglangan, nomi dunyoning ta‘siri kuchli 500 musulmoni ro‘yxatiga kiritilgan notiq Baba Ali - Ali Ardakoniydir.



24 soat ichida musulmon bo‘lgan bezori bolakay


Asli eronlik, ammo hozir AQShning Kaliforniya shtatida yashayotgan 37 yashar Baba Ali – Ali Ardakoniyning aslida musulmonlik va islom dinidan xabari bo‘lmagan.

Ya‘ni islomiy davlatdan bo‘lgan bu oilada musulmonlikka amal qilgan va bu haqda Aliga so‘zlagan biri bo‘lmagan.

O‘z tili bilan aytganda u musulmon bo‘lgunicha “o‘ta yomon ishlar bilan shug‘ullangan ko‘cha bolasi” bo‘lgan.

- Islomga kirgunimga qadar mening juda yomon do‘stlarim bo‘lgan. Ba‘zida ular xavfli ham edi va ularning ayrimlari qamoqqa ham tushgan. O‘shanda men juda yomon ahvolga tushib qolgan va yashashdan maqsadimni yo‘qotgan edim. O‘sha kezlarda men Vikka diniga e‘tiqod qilar edim, tabiatdan har xil ilohlarni topib olib sig‘inib yurar edim. Ammo, Ollohga shukr, bir kuni meni islomga to‘g‘ri amal qiladigan musulmonlarga yo‘liqtirdi, zero, bunaqa musulmonlar bugungi kunda juda kam uchraydi va men ularning ta‘sirida 24 soat ichida islomni qabul qildim, - deydi Ali Ozodlik bilan suhbatda.

Xuddi o‘sha kezlarda 20 yashar Alining otasi og‘ir xastalikdan olamdan o‘tgan va bir to‘da bezori bolalar ichida katta bo‘lgan yosh o‘spirin chuqur umidsizlikka tushib qolgan edi.

- Men hayot haqiqatini anglash uchun turli dinlarni o‘rganishga kirishdim va qaysidir nuqtaga kelganda mazmunni yo‘qotib qo‘yaverdim. Oxir-oqibat, o‘rganmaganim bir islom dini qoldi va men bur kun sochlarini qirmizi rangga bo‘yab olgan qiz o‘rtog‘im bilan Islomiy madaniy markazlardan biriga bordim va ertasi kuniyoq islomni qabul qildim, - dedi Ali Ardakoniy.

U islomni qanday tanigan bo‘lsa, uni xuddi shu yo‘l bilan boshqalarga o‘rgatishga qaror qilgach, hayot tarzi mutloq o‘zgarib ketganini aytadi.



Mayda masalalar bilan mashg‘ul musulmonlardan qochish


Aslida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan, kichikkina biznes ochishni orzu qilib yurgan Ali 20 yoshida musulmon bo‘lgan va zudlik bilan islom ilmini o‘rganishga kirishgan.

Qur‘on, hadis, fiqh kitoblarini varaqlay boshlashi bilan Ali atrofidagi aksar musulmonlar dindorlikni – ibodat va ilmda, deb bilishi hamda shu bilangina cheklanib qolayotganini seza boshlaganini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, islom tarixi va ahli ilmlardan qolgan kitoblarni o‘qishu, besh mahal namoz hamda ro‘zani musulmonlik, deb tushunayotgan dindoshlari uni hayratga solgan.

Eng achinarlisi, aksar musulmonlarning tahoratni qanday olish, namozni qanday o‘qish ustidagi bahslar bilan ovvora ekani edi, deydi Ali Ozodlik bilan suhbatda.

- Islomda mavjud to‘rt yirik ta‘limot – Hanafiy, Shofeylik, Molikiy va Hanbaliy mazhablari aslida islom fiqhidan ta‘lim beruvchi to‘rt yirik ta‘limotdir. Ularning hammasi to‘g‘ri. Ammo, bugun biz musulmonlar namozda qo‘lni qanday tutish haqida soatlab bahslashamiz. Hatto, sunniylar va shialar — bir-birimizni Islom dini qonunlarini buzganlikda ayblab qoralaymiz va shu bilan bugungi musulmonlar uchun dolzarb bo‘lib turgan yirik muammolar – oiladagi zo‘ravonlik, ajrashishlar va farzand tarbiyasi yohud "musulmon" va "islom" so‘zlari yoniga terrorchi, degan tamg‘aning yopishtirilayotganiga oid muammolardan chalg‘ib o‘tiribmiz, - dedi Ali.

Ali Ardakoniy buni reallikni tobora chuqur anglagani sari shunchalik ko‘proq siqila boshlagani va oxir-oqibat, bu haqdagi fikrlarini boshqalarga ulashishga qaror qilganini aytadi.

U rafiqasi va ikki farzandi bilan yashayotgan Los Anjeles shahridagi ikki xonali uyining bir xonasini kichikkina studiyaga aylantirib, Ummah Films nomli studiya ochadi va yig‘ilib qolgan fikrlarini jamlab, tartibga solib, internet orqali ma‘ruzalarni boshlaydi.



Islomni boshqalarga tanitish istagi


Baba Ali shu kunga qadar 10 tadan ma‘ruzani o‘z ichiga olgan 3 ta turkumni e‘lon qilgan. Shu kunlarda to‘rtinchi turkum ustida ishlayapti.

Uning Youtube tarmog‘ida ko‘p tinglangan ma‘ruzasi islomni qabul qilgan aksar musulmonlarda kuzatilgani kabi “Men qanday qilib musulmon bo‘ldim”, degan mavzuda.

Eshittirishimiz boshida so‘zlab bergani kabi Baba Ali 24 soat ichida musulmon bo‘lgan va bugungi dunyoda adashib-uloqib yurgan musulmonlar haqida so‘z borar ekan, ularga qarata har doim aytadigan gapi: “Biz islomni namuna o‘laroq namoyon qilishimiz kerak”, degan gapdir.


Ma‘ruzada uxlab qolmang!


Avvaliga Baba Alining nutq so‘zlash uslubi haqida ikki og‘iz so‘z.

Hozir AQShda hajvchilik bilan shug‘ullanayotgan musulmon so‘z ustalari ko‘paymoqda.

Ular satira va yumor vositasida bugungi musulmonlarga kamchiliklarini namoyish qilar ekan, shu orqali xatolarni to‘g‘irlash va sof islomni tushuntirishga urinadilar.

Ulardan biri bo‘lgan Baba Ali yirik planda kamera qarshisiga o‘tiradida, tomoshabin bilan go‘yoki yuzma-yuz suhbatlashadi.

Ammo, bu suhbatlar davomida Ali din va musulmonlar haqida tortishayotgan ikki kishining rolini ijro etadi. Kameraning u yonidan bu yoniga tez-tez o‘tar ekan, Baba Ali bugun aksar musulmonlar tilining uchida turgan savollarni ular tilidan o‘rtaga tashlab, o‘z tili bilan javob beradi.

Ochig‘i, uni ilk bor tomosha qilishni boshlagan tomoshabin Alining favqulloda tez va kutilmagan harakatlaridan o‘zini toliqqanday his qila boshlaydi.

- Men maxsus shunday uslubni tanlaganman. Chunki aksar hollarda juma xutbalariga borgan musulmonlar zerikib, uyqusrab o‘tiradilar. Ma‘ruza qilayotgan imomlar ham zerikarlik va og‘ir tilda ma‘ruza qiladilar. Aslo bunday bo‘lishi kerak emas. Hayotimiz uchun o‘ta zarur bo‘lgan diniy masalalar qiziq va jonli tilda, so‘zlashuv uslubida bo‘lishi kerak, deb hisoblayman, - dedi Ali o‘z uslubi haqida bergan savolimizga javoban.

Quyidagi videoda uning aynan Juma namozidagi xutbalar haqidagi ma‘ruzasini tomosha qilishingiz mumkin.



Islomni musulmonga tushuntirayotgan ekspertlar haqida


Baba Alining bugungi ommaviy axborot vositalarida islom dini talqiniga munosabati aks etgan ma‘ruzasi ham ko‘plab internet foydalanuvchilari e‘tiborini qozongan.

- Har gal televizorni yoqsam, islomni tushuntirayotgan birini ko‘raman. Lekin u tanitayotgan islomni men tanimayman. Xuddiki, u mutlaqo boshqa din haqida gapirayotgandek. Chunki, ular har gal dinni ekstremistlarga bog‘layveradilar, der ekan Ali ko‘pchilikning tili uchida aylanayotgan savolni boshqa biri qiyofasida o‘rtaga tashlaydi:

- Balki tasodifdir?!

Keyin esa Ali va bu savolga: “Men bunday hisoblamayman”, deya javob beradi hamda buning sababini qisqa va lo‘nda tilda tushuntirishga urinadi:

- Ular shu yo‘l bilan ma‘lum bir kishilarda jamoatchilik fikrini uyg‘otadi va oqibatda, ular islomni yomon ko‘radilar. E‘tibor qiling, bugun islom dini haqida eng ko‘p yolg‘on informatsiya berilayotgan soha kinoindustriyadir. Chunki ularning uzrlari bor: "Bu axir kinoku!?" deyishadi-qutulishadi. Bunaqa kinolarda musulmonlar rolini o‘ynayotgan aktyorlar haqida esa men: “Ular uy vazifasini bajarmagan”, degan bo‘lar edim, - deydi Ali.

Uning fikricha, islom va musulmonlar haqida so‘z ochayotgan ekspert hamda musulmonlar qiyofasiga kirayotgan aktyorlarning aksar hollarda bu dinni eng zarur darajada bo‘lsa-da, o‘rganmasdan bu ishga kirishgani yaqqol ko‘rinib qoladi.

Buning eng oddiy misoli o‘laroq, Baba Ali shunday holatni misol keltiradi:

- Nima uchun ular har gal iblisga tenglashtirilgan bosh qahramon ekranda paydo bo‘lishi bilan kadr ortidagi fonda azonni eshittiradilar? Ey yaxshilar, axir azon namozga chaqiriq, xolos! Bu tasodifmi?! Men bunday demagan bo‘lar edim. Aslida ular shu harakatlari bilan tinchlikni ko‘zlagan dinni zulmga qorishtirmoqdalar, - deydi Ali azonning asl mazmunini yana bir karra yodga olishni tavsiya qilar ekan.



Bugungi dunyoda musulmon bo‘lish oson emas


Baba Ali ma‘ruzalarida kundalik aktual masalalarni bir-bir tilga olar ekan, bular orasida bevosita har bir musulmonga tegishli bo‘lgan nuqtalarni topish va ziddiyatlarga barham berishga urinadi.

- Aslida bugungi dunyoda musulmon bo‘lish oson emas. Ayniqsa, 2001 yilgi 11 sentyabr voqealaridan buyon. Bugun yer yuzida yashayotgan 6 milliarddan ortiq odamning 1 yarim milliardi musulmon. Demak, agar islom terorni o‘qitsa, unda har 4 musulmonning biri zo‘ravonlik qilishi kerak. Endi, musulmon jinoyatchi ko‘rsatilgan ommaviy teleshouni oxirgi marta qachon ko‘rgansiz, ayting menga? - deb savol tashalagan Ali AQShdagi telekanallarning kriminal xronikani berib boradigan bir necha mashhur shoularini sanaydi.

Darhaqiqat, qizlarini uyi yerto‘lasiga qamab, yillar davomida zo‘rlagan otalar, qo‘shni oilani o‘ldirib, bog‘chasiga ko‘mib yuborayotgan jinoyatchilar, narkotikka berilib ketgan yoshlar, banklarni o‘marayotgan robberlaru hakerlar, killer yollayotgangan ziyolilar va hokazo ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy jinoyatlarni hikoya qiladigan teleshoular AQSh va umuman zamonaviy dunyoda ommalashib bormoqda.

Baba Ali bu fikrni tilga olganini shunday izohlaydi:

- Aslida bunday jinoyatchilar hamma diniy guruhlarda bor. Shuning uchun siz bu dinni (Islomni - Tahr.) tushunmoqchi bo‘lsangiz, musulmonlarni emas, islomni o‘rganing! Aks holda Xitoydagi musulmonlar soni Saudiya Arabistonidagi musulmonlar sonidan ikki barobarga ko‘p bo‘lmas edi, - deydi Ali va bu gapida musulmonlikni ota-onasidan meros olganlarni emas, balki musulmonlikka amal qiladiganlar nazarda tutganini aniqlashtirib.

Ma‘ruzalarida yana Baba Ali shu kunlardagi musulmonlarning bosh og‘rig‘iga aylangan aeroportlardagi tintuvlarni hajv qiladi.

Unga ko‘ra, buning asl sabab bugungi dunyoda islomni tushunmaydiganlar va ommaviy axborot vositalari bosimi ostida tushunishni istamaydiganlarning ko‘payyotgani, deb hisoblashini aytadi.



Musulmon bo‘lsang, samolyotda uchib ko‘r!


“Aeroport xavfsizligi xodimlari, odatan sharqona qiyofadagi odamni ko‘rsa, hatto musulmon bo‘lmasada uni, albatta tekshiradi. Avallari qora bo‘lsang, mashina minib ko‘r, degan gap bo‘lardi. Hozir esa musulmon bo‘lsang, samolyotda uchib ko‘r, degan naql paydo bo‘lgan. Kirib borar ekansiz, xavfsizlikka mas‘ul xodimlarning soxta tabassum va mantiqsiz savollarga boy tekshiruvidan o‘tishga majbur qolasiz”, deydi Ali ma‘ruzalaridan yana birida.

Keyin esa xavfsizlik xizmati xodimi bilan odatiy suhbatni hajv qiladi.

"Assalomu alaykum, janob. Shirkatimizga xush kelibsiz, biz tanlov asosida yo‘lovchilarimizni tekshiryapmiz va bugun siz tanlandingiz. Maylimi, sizni elektron uskunalarimiz vositasida tekshirsak?

Bu savolga siz albatta: "Ha” deb javob berasiz va bu xodim keyingi mantiqsiz savolga o‘tadi:

- Sizga ba‘zi savollar bersam va sumkangizni tekshirsam, ruxsatingiz bilan!

Siz yana: "Ha" deysiz. Keyin u yana so‘raydi:

- Siz biror xorij davlatiga uchayapsizmi?

Siz esa hayron bo‘lasiz va: “Bu mahalliy reys emasmi?” deyishga urinasiz. Ammo, xavfsizlik xizmati xodimi gapingizni shartta bo‘ladi:

- Janob, iltimos savollarimga javob bering! - deydi yana o‘sha soxta tabassumini saqlashga uringan xodim va keyin navbatdagi mantiqsiz savolni beradi:

- Bugun sizning biror terrorchi davlatga sayohat qilish rejangiz bormi?

Bu savolga javoban siz: “Men axir Chikagoga uchmayapmanmi?” deb enasangiz qotsa, u yana yumshoq ohangda tahdid qiladi:

- Janob, savolga javob bering, iltimos!

Siz esa: "Yo‘q terrorchi davlatga uchmayapman. Ammo, janob "terrorchi davlat" degani nima degani o‘zi?" deb so‘rashga majbur qolsangiz, bu xodim yana soxta muloyimlik bilan sizga javob beradi:

- Bombalayotgan yoki bombalashni rejalayotgan istalgan davlat yohud bombalayotgan yoki bombalashni rejalayotgan istalgan davlatni quvvatlayotgan istalgan davlat — terrorchi davlatdir, janob.

- Axir, bu deyarli dunyoning hamma davlati, degani emasmi?

– Ha, xuddi shunday, janob, - deya javob bergan xavfsizlik xodimi kamiga so‘nggida sizga oq yo‘l ham tilaydi:

– Bizning shirkatimiz xizmatidan foydalanganingiz uchun katta rahmat, janob! Iltimos, faqat mahalliy reyslar yo‘nalishida uchishda davom eting, rahmat janob!

Shu tariqa, nazorat postidan o‘tishingizga ruxsat beradi. Eu Xudo o‘zingga shukr, deb 10 qadam yurar–yurmas, qiyofasi avvalgisidan hech farq qilmagan navbatdagi xavfsizlik xodimga duch kelasiz:

- Assalomu alaykum janob, shirkatimizga xush kelibsiz, biz tanlov asosida yo‘lovchilarimizni tekshirayapmiz va bugun siz tanlandingiz! - deya hajv qiladi mahorat bilan xavfsizlik xodimi qiyofasiga kirgan Baba Ali.


Ortiqcha ezma, maydagap bo‘lmang, birodar!


Bugun islomga ergashganlarga nisbatan ko‘p hollarda asossiz va ortiqcha ehtiyotkorlikka asoslangan siyosatni “paranoya”, deb tanqid qilgan Ali musulmonlarning o‘zida uchraydigan kamchiliklarni ham unutmaydi.

"Iltimos, noqulay va bema‘ni harakatlaringiz bilan sekyuritida turgan xodimlar diqqatini tortib, yo‘lovchilar navbatini uzaytirmang! Buning uchun ba‘zi eslamatmalarni bershim mumkin. Quyidagi harakatlardan cheklaning:

1-harakat: Noto‘g‘ri tushunilishi mumkin bo‘lgan komik futbolkalarni kiymang!
2-harakat: Samolyotda berilgan ovqatning haqiqatda halol yoki halol emasligi ustida bort xodimlari bilan ortiqcha tortishmang!"

Bu eslatmalarni berar ekan, Baba Ali, injiq va maydagap musulmon qiyofasiga kiradi:

"Quloq soling, men ishonch hosil qilishim kerak: Bu go‘sht halolmi, rostdan ham halolmi, haqiqatda ham halolmi, deyapman sizga? Men halol ovqat buyurma qilganman, pulini to‘laganman! Menga qassobning kimligini ayting! Qassobning ismini ayting! U qo‘li bilan so‘yganmi molni yoki elektron moslama bilan so‘yganmi? So‘yilgan mol nima yegan? Agar qassobni topib bermasangiz men bu ovqatni yemayman! Hey, menga qarang, dedim?! U holda menga menejerni chaqiring! - deydi bezorijon musulmon yo‘lovchi qiyofasiga kirgan Ali.

U bunday xulqi bilan musulmonlarni boshqa din vakillariga jig‘iga tegmaslik, ularning sabrini sinamaslikka chaqiradi.



Musulmonning eng katta muammosi — uning o‘zi!


Nazariga tushgan hamma-hammani ayovsiz hajv qilayotgan va shu yo‘l bilan asl islom – tinchlikni targ‘ib qiluvchi, poklik-hallollikka chaqiruvchi, zulm va zo‘ravonlikdan qaytaruvchi islomni tushuntirishga uringan Ali Ardakoniy bugungi musulmonning eng katta muammosi uning o‘zi, deb hisoblaydi.

- Bugungi eng katta muammo bu — Sizning o‘zingiz! Bugun ota-onalar o‘z avlodlarini to‘g‘ri tarbiyalashi lozim va bu borgan sari qiyinlashmoqda. Bugun musulmon ota-onalar o‘z farzandini tushuna olmayapti. Kattalar bir kun yurtimizga qaytamiz, deydi. Ammo bolalari uchun vatan u yashayotgan davlat. Kattalar bolalarini o‘zining yaqinlari va millatdoshlari bilan oila qilsin, deydi. Bolalari esa birga o‘sgan yaqinlari orasidan umr yo‘ldosh qidiradi. Kattalar ishla, pul top va g‘amla, bir kun vatanga qaytamiz, deydi. Bolalari esa bugun yashashni istaydi. Vaholanki, bu ijtimoiy hayotimizdagi muammolarning bir qismi, xolos. Bunaqa muammolar qaynab yotibdi va bizning aybimiz – o‘zimizni yaxshi anglamaganimizda, - dedi Ali Ozodlik bilan suhbatda.



Inshaolloh, yaxshi musulmon bo‘lsangiz, hamma sizga intiladi


Baba Ali bugungi islom va musulmonlar muammosini uch qismga bo‘lib, bunga tartib berishga urinadi.

Uning fikricha, bugungi musulmon birinchi o‘rinda o‘zi va Olloh o‘rtasidagi munosabatni anglashi va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi lozim. Ikkinchi navbatda, o‘zining o‘zi bilan munosabatini isloh qilishi, uchinchi o‘rinda esa o‘zi va boshqalar o‘rtasidagi munosabatni anglab olishi va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi lozim.

- Inshaolloh, agar siz yaxshi musulmon bo‘lsangiz, boshqalar sizga o‘xshashga intiladi. Boshqalarga namuna bo‘lish esa bizning o‘zimizga bog‘liq. Buning men bilgan to‘g‘ri yo‘li esa — islomga to‘g‘ri va to‘liq amal qilishdir! Biz boshqalarga o‘rnak bo‘lish orqali islomni namoyish qilishimiz kerak, - deydi Baba Ali har videohajviyasi so‘nggida.
XS
SM
MD
LG