Линклар

logo-print
Toshkent markazida o‘tgan hafta O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi qoshidagi Kontrabandaga qarshi kurash bosh boshqarmasi tarafidan bir kunda muhrlangan 14 do‘konning yopilish sabablari izohlandi.

O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasidagi Ozodlik manbasining aytishicha, bu do‘konlar 14 noyabr kuni o‘tkazilgan reyd davomida aniqlangan jiddiy moliyaviy jinoyatlar bois birdaniga yopib qo‘yilgan.

Manbaga ko‘ra, bu do‘konlarda dunyoning qimmatbaho brendlari deya taqdim qilingan soxta kiyim-kechaklar sotilgan.

Toshkentdagi qimmatbaho brend tamg‘asi ostida soxta mol sotadigan boshqa do‘konlar qolib, nega bu 14 ta do‘kon O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi qoshidagi Kontrabandaga qarshi kurash bosh boshqarmasi nishoniga aylangani haqida Ozodlik manbasi biror-bir ma‘lumot bermadi.

Bu orada O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi mamlakatdagi Podrobno.uz nashri vositasida Toshkent markazidagi yopilgan moda butiklaridagi “fosh qilingan tovlamachiliklar” haqida tafsilotlarni ochiqladi.

Bu ma‘lumotlarga ko‘ra¸ “New Millennium”, “New Millennium Kids”, “New Millennium Sport”, “Geox”, “S.Oliver”, “Adventure”, “Mango”, “Levis”, “Benetton”, “Antonio Moratto”, “Chicco” kabi 14 do‘konda kirim qilinmagan katta summadagi valyuta O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasi tekshiruvchilari tarafidan musodara qilingan.

Qo‘mitaning matbuotga sizdirgan ma‘lumotlarida aytilishicha, bu do‘konlarda “qo‘shbuxgalteriya” tizimi yuritilib, xodimlar asosiy oylikni konvertlarda olishgan va oz miqdorda maosh oldim, deb to‘lov qog‘ozlariga imzo qo‘yishgan.

Podrobno.uz nashridagi ma‘lumotlarda keltirilishicha, bu 14 ta do‘konda davlat nazoratini chetlab o‘tib, daromad qilishning keng qamrovli jinoiy tizimi yaratilgan.

Bundan tashqari, bu do‘konlarda dunyoning qimmatbaho brendlari, deya taqdim qilingan soxta kiyim kechaklar sotilgani ham aytiladi.

Do‘konlar ichida kiyimlarga soxta brend yorliqlarini yopishtirib berishga moslashgan yashirin sexlar faoliyat yuritgan.

Ozodlikning O‘zbekistondagi butik biznesiga yaqin manbalari bu do‘konlarning asl egasi Gulnora Karimova ekanini aytmoqdalar.

Radioning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra, shahar markazida “daxlsiz tarzda” faoliyat yuritib kelgan 14 do‘konning bir kunda yopilishi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qaratilgan navbatdagi zarbadir.

Manbalarimiz bu do‘konlar yopilishi Karimova “biznes imperiyasi”ga qarshi oktyabrning so‘nggi o‘n kunligidan boshlangan tekshiruvlarning davomi ekanini taxmin qiladilar.

Twitter ijtimoiy tarmog‘i orqali o‘z manfaatlariga qarshi borayotgan kampaniyani muntazam sharhlab kelayotgan Gulnora Karimova bu ishning ortida MXX raisi¸ general Rustam Inoyatov turganini iddao qilmoqda.

Toshkentning qoq markazidagi Mustaqillik maydoniga tutash hududda joylashgan qimmatbaho kiyim-kechak do‘konlariga 15 noyabr kuni borgan Ozodlik manbasi ularning aksariyati, xususan, Amir Temur prospektida joylashgan "New Millennium" do‘konining taqa-taq yopiq eshigiga 14 noyabr tarixi bilan MXX tergovchisi S.Shodiyev va boshqalar imzo chekkan “Muhrlandi” degan yozuv osilganiga guvoh bo‘lgan edi.

Bu do‘konlar tarmog‘i 2013 yilning 28 iyun kuni tantanali ravishda ochilgan va bu yangilik Gulnora Karimovaga qarashli telekanal va Internet nashrlarida keng yoritilgandi.
XS
SM
MD
LG