Линклар

O'zbekistonning "Xalq so'zi" gazetasi veb-sayti 19 noyabr kuni ertalab bir guruh bangladeshlik hakerlar tomonidan ishdan chiqarildi.

Yangilanish (15:05, 19/11/2013): www.xs.uz sayti qayta ishlay boshladi.

O'zlarini "grey hat hackers" deb tanishtirgan hakerlar O'zbekiston hukumatiga tegishli gazeta veb-saytiga nima sabablar uchun hujum uyushtirganini yozib qoldirmagan.

Hakerlar hujumlarini kuzatib boruvchi Zone-h.com xizmatiga ko'ra, bangladeshlik "grey hat" hakerlar guruhi shu kungacha qariyb 43 mingta saytni ishdan chiqarishgan.

Bu .Uz domen hududidagi ilk hakerlar hujumi emas. Joriy yilning boshida O'zMTRK veb-sayti, iyun oyida esa O'zbekiston futbol federatsiyasi veb-sayti hakerlar tarafidan vaqtincha ishdan chiqarilgan edi.

Ma'lumot uchun: "Gey hat" (kulrang qalpoqli - tahr.) hakerlar asosan veb-saytlar himoyasidagi zaifliklarni topish va ular orqali sayt ko'rinishini qisman yoki butunlay o'zgartirib yuborish bilan shug'ullanishadi.

Ular "black hat" (qora qalpoqli) va "white hat" (oq qalpoqli) hakerlardan farqlanishini iddao qiladilar.

"Black hat" hakerlar asosan yovuz niyatlar bilan saytlar va online xizmatlarga hujumlar uyushtirishsa, "white hat" hakerlar saytlardagi kamchiliklarni topish va ular haqida saytlar egalariga xabar berish bilan shug'ullanishadi.
XS
SM
MD
LG