Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:42

Yangi ochilgan “Navo” telekanali efirini firibgarlar sota boshladi


O‘tgan oyda yopilgan telekanallar o‘rniga ochilgan davlatga tegishli “Navo” va “Kinoteatr” kanallari atrofida urchigan firibgarlarning "efir savdosi" haqida Ozodlik radiosining bir-biridan mustaqil ikki manbasi ma‘lum qildi.

"Navo" va "Kinoteatr" kanallari o‘tgan hafta oxiridan efirga chiqa boshladi. Oradan bir necha kun o‘tib, Ozodlik manbalarining bildirishicha, yangi kanallar faoliyati atrofida firibgarlar pul ishlashga o‘tgan.

Bu haqda toshkentlik 32 yashar musiqa prodyusseri ma‘lum qildi. Ismi aytilmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan prodyusserning aytishicha¸ "Toshkent" kanali qoshida ochilgan “Navo” musiqiy kanalida klip aylantirish uchun qo‘shiqchilardan pul olayotgan firibgarlar ko‘paymoqda.

- Telekanal ochilganiga 3 kun bo‘lmasdan turib qo‘shiqchilar oldiga turli odamlar kelib¸ men yangi ochilgan telekanal vakiliman¸ klipingizni efirga uzatishga yordam beraman deganlar ko‘paydi. Ular artistlarni chuv tushirib pullarini olishmoqda. Holbuki “Navo” musiqiy kanali bir oy mobaynida kliplarni bepul aylantirish borasida qaror qabul qilgan¸- deydi suhbatdosh.

Toshkentlik musiqa prodyusseri Ozodlik bilan suhbatda firibgarlarning ishlash sxemasini ham gapirib berdi:

- Bu firibgarlar o‘z norasmiy kanallari orqali “Navo” musiqiy kanalida bir oy davomida tekin aylantiriladigan kliplar ro‘yxatini qo‘liga olishgan. Hali klip namoyish qilinmasdan turib ular qo‘shiqchining oldiga borib, kelasi hafta sening klipingni namoyish qildirib beraman, deb pul olishmoqda. Holbuki, bu kliplar “O‘zbeknavo” tavsiyasiga ko‘ra shundoq ham bir oy davomida tekin namoyish qilinadi,- deya ta‘kidladi suhbatdosh.

O‘zbek shov-biznes olami vakillari yangi kanallar o‘tgan oyda faoliyati to‘xtatilgan telekanallar o‘rniga ochilayotganini aytmoqda.

Oktyabrь oyida O‘zbekistonda qator telekanallar, jumladan, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishlili ekani aytiladigan Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari to‘satdan efirdan olingani qo‘shiqchilar va reklama beruvchilar sarosimasiga sabab bo‘lgan edi.

O‘z san‘atini kliplar orqali targ‘ib qiladigan qo‘shiqchilar TV-Markaz va Forum TV kanallarining yopilishini kasbiy musibat kabi kutib olishgani aytiladi.

Ozodlik radiosiga gapirgan musiqa prodyusseriga ko‘ra¸ aynan mana shu toifa qo‘shiqchilar Gulnora Karimovaniki deya bilingan telekanallar o‘rniga o‘tgan jumadan boshlab efirga uzatila boshlangan “Navo” musiqiy kanali ochilishidan xursand bo‘lishgan:

- Reklama biznes motori deyishadiku. Shu ma‘noda klipi aylanmagan qo‘shiqchi to‘yga chaqirilmasdan qolib ketishi mumkin. Bu ular uchun katta fojea. Shuning uchun ham qo‘shiqchilar firibgarlarga yem bo‘lmoqda. Suv loyqalangan paytda ko‘pchiliik nima bo‘layotganini ham tushunmayapti¸- deydi suhbatdosh.

Eslatib qo‘yamiz¸ o‘tgan juma oqshomidan boshlab O‘zbekistonda milliy teleradiokompaniya “Kinoteatr” va “Navo” deb nomlangan ikki yangi telekanalni sinov tariqasida efirga uzatishni boshladi.

“Yoshlar” telekanali qoshida shakllantirilgan “Kinoteatr” telekanali mamlakatimiz va xorijda yaratilgan to‘liq metrajli, qisqa metrajli, badiiy va hujjatli filmlar hamda tarbiyaviy va marifiy yo‘nalishdagi spektakllarni namoyish etishga mo‘ljallangan. “Toshkent” telekanali qoshida tashkil etilgan “Navo” telekanali esa tomoshabinlarni mumtoz, xalq musiqa asarlari, zamonaviy va estrada, shu jumladan, xorijiy musiqalar bilan tanishtiradi”, deya xabar qiladi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi sayti.

Bundan tashqari, "O‘zbekiston” telekanali bazasida "Oilaviy”, "Madaniyat va Ma‘rifat” telekanali qoshida "Hududlar” telekanallarini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda.

Oktyabr oyida O‘zbekistonda qator telekanallar, jumladan, prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishliligi aytiladigan Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS telekanallari to‘satdan efirdan olingan edi.

Toshkentda bitta bino ichida jam bo‘lgan va 21 oktyabr kuni ertalab soat 10da efirdan to‘satdan g‘oyib bo‘lgan Forum TV, TV-Markaz, NTT va SOFTS kanallari rahbariyatiga "litsenzion shartlarga rioya qilmaganligi va qayd qilinmagan pul oqimini tashkil etgani" yuzasidan ayblovlar ilgari surilgan.
XS
SM
MD
LG