Линклар

logo-print

O‘zbekistonda sirka sotish taqiqlandi


Hukumat qaroriga ko‘ra, uzumdan tayyorlangan qo‘lbola sirkani sotish ham qonundan tashqari bo‘ladi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, uzumdan tayyorlangan qo‘lbola sirkani sotish ham qonundan tashqari bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining 18 noyabr kuni kuchga kirgan qaroriga binoan, bundan buyon chakana savdoda kontsentratsiyasi 10 foizdan yuqori bo‘lgan oziq-ovqat sirka kislotasini sotish taqiqlanadi.

Hukumat 2013 yil 12 noyabrida qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi 306-qaror loyihasi ustida olib borilgan ishdan xabardor kimyogar olimning Ozodlikka aytishicha, sirka sotish o‘zbek xotin-qizlari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish maqsadida taqiqlandi.

Sirkaga oid qaror to‘g‘risida xabar qilgan Norma.uz saytiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi “O‘zkimyosanoat” Davlat aktsiyadorlik kompaniyasiga “O‘zstandart” Agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda bir oy ichida sirka (uksus) kislotasiga oid joriy standartlarni qayta ko‘rib chiqish hamda qarorda ko‘rsatilganiday, kontsentratsiyasi 10 foizdan oshmagan oziq-ovqat sirka kislotasiga bo‘lgan yagona talablarni ishlab chiqishni topshirgan.

Kontsentratsiyasi 10 foizdan ko‘p bo‘lgan oziq-ovqat sirka kislotasi savdosining oldini olishni hamda bu mahsulotni sotuvdan musodara qilishni Davlat soliq qo‘mitasi “O‘zstandart” Agentligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda qonunda belgilab qo‘yilgan tartibda amalga oshiradi.

Sirka savdosiga oid yangi talablar bilan savdo va umumiy ovqatlanish muassasalari hamda aholiga ma‘lumot yetkazish vazifasi viloyatlar hokimliklariga topshirilgan.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori Norma.uzga ko‘ra, “sirka kislotasini sotish va iste‘mol qilishda xavfsizlik talablarini ta‘minlash maqsadida” qabul qilingan.

Ozodlik radiosi sirka kislotasi xususiyatlari to‘g‘risida aytib berishni so‘rab, toshkentlik kimyogar olimga murojaat qildi.

Ismini aytmasligimiz sharti bilan savollarimizga javob bergan olim aynan mana bunday dedi:

- Qaror chiqishining asosiy sababi shuki, ayrim yosh oilalar ozgina kelishmovchilik ortidan sirka kislotasini ichib, ichini ximiyaviy kuydirish yo‘li bilan o‘ziga o‘zi qasd qilgan holatlar bo‘layapti. Qaror mana shundan kelib chiqdi.

- Qarorga sabab bo‘lgan masala aynan shu ekanligi aniqmi?

- Ha, aniq, shundan kelib chiqdi. Boshqa sababi yo‘q. Sirkaning sog‘liqqa, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga foydasi katta.

Olimning aytishicha, shu paytgacha do‘konlarda kontsentratsiyasi 70 foiz bo‘lgan sirka (sirka essentsiyasi) sotilgan.

Vazirlar Mahkamasi esa, kontsentratsiyasi 10 foizdan ortgan sirka sotishni taqiqlab qo‘ydi.

Savollarimizga javob bergan kimyogar olimning gaplaridan, uning mazkur qaror qabul qilinishi tarixidan xabardor ekanligi ma‘lum bo‘ldi. Uning aytishicha, sirka sotishni cheklash to‘g‘risidagi tashabbus joriy yil boshida, o‘z joniga qasd qilganlar statistikasi tahlil qilinganidan so‘ng paydo bo‘lgan.

Olimning aytishicha, bundan buyon uksusdan tashqari uzum sirkasi sotish ham taqiqlanadi. “Chunki uzum sirkada ham sirka kislotasi miqdori juda yuqori bo‘ladi”, dedi kimyogar olim.
XS
SM
MD
LG