Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:37

Andijon voqealarida ayblanib qamalgan Tavakkalning o‘ligi chiqdi


Tavakkal Hojiyev.
Tavakkal Hojiyev.
Andijon voqealarida faol ishtirok etganlikda ayblanib, 17 yilga qamalgan 36 yashar Tavakkal Hojiyevning jasadi 16 noyabr kuni yaqinlariga topshirildi. Qamoqxona ma‘murlari Tavakkalning yurak hurujidan o‘lganini ta‘kidlashgan. Marhumning yaqinlari esa uning qiynoqlar natijasida jon berganini taxmin qilishmoqda.


“Tavakkalning o‘ligi bir soat ichida ko‘mildi”


36 yashar Tavakkal Hojiyevning 15 noyabr kuni olamdan o‘tgani haqidagi xabar uning Andijon shahri Bog‘ishamol mahallasida yashovchi oila a‘zolariga o‘sha kuni yetib kelgan.

16 noyabr kuni ertalab soat 7 da Tavakkalning jasadi oilasiga olib kelinib, MXX vakillari nazoratida bir soat ichida dafn qilingan.

Bu haqda Ozodlikka Tavakkalning Shvetsiyada yashayotgan akasi Dilshod Hojiyev ma‘lum qildi.

Tavakkal Hojiyev jasadining faqat bosh qismini suratga olishga ruxsat berilgan.
Tavakkal Hojiyev jasadining faqat bosh qismini suratga olishga ruxsat berilgan.
- Tavakkalbekni olib kelib, yuvintirishib, janozasini o‘qib, qabristonga qo‘yishga bir soat vaqt berishgan. Shanba kuni ertalab olib kelishdi. Sahar 7da olib kelib, sahar 8da qo‘yildi. O‘zlari ustida turgan. Milliy xavfsizlik odamlaridan ikkitasi ichkarida Tavakkalbekni yuvintirayotgan joyda bo‘lishgan. Hech kimni kirgizmagan. Faqat onamni kirgizgan. Unda ham faqat yuzini ko‘rgani, xayrlashib olgani onamni qo‘yishgan. 70 kun oldin uydagilar borib ko‘rib kelgan. Onam, ayoli borib ko‘rishib kelganda soppa-sog‘, hamma yog‘i butun bo‘lgan. 70 kundan keyin shu ahvolda olib kelib tashlab ketishdi. O‘limiga hamma chiqayotgan mahbuslarga qo‘yilayotgan "yuragi pristup berib o‘lib qoldi" degan hammaga aytilayotgan gapni aytib ketishgan,- deydi D. Hojiyev.


“Tavakkal qiynoqlar haqida qamoqdan xat chiqargandi”


42 yashar Dilshod Hojiyev ukasining qiynoqlar natijasida o‘lganiga uning qamoqdan 70 kun avval chiqargan xatini isbot sifatida keltiradi.

- Bu xatda Tavakkalbek zonada bo‘layotgan ishlarning hammasini yozgan. Kapitan, leytenant, bularning qilayotgan ishlarining hammasini, nima qilayapti, odamlarni qanaqa qilib azoblayapti, qanaqa qilib o‘ldirayapti ularni, qanaqa qilib ulardan pul olayapti – hammasi to‘g‘risida yozgan Tavakkalbek. Bu ikki oy oldin, 70 kun oldin chiqqan xat edi. Uni Ozodlikka berishga biz qo‘rqayotganimiz, mana shu oqibatdan qo‘rqayotgan edik. Agarda xat chiqib ketadigan bo‘lsa, Tavakkalbekka nisbatan shu narsa bo‘ladi deb qo‘rqardik biz. Shuning uchun men bu xatni ushlab turgandim hech qayerga bermasdan, chiqarmasdan. Qattiq tazyiqlar, mana shu 8 yilu 6 oy ichida bu bolaga nisbatan tazyiqlar juda qattiq bo‘lgan. Qattiq tazyiqlar ostida u bolaga har doim “Sening faqat o‘liging chiqadi. Sen o‘ylama, sog‘ chiqmaysan bu yerdan” deb aytib kelishgan. U bolani qiynab oxiri shu qiynoqlar, tazyiqlar ostida o‘ldirishdi,- deydi D. Hojiyev.

Ozodlikka Tavakkal Hojiyev yozgan deya taqdim qilingan 4 varaqdan iborat maktubdan bir parcha.
Ozodlikka Tavakkal Hojiyev yozgan deya taqdim qilingan 4 varaqdan iborat maktubdan bir parcha.
Ozodlikka taqdim qilingan maktub, Dilshod Hojiyevga ko‘ra, ukasi Tavakkalning o‘z qo‘li bilan yozilgan.

Xatda Navoiydagi 64/47- sonli qamoqxona ma‘murlarining bir qanchasining ismi-sharifi keltirilgan bo‘lib, ular mahkumlarni qiynoq va tazyiqlar ostida ushlashi yozilgan:

“Ular etap bo‘lib kelgan mahkumlardan pul undirish yoki biror ma‘lumot olish uchun xohlasa o‘ldiradi, xohlasa ichki tartibni ro‘kach qilib, ichki qamoq sizoga qamab oyog‘i ostidan ya‘ni tovonidan rezinka tayoqlar bilan kaltaklashadi. Eng qizig‘i bular qilayotgan jinoyatlarni biror davlat amaldorlari nazorat etmaydi”, deyiladi Ozodlikka Tavakkal Hojiyev yozgan deya taqdim qilingan maktubda.




“Tavakkal Andijon voqealarida faol ishtirok etgan”


O‘zbekiston Oliy sudining 2005 yilning 14 noyabr kungi hukmiga ko‘ra, Andijon voqealarida faol ishtirok etishda ayblanib, 14 yildan 20 yilgacha qamalgan 15 fuqaro orasida Tavakkal Hojiyev ham bor.

Tavakkalning yaqinlariga ko‘ra, u haqiqatdan ham o‘sha paytda Andijonning Bobur maydonida faol ishtirok etgan.

- Andijon voqealarida haqiqatdan ishtirok etgan. Faol ishtirok etgan. Odamlarni tarqalmanglar deb hokimiyatni oldida bo‘lgan mitingda ushlab turgan. Qirg‘iziston lagerida qochoqlarga raislik qilgan. Qochoqlarni o‘sha yerda boshqarib turgan,- deydi Dilshod Hojiyev.


“Tavakkal Oliy suddagi spektaklga akasini qutqarish uchun rozi bo‘lgan”


Dilshod Hojiyevning aytishicha, "Qirg‘iziston tomonining O‘zbekistonga topshirgan to‘rt qochqin orasida u va ukasi Tavakkal ham bo‘lgan".

Tavakkal Hojiyev Oliy sud majlisida (surat 2005 yil olingan)
Tavakkal Hojiyev Oliy sud majlisida (surat 2005 yil olingan)
“Keyinchalik u meni qutqarish uchun Oliy sudda tomosha ko‘rsatishga rozi bo‘ldi”, deya eslaydi Tavakkalning akasi, hozirda oilasi bilan Shvetsiyada yashayotgan Dilshod Hojiyev.

- 2005 yil spektakl boshlandi. 15 ta kishi Oliy sudga olib chiqqan teatr boshlandi. Shu paytda Milliy xavfsizlik, terrorizm, prokuratura hammasining zamlari, shu paytda prokuraturaning zami Musayev degan odam edi, terrorizmning boshlig‘i Bobojonov degan odamlar, bular hozir bilmayman, Ollohu a‘lam qayerda, nima qilayapti, shular hammasi birga bo‘lib turib, teatr qildida, teatrni o‘ynaysan deganda ukam shart qo‘ydi. “Bitta shartim bor. Mening akam, meni aytayapti, akamni chiqarib yuborasan" degan. Men yana Ibragimov Sodiqjon degani bor mahallamizda, u chiqib ketgan¸ Ortiqali degani bor, familiyasini bilmayman, Qosimov bo‘lsa kerak, hozir Amerika qabul qildi u bolani, yo‘g‘on bola bor melisani ushlab kelayotgan, uchta-to‘rtta odam chiqib ketilgan. Sudda o‘yin bilan chiqarib yuborilgan, deydi D. Hojiyev.


“Tavakkalning yana ikki akasi qamoqda qiynoqqa tutilayapti”


O‘zbekiston Oliy sudi hukmiga ko‘ra, Tavakkal Hojiyev Jinoyat kodeksining bir qancha siyosiy moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, 17 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ukasi bilan birga sudlangan Ilhom Hojiyev esa 20 yilga qamaldi. Yana bir akasi Ikrom Hojiyev esa 19 yillik qamoq jazosini o‘tayapti.

Dilshod Hojiyevga ko‘ra, hozirda Olmaliq qamoqxonasida saqlanayotgan ukasi, 40 yashar Ikrom va Qarshi qamoqxonasidagi 38 yashar ukasi Ilhomning ham ahvoli yaxshi emas.

- Boshqa ukalarimga ham tazyiq to‘xtagan emas. Bir hafta avval onam Ikrombekni ko‘rgani borganida, u 70 kundan buyon Sizoda, izolyatorda yotgan ekan. Onam yig‘lagach, uni Sizodan chiqarib, uchrashtirgan. Ularga nisbatan ham har doim shunaqa izolyatorlar, tazyiqlar kuchli bo‘layapti, deydi Dilshod Hojiyev.
XS
SM
MD
LG