Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:18

Karimov “dangasalar” uchun kvota ajratilishi tarafdori


O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Rossiya rasmiylariga muhojirlar muammosini mehnat zahiralarini kvotalash yo‘li bilan hal qilishni taklif qilgan. Bu haqda Rossiya Federatsiya kengashi raisasi Valentina Matviyenko Yevrosiyo ittifoqini tuzish bo‘yicha integratsion klubning kecha o‘tkazilgan majlisida bildirdi.

O‘tgan hafta O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashgan Matviyenko fikricha, muhojirlar oqimini MDHga a‘zo davlatlar mehnat vazirliklarida mutaxassislarni rasman yig‘ish orqali legallashtirish mumkin.

“Biz stixiyali muhojirlik oqimiga alternativa topishimiz shart” degan Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko bu borada Islom Karimov ehtimoliy yo‘llardan birini ko‘rsatganini qayd etdi.

- O‘zbekiston prezidenti muhojirlarning xor va haqsiz vaziyati haqida ehtiros bilan, og‘riq bilan gapirdi. Uning fikricha, muhojirlar muammosini mehnat zahiralarini kvotalash orqali hal qilish mumkin. Xorijlik ishchi oyligi qancha bo‘lishi, qanday sharoitda yashashi, qabul qiluvchi tomon uni ijtimoiy va huquqiy himoya bilan qay yo‘sinda ta‘minlashi haqida oldindan bilishi lozim. Ayni paytda u qanaqadir vokzallar yoki pana-pastqam joylardan yetaklab kelingan emas, balki o‘z mamlakatidagi mehnat vazirligi tomonidan rasman taqdim etilgan bo‘lishi kerak. Bu MDH liderlaridan birining aqlga muvofiq keladigan mulohazasidir. Aynan shu tariqa tegishli shartnomalar bilan barcha majburiyatlarni rasmiylashtirgan holda, muhojirlik oqimini legallashtirish mumkin bo‘ladi, - deya iqtibos keltiradi Valentina Matviyenko so‘zlaridan “Rossiyskaya gazeta” nashri.

12-13 noyabr kunlari rasmiy safar bilan Toshkentga borgan Matviyenko xonim avvalroq o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Rossiya faqat qonuniy muhojirlik tarafdori ekanini bildirgandi.

- Bizning mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston bilan aloqalarimiz hukumatlararo shartnomalar bilan yo‘lga qo‘yilgan, - degan Valentina Matviyenko muhojirot borasida Rossiya va O‘zbekiston pozitsiyalari mushtarak ekanini – har ikkala tomon ham noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashga bel bog‘laganini ta‘kidlab, endilikda mazkur shartnomalar amalda to‘laligicha qo‘llanilishiga erishish lozimligini ta‘kidlagandi.

Rossiyadagi o‘zbek muhojirlarining ahvoli xor-haqir ekani haqida Ozodlik bilan kunora bog‘lanib turgan o‘zbekistonliklar ko‘p shikoyat qiladilar. Yaqinda esa bu haqda o‘zbek yoshlari tomonidan asos solingan Butunrossiya “Yoshlar” harakati O‘zbekiston prezidentiga ochiq xat yozgandi.

Bu murojaatlar O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga qanday ta‘sir ko‘rsatayotgani noma‘lum. Ma‘lum bo‘lgani shuki, yaqin o‘tmishgacha prezident Karimov Rossiyada ishlayotgan muhojirlarni “dangasalar”, deb bilgan.

- Endi dangasalar deb kimni hisoblayman, mana Moskvaga borib ko‘chalarni, maydonlarni supuradiganlarni. O‘tda nima yo‘q, odam jirkanadiki o‘zbek millatidan shunaqa borib, o‘ziga bir burda non topish uchun o‘sha yoqqa borish kerak ekan. Ha, O‘zbekistonni o‘zida hech kim ochlikdan o‘layotgani yo‘q, baraka topgur!... Bunaqalarni dangasa deymanki, katta pul tezroq topish uchun u yoqqa borib sharmanda qiladi hammamizni, - degandi Islom Karimov 19 iyun kuni Jizzax viloyatiga qilgan safarida.

Bugungi kunda Rossiyadagi 11 milliondan ziyod mehnat muhojirining eng katta qismini o‘zbekistonliklar tashkil etadi. Yurtiga pul jo‘natish bo‘yicha ham o‘zbeklar sobiq ittifoqning boshqa mamlakatlaridan kelgan muhojirlar orasida peshqadam. Jumladan, o‘tgan yili o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari O‘zbekistonga 6 milliard dollardan ziyodroq mablag‘ jo‘natgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra¸ millionlab o‘zbek mehnat muhojiri tomonidan jo‘natilayotgan bu pullar O‘zbekiston iqtisodiyotining 20 foizini tashkil etishi mumkin.
XS
SM
MD
LG