Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:48

Burqsiyotgan tutun: ekologiya himoyachilarining ko‘zi qayerda?


Toshkent shahrida yoqilayotgan xazon uyumlaridan biri, 2013 yilning 19 noyabri.
Toshkent shahrida yoqilayotgan xazon uyumlaridan biri, 2013 yilning 19 noyabri.
Kuz oyoqlaganida Toshkent ko‘chalarida xazonyoqarlik avjiga chiqadi, go‘yo mahallalar bu borada musobaqada kirishgandek. Hali u, hali bu ko‘chada osmonga o‘rlagan qora tutunni ko‘rasiz. Ko‘rasiz-u, hoynahoy, musobaqa g‘olibiga kattagina ganak tikilgan bo‘lsa kerak, degan xayolga borasiz.

Ko‘p qavatli uylar oldida uyum-uyum xazon tog‘lari qo‘r to‘kib turibdi. Axlatlarni olib ketishga mas‘ul “Maxsustrans” shirkati ularni tashishga ulgurmaydiyam.

Ana shunda ishbilgi mahalladoshlardan biri masalani uzil-kesil hal qiladi-qo‘yadi: uyumga o‘t qo‘yvoradi. Shu-uncha xazonni saqlab o‘tirish kimga zaril?! Qolaversa, chapdast xazonyoqarning mushugini pisht deydigan mard bor ekanmi?!

Ba‘zida esa erinchoq “maxsustranschi”ning o‘zi azza-bazza xazon tog‘iga gugurt chaqib yuboradi. Kim ko‘rib o‘tiribdi?! Juda do‘ppi tor kelsa, sigaret qoldig‘i “bexos” tushib ketgani tushuntirilar!

Ertalab ishga otlansangiz, choshgohda do‘konga yo‘l olsangiz, kechqurun sayrga chiqsangiz... ko‘chada o‘pkangizni teshib yuborgudek badbo‘y hid qarshi oladi!

Keksalar dimoqni yoruvchi zaharli isdan bazo‘r nafas oladi. Bolalar bezovta o‘qchiydi. Allergiyasi borlarning esa holiga maymunlar yig‘laydi.

Xazonga o‘t qo‘yilishi natijasida zanjirdan bo‘shatilgan yirtqichlardek zaharli moddalar atrof-muhitga tarqaladi. Eshikni yopsangiz, teshikdan bostirib kiradi badbo‘y is. Surbet, qip-qizil surbet!

“Xazon yoqish natijasida qator kasalliklar qalqib chiqadi, bu hatto inson nasliga salbiy ta‘sir qiladi” – bong uradi tibbiyotchilar.

“Hazir bo‘linglar, hayotingizga xatar tug‘diruvchi mash‘um xastaliklar urchiydi, xazonyoqarlik – koni zarar” – aql o‘rgatadi mutaxassislar.

Ammo eshitish ne‘matidan bebahra mardumning qulog‘iga tanbur chertgandek urinishlar jilla naf bermaydi. Bari befoyda!

“Bunga odamlarning o‘zi aybdor” deysizmi? Bo‘lsa bordir. Lekin aybni odamlarga to‘nkashdan osoni yo‘q-da. “Odamlar” – juda mavhum toifa, tutqich bermas guruh.

Boringki, odamlarning madaniy saviyasi u qadar baland emasdir. Qulog‘idan cho‘zib qo‘ymaguncha, xazon yoqishning zararini tushunib yetmas.

Ammo tabiatni muhofaza qilishga mas‘ul bo‘lgan mutaxassislar qayerga qarayapti? Soliq to‘lovchilar hisobidan oylik olayotgan ekologiyachilar nega maoshini halollamayapti?

Avtomobil boshqarish uchun “ekologiya qog‘ozi”ngiz yo‘q bo‘lsa, otning kallasidek jarima solishadi. Ajabo, mashinaning ingichka ichakdek quvuridan chiqayotgan siyrak tutunni sezgan hushyor ekologiya muhofizlari shaharning to‘rt tomonida burqsiyotgan xazon gulxanlarini nahot ko‘rmayaptilar?

Blogger: Ibn Gulxaniy
XS
SM
MD
LG