Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:48

Jizzaxlik talabalarga yana "metall solig‘i" solindi


Har yili maktab o‘quvchilari ham metallolom yig‘ishga majburlanadi.
Har yili maktab o‘quvchilari ham metallolom yig‘ishga majburlanadi.
Yaqinda paxtadan qaytgan Jizzax Pedagogika instituti talabalariga endi temir-tersak “solig‘i” solindi. Institutning har bir talabasidan metallolom uchun majburiy ravishda 20 ming so‘mdan pul yig‘ilmoqda.

Jizzax Pedagogika institutining talabalari nomidan Ozodlikka bog‘langan talabaga ko‘ra, kursdoshlari temir-tersak uchun majburiy ravishda pul yig‘ilayotganidan norozi bo‘lishayapti.

- Institutimizda talabalar uchun juda katta muammo bor. Pul yig‘ish muammosi, metallolom bo‘yicha. Menimcha talabalarga mumkin emas. Yozda iyunь oyida ham pul yig‘ilgan edi. Sessiya yopilayotgan payti 32 ming so‘mdan pul yig‘ilgan edi. Hozir endi paxtadan keyin stipendiya olish davriga taqab, 20 ming so‘mdan pul yig‘ib berasizlar, deyapti. Izoh so‘rasak, majbursizlar, degan gap qilishdi. Yig‘ilgan pulga metallolom sotib olisharmish, - deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan talaba yigit.

Uning aytishicha, temir-tersak uchun pul bermagan talabalar sessiya payti imtihonlardan o‘tkazilmaydi.

- Hozir pul bermasak zachyotlarimizni qo‘yib berishmaydi. Ochiqchasiga aytishadi. Remontga shuncha pul, sug‘urtaga buncha pul, metallolom uchun mana buncha pul berasan, deb. Keyin zachyoting yopiladi, deyishadi. Hozir amallab pul bermasdan qolishingiz mumkin. Lekin fevralь oyiga borib baribir majburiy ravishda ikki hissa qilib olishadi, - deydi talaba yigit.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Jizzax Pedagogika institutida o‘qiydigan 6000 talabaning har biridan 20 ming so‘mdan yig‘ilgan pul hisob-kitob qilinsa, 120 million so‘mlik katta summaga aylanadi.

Ozodlik muxbiri Jizzax Pedagogika institutining bitiruvchi kurslaridan biri rahbari bilan bog‘landi.

U kursidagi talabalardan pul majburiy ravigda yig‘ilayotganini inkor qilib, barcha talabalar o‘z xohishi bo‘yicha temir-tersak yig‘ayotganini aytdi.

- Bu yerda pul yig‘ish degan gap yo‘q. Barcha talabalar uyidan olib kelayapti. Ayrim talabalar metallolom yig‘ishga erinadi. Shular ertaga hamma topshirib bo‘lgach, pul ko‘tarib keladi. Mustaqil vatanimizning har bir fuqarosi davlatimiz uchun qora metall yig‘ib berishga burchli. Shu jumladan, talabalar ham, - deydi institut o‘qituvchilaridan biri.

Institut rahbariyatining temir-tersak yig‘ish bo‘yicha mas‘ullaridan biri bu borada Jizzax viloyat hokimligidan maxsus buyruq borligini ta‘kidladi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Jizzax viloyat hokimligining mas‘uli viloyatdagi barcha tashkilotlar, jumladan, Jizzax viloyat institutiga ham temir-tersak solig‘i solinganini tasdiqladi.

- O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2013 yil 3 apreldagi "2013 yilda metallolom jamg‘arish balansi, qora metall prokatini ishlab chiqarish, undan foydalanish to‘g‘risidagi 40/37-sonli farmoyishi"ga ko‘ra, barcha tashkilotlarga temir-tersak yig‘ish majburiyati topshirilgan, - dedi viloyat hokimligi vakili.

Prezident farmoyishidan kelib chiqib, mamlakatdagi barcha institut, kollej, litsey va maktablardan metallolom topshirish majburiyatini bajarish talab qilinadi.

Shuningdek, qora metal chiqindilarini yig‘ib topshirish majburiyati tibbiyot xodimlari, korxonalar va fermer xo‘jaliklari zimmasiga ham yuklatilgan.
XS
SM
MD
LG