Линклар

O‘zbekistondagi xalqaro maqomga ega aeroportlar butun mol-mulki davlat foydasiga musodara etilgan “O‘zdunrobita” – MTS shirkatidan qarzi borlarni mamlakat hududidan tashqariga chiqarmaslik haqidagi sud hukmini ijro etishga kirishdi. Ayni paytda¸ Rossiya hududida qarzi borlar ham O‘zbekiston aeroportlaridan chiqa olmayotir.

Bu ma‘lumotni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Toshkent¸ Samarqand¸ Navoiy¸ Buxoro va Qarshi aeroportlari rasmiylari tasdiqladilar.


Rossiyada qarzi borlar reysga qo‘yilmaydi


Ozodlik muxbiri suhbatlashgan O‘zbekistondagi besh xalqaro aeroport rasmiylarining aytishicha¸ Rossiya hududida kommunal va telefon xizmatlari uchun qarzi borlar¸ u yoki bu qonunbuzarlik uchun jarimaga tortilib¸ uni to‘lamagan O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga uchuvchi uchqichlarga qo‘yilmayotir:

- Leningradga borasizmi, Moskvaga borasizmi, qarzdorligingiz bo‘lsa kirgizmayapti¸ tamom. Telefondanmi, firmadanmi, narusheniye qilgan bo‘lsangiz, 10 rublmi¸ 1000 rublmi farqi yo‘q¸ pulini to‘lamay ketgan bo‘lsangiz, kompyuterga solib sizni deport qilib yuborayapti o‘sha yoqning o‘zidan. Dunyoning odami hozir Rossiyadan deport bo‘lib qaytib kelayapti!

Bu yerdan ham samolyotga chiqarmayapti. Moskvadan deport bo‘lsa¸ bizda otkaz qilib tashlaydi. O‘chirib tashlayapti familiyasini. Bilet olasiz, lekin registratsiya payti familiyangiz bo‘lsa, uchmaysiz. Sizga bilet sotgan kompaniya Rossiyadan aniqlab¸ O‘zbekiston chegara xizmatiga aniqlab beradi to siz uchaman degungizcha. Mana hozir aviakompaniyaga borasiz, bilet olasiz, bilinmaydi. Aeroportga kelib uchaman degan paytingiz, kompyuterga registratsiya qilasizku ketaman deb, chegarada aeroport xodimlariga bilinadi. Qarzdorlik bo‘lsa, qaytarib yuboradi; qarzdorlik bo‘lmasa, o‘tib ketadi¸ dedi Qarshi aeroporti xodimi.


Davlat “O‘zdunrobita”dan qarzi borlarni sudga berdi - qarzdorlar xorijga chiqarilmaydi


O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlardan biri mutasaddisi Ozodlik bilan suhbat davomida Rossiyadan qarzi borlar Rossiyaga uchirilmayotgani barobarida¸ 2012 yilda sindirilgan “O‘zdunrobita” – MTS-O‘zbekiston mobil aloqa operatoridan qarzi borlar umuman xorijga chiqarilmayotganini ma‘lum qildi:

-Telefon ishlatgan bo‘lsa oldin va “O‘zdunrobita”dan qarzi bo‘lsa agar, haqiqatan kirgizib qo‘yibdi chegarachilarga “Chiqarmang!” deb. Oldin Robita ishlatib, qarzi borlarni chiqarmayapti. MTS yo‘q bo‘lsa ham, uning mulki davlatga o‘tdi¸ yo‘q bo‘lmaydiku davlatning puli. Sudga berib¸ qaror chiqartirib qo‘yibdi.

Mana bittasi 6000 qarzi bor ekan “O‘zdunrobita”dan. Chiqarmadi. Xabari ham yo‘q ekan bechoraning qarzi borligidan. Reysdan qoldi. Endi sudga boradi. Sudda o‘sha 6000 pulini to‘laydi. Sud yechadi. Kompyuterga ketadi Toshkentga. Kamida 20 kun o‘tadi¸ keyin chiqib ketaveradi. Kimning qarzi bo‘lsa, ismi-familiyasini kirgizib qo‘yibdi. Bu davlatning puli. Necha ming odam “O‘zdunrobita” ishlatgan (10 million – tahririyat)¸ ularning qarzini kechib yubormaydiku. Tiyinigacha hisob-kitob qilib oladi endi davlat.

Bundan xabar topganimizga 20 kuncha bo‘ldi. Hech qayerda bu haqda e‘lon yoki axborot yo‘q. Odamlar uchaman deb chegaraga kirgan paytda qarzi bo‘lsa, “Siz ucholmaysiz. Boring, sizning qarzlaringiz bor” deb qaytarayapti¸ degan aeroport xodimi “O‘zdunrobita” qarzini undirishning butun O‘zbekiston hududida joriy etilganini qo‘shimcha qildi.

Uch marta kimoshdi savdosiga qo‘yilib, xaridor topilmagan MTS-O‘zbekiston (O‘zdunrobita) ning 14ta viloyat filiallaridagi jami 1,07 trillion so‘m (taxminan 510 million AQSh dollari)lik mol-mulki joriy yilning 12 avgust kuni sud hukmi bilan davlat tassarufiga o‘tkazilgan edi.

O‘zbekiston rasmiylari 2012 yil iyulida “O‘zdunrobita”ni qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblab, litsenziyasini qaytarib olgan hamda shirkatni 600 million dollardan ziyod moddiy zarar keltirganlikda ayblagan edi.


Kommunal xizmatlar uchun qarzdorlar ham xorijga chiqarilmaydi


Oddiy o‘zbekistonliklardan biri yo‘llagan bu xabarni 20 noyabr kuni Ozodlik muxbiri bog‘langan O‘zbekistondagi besh xalqaro aeroportdan faqat bittasi – Buxoro aeroporti xodimlari tasdiqladilar.

Kommunal xizmatlar va telefondan qarzi borlar O‘zbekiston tashqarisiga uchuvchi samolyotlarga qo‘yiladimi¸ degan savolga ma‘lumot berish xizmati xodimasi:

- Yo‘q mumkin emas. To‘lovlarni to‘lab, keyin chiqasiz. Yo‘q, yo‘q, chunki kompyuterga solingan bu narsa. Sizning qarzlaringiz bo‘ladi. Shuning uchun qo‘ymaydi keyin aeroport. Kompyuterda turasiz. Hamma qarzlaringizni to‘laysiz. Gazdan bo‘lsa, gazga, svetdan bo‘lsa, svetga to‘laysiz. Keyin bemalol chiqib ketaverasiz¸ oq yo‘l¸ deb javob berdi.

Kommunal xizmatlardan qarzi borlarni uchqichga chiqarmaslik haqida biror rasmiy hujjat mavjudmi qo‘lingizda¸ degan savolga javob bergan aeroport xodimasi¸ bunday so‘rovning tegishli idoralardan¸ tegishli qonunlar asosida aeroportga yuborilishini po‘pisa qilishdan nariga o‘ta olmadi:

- Kerakli joydan keladi-da. Qayerdan kelishi kerak bo‘lsa, o‘sha joydan keladi. Mahalla preduprejdat qiladi sizni. Preduprejdat qilmasdan siz qarzlaringizni to‘lashingiz kerak. Gazdan qancha qarzingiz bor, schyotchikdan qarang, qanchadan beri to‘lamagansiz, borib to‘lang. Hamma narsani nol qilib keting. Kvartplata shirkatga to‘lang. Bir yillik pulingizni to‘lang shirkatga. Qarzingiz bo‘lmasligi kerak uy pullaridan. Bu narsani aeroportdagilar o‘zicha kiritmaydi¸ qonun bor¸ O‘zbekiston Respublikasida chiqqan qonun bu. Qaysi modda ekanligini endi qonunchilardan so‘rang. Notariusdan so‘rang, OVIRdan so‘rang¸ dedi Buxoro xalqaro aeroporti mas‘ul xodimi.

Ayni paytda¸ Ozodlik muxbiri suhbatlashgan Toshkent¸ Samarqand¸ Navoiy va Qarshi aeroporti rasmiylari kommunal to‘lovlar uchun qarzi bor mulk egalarining xorij yo‘nalishidagi uchqichlarga chiqarilmayotgani haqidagi xabarni inkor qildilar.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG