Линклар

Ozodlik boshlagan yangi loyiha — ZIMISTON-UZ blogiga so‘nggi uch kun ichida yuzlab murojaat bo‘ldi. Ozodlikka birinchi shikoyat Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Guliston qishlog‘idan bo‘ldi. Shikoyat ortidan surishtiruvdan ma‘lum bo‘lishicha, Muborak tumani elektrosetida aholiga kundalik berilayotgan elektr toki hajmini oshirish imkoni bor, ammo bunga ruxsat yo‘q.

Ozodlikning ZIMISTON-UZ blogiga yo‘llangan maktubda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Guliston qishlog‘ida elektr toki va gaz yo‘qligidan aholining yillar davomida aziyat chekayotgani aytildi.

Maktubdan o‘zgarishsiz olingan parchani o‘qing:

"Assalomu alaykum! O'zbekistonning Qashqadaryo viloyati, Muborak tumani, Guliston qishlog'ida 70 yaqinlashgan ota-onam bor, sovuqdan juda-juda qiynalibtilar.

Otajonim aytadilar bolam Rossiyadan itday mehnat qilgan pulingga kelib bizlardi ko'mib ket! deb otajonim gapirib ovozsiz yig'ladilar. Bu Xudo insof bergur hukumatimizni raislari nima qilapti gaz svetdi xorijga sotib?”
deb yozdi tinglovchi.

Maktub ortidan tinglovchiga bog‘landik va elektr tokining uzilish muddati hamda qishloq manziliga oid ba‘zi ma‘lumotlarni aniqladik.

Ma‘lum bo‘lishicha, shu kunlarda Muborak tumanining Sardoba fuqarolar yig‘inida joylashgan Guliston qishlog‘iga kuniga 6-8 soatdan elektr toki berilmoqda. Ammo, 20 kuncha muqaddam atiga 2 soatdan berilgan.

- Oqsoqollar shikoyat yozaverib-yozaverib, keyin chiroq berishni ko‘paytirganda. Oldin 2 soatgina berardi. Lekin qishlog‘imizdan 15 kilometr narida Muborak gaz zavodi bor. Qishlog‘imizning yonida Muborak paxta zavodi bor. Zavodlarga svetam, gazam bizni qishloqdan o‘tib boradi. Lekin ularda svet bor, gaz bor, bizni qishloqda esa gazam, svetam yo‘q. Qari otam: “Gaz-svet yo‘q bolam, juda qiynalib ketdik”, deb telefonda yig‘ladilar. Ishonasizmi, ichim kuyib ketdi eshitib?! Keyin sizga bog‘landim, – dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda muboraklik tinglovchi.

Ko‘rinadiki, Guliston qishlog‘i oqsoqollari "yozuv-chizuv" qilaverganidan so‘ng qishloqqa beriladigan elektr toki hajmi oshirilgan. Ammo qishloq ahli buning ko‘p davom etmasligidan xavotir qilmoqda.

Shu bois, ismini ochiqlamayotganimiz muboraklik tinglovchidan olingan bu ma‘lumotlar asosida muxbir Muborak tumani elektrosetiga bog‘landi.

250-300 atrofida xonadon bo‘lgan Guliston qishlog‘iga o‘ta cheklangan miqdorda elektr toki uzatilayotganini aytgan elektrosetь xodimi kundalik limitdan oshish mumkinmasligini aytdi.

- Muborak tumaniga sutkasiga 130 ming kilovatt tok beriladi. Shu limitdan oshsak, bizga gap tegadi, - dedi tumandagi elektrosetь navbatchisi.

Ozodlik muxbiri Guliston qishlog‘iga berila boshlagan ortiqcha hajmdagi elektr toki manbasini so‘rab, idora rahbari Ikrom Bekmamatov, deb taqdim qilingan shaxsga bog‘landi.

Aniqlanishicha, idora rahbarining 300 xonadonga cheklanganidan ko‘proq tok berilayotganidan xabari yo‘q ekan.

Bu haqdagi savolga javoban: "Bunday bo‘lgani yo‘qku, opajon?” deb savol tashlagan rahbar, muxbir savollar bera boshlashi bilan telefonini o‘chirdi.

Shu tariqa, Guliston qishlog‘iga 20 kundan beri qariyb 4-6 soatga uzaytirilgan elektr toki qay asosda berilayotgan ochiq qoldi.

Ammo tuman elektroseti navbatchilaridan yana biri o‘zaro suhbatda aslida tumandagi aholi punktlariga kundalik ravishda uzatilayotgan elektr toki hajmini oshirish imkoni bor, ammo bunga ruxsat yo‘qligini aytdi.

“Kunlik limitni xalqqa bergandan keyin uning pulini ham olishimiz kerak. Kundalik ravishda kirim bo‘lishi kerak. Bizda har yuzta uydan 5 tasi vaqtida to‘laydi, qolganlari bermaydida. Shuning uchun limit bor”, deb tushuntirishga urindi elektrosetь xodimi.

Keyin Ozodlik muxbiri “Gulistonliklar qishloqdan ko‘chib ketayotgani yo‘q, qarzga tok berib tursa bo‘lmaydimi?” degan savolni berdi.

“Yoqilg‘i muammoda. Tokni ishlab chiqarishga yoqilg‘i kerakku! Tok uchun aholidan olinadigan pul elektrostantsiyalarga yoqilg‘iga beriladida", dedi elektrosetь xodimi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

Ayni paytda bu tumanda gaz ta‘minoti elektr toki ta‘minotidan ham og‘irroq ahvolda ekani aytildi. Xususan, Guliston qishlog‘i shu kunlarda gazdan tamomila uzilgan.

Xullas, birinchi surishtiruv natijasi:

ZIMISTON-UZ blogiga kelgan shikoyat ortidan qilgan birinchi surishtiruvimizdan so‘ng elektr toki ta‘minotiga oid ba‘zi jihatlar oydinlashdi:

- Aholi talab qilgan hududlarda elektr toki uzilishi kamaytirilmoqda.
- Elektr toki uzlishini kamaytirish uchun to‘lovni vaqtida berish so‘ralmoqda.

Ammo, ba‘zi savollar paydo bo‘ldi:

- Aholidan yig‘ilayotgan tushumlar qayerga sarf bo‘layapti?
- O‘zbekistondagi elektr stantsiyalar aholi ehtiyojini qoplashga qodirmi?

Tez orada bu savollarga ekspertlardan olingan javoblarni ZIMISTON-UZ blogida havola qilamiz.


Ozodlikka bog‘laning!

Marhamat, agar siz yashab turgan mahalla, qishloq, tuman, shaharda ham gaz va elektr toki ta‘minotida uzilishlar bo‘layotgan bo‘lsa, bizga bog‘laning!

Iltimos, gaz yoki elektr toki uzilishi qachon va qancha muddatga, konkret qaysi manzilda sodir bo‘layotganini aniq bildiring!

Imkoni bo‘lsa, siz yashab turgan manzil bo‘yicha energetik ta‘minotga mutasaddi tashkilotlarga ham O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda murojaat qilib, ularning javoblarini ham bizga yo‘llashga harakat qiling!

Ozodlik bu yilgi qish mavsumida ushbu muammo ko‘lamini siz bilan birga aniqlash va yildan-yilga o‘zbekistonliklarning hayotini tim qorong‘u zimistonga aylantirayotgan energetik taqchillikdan chiqish yo‘lini siz bilan birga izlashga urinadi!

Ozodlikka bog‘lanish imkonlari:

tel: +420 221 123 437
faks: +420 2 2112 6604
email: uzbekweb@rferl.org, ozodlikmail@gmail.com
twitter: @BarnoAnvar
Skype: issakovab
WhatsApp: +420 608 549 460
XS
SM
MD
LG