Линклар

Toshkent viloyatidagi sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxonalardan ikkitasining egasi Ozodlik bilan bir-biridan mustaqil ravishda bog‘lanib, keyingi ikki hafta ichida ular yetishtirgan mahsulotning bozori kasodga uchraganidan, narxlar 15 kun oldingiga qaraganda qariyb 3 marta arzonlab ketganidan shikoyat qildi.

Fermerlarga ko‘ra, ularning zarar ko‘rayotganiga sabab hukumatning meva-sabzavot eksportini taqiqlab qo‘yganidir.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi rasmiylariga ko‘ra, meva-sabzavot eksporti ichki bozorni o‘rganish uchun vaqtincha to‘xtatilgan.

Ba‘zi nashrlar esa, bundan 10 kun muqaddam eksport taqig‘i to‘g‘risida xabar berar ekan, bu chora meva-sabzavot eksportidan mo‘may daromad ko‘rayotgan monopolistlar manfaati uchun qo‘llanilgani to‘g‘risida yozgan edi.

Ba‘zi fermerlar issiqxonasidagi pomidor ko‘chatlarini yulib tashlamoqda

Issiqxonasida pomidor va bodring yetishtiradigan, o‘zi va biznesi xavfsizligini o‘ylab, ismini aytmasligimizni so‘ragan xasanboylik (Toshkent viloyati) fermer mana bunday dedi:

- Yo‘llar yopilganiga 15 kun bo‘ldi. Pomidor, bodringni tashqariga chiqarishga ruxsat yo‘q. Sababini hech kim aytmayapti. Teplitsani ishlatish uchun harajatlarimiz ko‘p. Sotayotganimiz narxlar yarminiyam qoplamaydi. Pomidor, masalan, bozorda 1500 so‘mga tushib ketdi, bir kilo pomidor yetishtirish esa, kamida 2000 so‘mdan qimmatga tushadi. 15 kun oldin uyimdan kilosini 5000 dan olib ketishardi. Hozir o‘zim bozorga olib borib 1500 mingdan sota olmayapman. Tunov kuni pomidor tuzlovchilardan bittasi kelib, xom pomidorning kilosiga 800 so‘mdan beraman, dedi. Achchig‘imdan uni haydab yubordim, dedi xasanboylik fermer.

Xuddi shunday gap va eshitganingizday raqamlarni yangiyo‘llik fermer yigitdan ham eshitdik. Uning aytishicha, ba‘zi teplitsachilar pomidor ko‘chatlari va bodring palaklarini shu kunda yulib tashlamoqda.


Yangiyo‘l bozori 1500 so‘mdan arzongayam pomidor olish mumkin


Mutaxassislarga ko‘ra, qish mavsumida Toshkent bozorlarida sotiladigan pomidor va bodringning kattagina qismi Yangiyo‘l tumanidagi issiqxonalarda yetishtiriladi.

Tuman markazidagi bozor vakili aytgan narxlar Ozodlikka arz qilgan fermerlar aytgan narxlar bilan bir xil bo‘lib chiqdi:

- Pomidor hozir bizda arzonroq – 1500 dan 2000 gacha (kilosi). Bodring ham 1500 dan 2000 gacha. Bular eng sifatlisi. Ikkinchi, uchinchi sortlari yanayam arzon. Oktyabr oxiridagi sovuq ochiqdagi pomidorni urib ketdi. Bo‘lmasa, yanayam arzon, 1000 – 1200 so‘m edi, dedi Yangiyo‘ldagi bozor vakili.

Ozodlikka arz qilgan fermerlarning fikricha, issiqxona mahsulotlari narxlari eksport taqiqlangan bugungi sharoitda yanayam tushib ketishi mumkin edi. Lekin shu kundagi narxlar o‘zining kritik quyi nuqtasiga tushganki, bundan arzon narxga sotishning mutlaqo ma‘no-mantig‘i yo‘q.


Qo‘shnilarda narxlar ikki baravarga ko‘tarilib ketdi


Narx-navoning pastlagani, xaridor uchun. albatta, yaxshi. Lekin fermer o‘z mahsuloti uchun olgan pul uning hosil yetishtirishga sarflagan harajatini qoplamasa, bunday arzonchilikning ertasi bo‘ladimi?

Mutaxassislar fikricha, narxlar arzon emas, barqaror va prognoz qilish mumkin bo‘ladigan bo‘lishi lozim. Mahsulotni tashqi bozorga chiqarish o‘sha barqarorlikni ta‘minlash choralaridan biridir.

Janubiy Qozog‘iston viloyati Toshkent viloyatida yetishtiriladigan mahsulotning eng yaqin bozoridir. Eksport taqiqlanganidan beri bu bozordagi narxlar qimmatlab ketdi.
O
- Bizda meva-sabzavot keyingi kunlarda ikki baravarga qimmatlab ketdi, dedi Janubiy Qozog‘iston viloyati Bojxona departamenti vakili. Chegaradan meva-sabzavot o‘tmay qolganini qozog‘istonlik bojgir “bu bizga bog‘liq emas”, deb sharhlashdan bosh tortdi.


O‘zbek bojgirlari nima dedi?


O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi mas‘ul xodimi vaziyat yuzasidan savolimizga javob berar ekan, “u yoki bu mahsulotni chiqarish-chiqarmaslik masalasini biz hal qilmaymiz, bizga Vazirlar Mahkamasidan protokol keladi va o‘sha hujjatda nimaga ruxsat berilgani, nimaga ruxsat berilmagani ko‘rsatiladi, biz bajaruvchimiz, xolos”, dedi.

Yangiyo‘ldagi “Yangiyo‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimining javobi konkretroq bo‘ldi:

- Protokolda narx-navo o‘zgarayapti. Ya‘ni har oyda ichki bozordagi narxlar o‘rganiladi. Ichki iste‘mol bozorida talab katta bo‘lsa, narx ko‘tariladi. O‘z bozorimizdan ortganini tashqariga chiqaramiz. Bizga Vazirlar Mahkamasi protokoli kelganidan keyin mahsulotni chiqaramiz, dedi “Yangiyo‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimi.

Hukumat protokoli qachon kelishini, ya‘ni meva-sabzavot eksportiga qachon ruxsat berilishini xodim ayta olmadi.


10 kun oldingi gap


Tahririyati O‘zbekistonda joylashgan "Uzmetronom" sayti o‘zining mamlakat huquq-tartibot organlaridagi manbalariga tayanib, “11 noyabrdan boshlab Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahridan yaqin horij davlatlariga jo‘natiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jo‘natish taqiqlab qo‘yilgani” to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Nashr sohaning ikir-chikirlaridan xabardor manbalariga tayanib, meva-sabzavot eksportini yuqori lavozimli davlat amaldorlari nazorat qilib kelayotganini, bu ish bilan shug‘ullanuvchi kichikroq o‘yinchilar o‘sha amaldorlar chizgan chiziqdagina yura olishlari to‘g‘risida yozgan edi.

11 noyabr kuni joriy etilgan taqiq to‘g‘risida xabar qilar ekan, “O‘zmetronom” bu chora meva-sabzavot eksportidan mo‘may daromad ko‘rayotgan monopolistlar manfaati uchun qo‘llanilgani to‘g‘risida yozdi.


Yangiyo‘llik parnikchi fermerlar o‘tgan yili ham kuyib qolgan edi


Gaz va elektr ta‘minotidagi cheklovlar bois mamlakatdagi aksar issiqxonalar 2011 yilningg oktyabr oyidan boshlab 3 oy ishlamagani, oqibatda mamlakat bozorlarida meva-sabzavot narxlari ko‘tarilib ketgani to‘g‘risida Ozodlik 2012 yilning yanvarida xabar qilgan edi.
XS
SM
MD
LG