Линклар

logo-print
Gulnora Karimovaning Twitterdagi "bekinmachoq o‘yini"ning xronologiyasi:

24 noyabr. Yarim tunda Gulnora yana "yo‘qoldi"

Twitterda "bekinmachoq o‘ynayotgan" Gulnora Karimova 24 noyabr kuni tunda to‘rtinchi bor "tvit maydoni"dan g‘oyib bo‘ldi. Gulnora bugun tundagi "tvit jangi"ni ham onasiga qarshi tvitlar bilan boshlagandi.


Bir kunlik "tanaffus"dan so‘ng 23 noyabr kuni kechqurin yana "tvit maydoni"ga qaytgan Gulnora Karimova tvitlarining "bosh qahramoni" shanba kuni ham onasi bo‘ldi.

Gulnoraning yangi tvitlaridan ma‘lum bo‘lishicha, onasi jiyani Akbaralini o‘g‘il o‘rnida ko‘rgan.

"Uni o‘g‘lim derdi, u onam bilan har kuni bizdan ko‘ra ko‘proq birga bo‘lardi. Barcha buyruqlarini bajarardi. Yevropa, Isroil, Moskva, Turkiyadan oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik buyumlari, ustalarni onam uchun muhayyo qilgan", deya yozdi Karimova.

Gulnoraning navbatdagi tvitlariga ko‘ra, onasi u bilan uchrashishni istamayapti.

"Meni ham, bolalarimni ham onam yashaydigan uyga kiritishmayapti. Telefonda ham gaplashmayapti... Onam barchaga telefonlarimizga javob bermaslik borasida buyruq bergan! Xatlarimizni ham olishmayapti! Umuman aloqaga chiqish yo‘q", deya tvitladi Karimova.


22 noyabr. Karimova Tvitterda yana "o‘chdi"


Payshanba kuni tush payti "g‘oyib" bo‘lib, juma kuni kechqurun qayta paydo bo‘lgan Gulnora Karimovaning Twitterdagi @GulnaraKarimova akkaunti ushbu tunda yana yopildi.

Karimova sahifasi qayta ochilganidan ikki soat o‘tib, tvit muloqotini boshladi.

“Men Tvitterda ozgina muddat bo‘lmadim, lekin allaqachon bir qancha kalamushlar paydo bo‘ldiki, “kichkina g‘alaba”sidan hurayapti!", deya tvitlar "yomg‘irini yog‘dira boshladi".

Gulnora tvitlari orqali onasiga murojaat qilib, “Onajon! Men bilamanki, sen mening yozganlarimni diqqat bilan o‘qiyapsan.. va nimaga bu tvitterni to‘xtatish va mening ovozimni o‘chirish mumkin emasligidan jazavaga tushayapsan”, deya tvitladi.

Onasiga atalgan yigirmadan ziyod tvit yozgan Karimovaning akkaunti 7 soatcha faoliyatidan keyin yana yopildi.

Bu GK Twitter sahifasining uchinchi bor "yo‘qolishi"dir.


21 noyabr. Gulnora Tvitterdan g‘oyib bo‘ldi


21 noyabr kungi "yo‘qolishi" borasida Ozodlik muxbiri suhbatlashgan Gulnora Karimova yaqinlaridan biri¸ Rossiya Jamoatchilik palatasi a‘zosi¸ blogger¸ Karimova media loyihalarining maslahatchisi Anton Korobkov bu akkauntning o‘z tarafdorlari xavfsizligi uchun Karimovaning o‘zi tomonidan yopilganini bildirdi.

@GulnaraKarimova yozgan so‘nggi tvit "Menga savollaringiz bo‘lsa, Fond Forum lentasi va saytiga yozing", degan taklif bo‘lganidan Korobkovning bu gapida jon borligi ko‘riladi.

Karimova so‘nggi tvitidan u boshlagan "muloqot maydoni"ning Twitterdan Fond Forum lentasi va saytiga ko‘chishini kutish mumkin.

Ammo hozircha Fond Forum lentasi va saytida @GulnaraKarimova tvitlari ruhidagi yozuvlar ko‘ringani yo‘q.

Gulnora so‘nggi tvitlari orqali o‘zi raislik qiladigan “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi ya‘ni Fond Forum faoliyatini to‘xtayotgani haqida yozdi.

“Ustozlar, yonib-kuyib ishlaydigan xodimlar va ko‘nggillilar, shuni e‘lon qilmoqchimizki, Fond Forumning bosh ofisi o‘z faoliyatini to‘xtatmoqda”, deb yozdi Karimova.

Gulnora Karimovaning Twitterdagi shov-shuvli ma‘lumotlarini Ozodlikning LIVE BLOGi orqali o‘qishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG