Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:49

Oltilik Eron bilan yadroviy masalada kelishib oldi


Jenevada besh kun davom etgan muzokaralar ortidan jahonning olti qudratli davlati hamda Eron vakillari yadroviy masalada kelishuvga erishdilar. Rasmiy Tehron xalqaro sanktsiyalarning yengillatilishi evaziga qator shartlar, jumladan, uranni 5 foizdan ortiq to‘yintirmaslikka rozi bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi Tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi Ketrin Eshton Jenevada Eronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq muzokaralarda muhim qadam qo‘yilganini ta‘kidladi.

Eshton xonimga ko‘ra, Eron o‘z yadroviy inshootlarida uranni to‘yintirish uchun yangi tsentrifugalarni o‘rnatishdan voz kechish, uranni 5 foizdan ortiq to‘yintirmaslik, og‘ir suvda ishlaydigan yadro reaktori qurilishini to‘xtatib turish hamda o‘z yadroviy obyektlariga xalqaro inspektorlarni qo‘yishga rozi bo‘lgan.

Buning evaziga qudratli davlatlar Eronga nisbatan sanktsiyalar yumshatilishini va‘da qilganlar.

Bu yerda gap Eronning xorijiy davlatlardagi 6-7 milliard dollarlik aktivlarining muzlatilishi bilan bog‘liq sanktsiyalar haqida ketmoqda.

- Eron qator qo‘shimcha choralarga rozi bo‘ldi. Eronning yadroviy dasturini nazorat qilish uchun imkonlar kengaymoqda va aminmizki, Eron Yadro energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bilan bu borada hamkorlik qiladi, - dedi Ketrin Eshton.

AQSh prezidenti Barak Obama ham mazkur kelishuv jahon hamjamiyatini xavotirga solib kelayotgan Eron yadroviy dasturining barcha jihatlari bo‘yicha kelgusi muzokaralar uchun dastlabki va muhim qadam bo‘ldi, deb ta‘kidladi.

- Diplomatiya xavfsizroq dunyo uchun yo‘l ochdi. Agar Eron kelasi olti oy ichida olgan majburiyatlarini bajarmasa, sanktsiyalar yana kuchga kiradi, - dedi AQSh prezidenti Barak Obama.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Jenevadagi kelishuvni olqishladi. Mamlakat televideniyesi orqali chiqishida janob Ruhoniy erishilgan bitim shartlarini bajarish bo‘yicha ishga darhol kirishilishini ta‘kidladi.

G‘arb davlatlari Eron yadroviy qurol yaratayotgani borasida xavotir bildirib keladi. Rasmiy Tehron esa o‘z yadroviy tinch maqsadlarni ko‘zlashini iddao qiladi.

O‘z chiqishida Hasan Ruhoniy Eronning yadroviy qurol ishlab chiqarish niyati yo‘qligiga yana bir bor urg‘u berdi.

Avvalroq Eron Oliy Ruhoniysi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘z mamlakati yadroviy huquqidan aslo chekinmayajagi haqida bayonot bergan edi.

Yevropa Ittifoqining bir qator yetakchilari Jenevadagi kelishuvni olqishladi. Faqat Isroil bu yuzadan tashvish bildirdi.

– Isroil yolg‘onga asoslangan kelishuvga qo‘shila olmaydi, - deya bayonot berdi Isroil razvedkasi boshlig‘i Yuvala Steynits.

AQSh prezidenti Barak Obama o‘z navbatida mazkur masalada Isroilni tashvishga solayotgan jihatlar bo‘yicha bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan yakshanba kuni telefonda suhbatlashishini aytdi.
XS
SM
MD
LG