Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:08

Qamoqdan qo‘ng‘iroq: Mahbuslarni o‘zbek bo‘lgani uchun ezishmasin!


Rossiyaning Nijniy Novgorod shahridagi 5-sonli Jazoni o‘tash muassasasida o‘tirgan o‘zbekistonlik mahbus haq-huquqlari buzilayotgani, yaqinlari bilan uchrashishga vaqtida ruxsat berilmayotganidan arz qildi. Mahbusning aytishicha, bu yerda yana 14 o‘zbekistonlik jazoni o‘ta og‘ir sharoitda o‘tamoqda. Ammo, muassasaga mutasaddilar bunday shikoyatlarning aksariyati asossiz, deb ta‘kidladi.

Rossiyaning Nijniy Novgorod shahridagi 5-sonli Jazoni o‘tash muassasasida saqlanayotganini aytgan 30 yashar farg‘onalik mehnat muhojiri (Ism-familiyasi sir saqlanmoqda - Tahr.) Ozodlikka bog‘landi.

U ayni qamoqxonada saqlanayotgan yana 14 o‘zbekistonlik mahbus turli muddatlarga berilgan qamoq jazosini o‘ta og‘ir sharoitda o‘tayotganidan arz qildi.

3 yil muqaddam Nijniy Novgorod shahridagi qurilish maydonchasida mahalliy lo‘lilar bilan mushtlashib qolgan va natijada, ulardan ikki nafariga og‘ir tan jarohati yetkazgan farg‘onalik yigit unga berilgan 9 yillik qamoq jazosini adolatsiz, deb bilishini aytdi.

- Ular meni so‘kdi, haqorat qildi. Keyin men borib ulardan ikkitasini urdim, shu bo‘lgan gap. Ular ichgan bo‘lishganmi, bilmadim. Sudda ham bu narsa aytilmadi. Xullas, ular Rossiya fuqarosi edi, menga o‘xshagan chyorniy muhojirni kim ham himoya qilardi. 9 yil menga nohaq berildi, deb hisoblayman,- dedi mahbus muhojir.

Nijniy Novgorod shahridagi 5-sonli Jazoni o‘tash muassasida saqlanayotgan bu yigit nohaq berilgan jazoni o‘ta og‘ir sharoitda o‘tayotganini aytdi.

Uning aytishicha, yotoq sharoiti va oziq-ovqat sifati yomon. Bundan tashqari, musulmon bo‘lgan yana 14 o‘zbek mahkumga ibodat qilish imkoni ham berilmayapti.

- Nima qilayapsan, nega namoz o‘qiyapsan, deganga o‘xshash do‘qlar qilishadi. Har 2 soatda borib, raport berdirishadi. Melisalar uradiyam. Har 15 kunda izolyatorga tashlashadi. U yerlar sovuq. Xullas o‘zbekligingizga qanaqadir gaplar qilishadida! Bu yer chyorniy zona, sharoiti og‘ir. Bergan ovqatini it ham yemaydi, karam sho‘rva, - deydi o‘zbekistonlik mahbus.

Rossiya qamoqxonasida 3 yildan beri o‘tirgan bu suhbatdoshning yana aytishicha, O‘zbekistondan olis yo‘l bosib borayotgan o‘zbekistonlik yaqinlariga mahbuslar bilan vaqtida uchrashish imkoni ham berilmayapti.

- 1 oycha oldin oilam keluvdi. Qonuniy vaqtda kelgan, lekin ularni qo‘yishmadi. Keyin xotinim prokuraturaga borgan ekan, ruxsat berishdi. 3 kunlik svidankadan chiqqanimdan keyin, nimaga arz qilib yuribsizlar, deb meni 15 sutkaga izolyatorga tashlashdi, - deydi Ozodlikka Rossiyadagi qamoqxonadan bog‘langanini aytgan mahbus.

Ayni damda boshqa o‘zbekistonlik mahbuslar bilan bir kamerada o‘tirganini aytgan bu suhbatdosh Ozodlik radiosining ashaddiy muxlisi ekani va qattiq tartibli koloniyada smartfonni yashirib bo‘lsada, dunyo bilan bog‘lanib turganini aytdi.

- Men sizlarni ko‘p yillardan beri eshitib kelaman. Mana hozir ham boshqa aka-uka o‘zbeklar sizni eshitib turibdi. Qo‘limda smartfon bor, oilam bilan bog‘lanish uchun va internetni o‘qish uchun uni bir amallab nadziratellardan yashirib yuraman. Bu yerda deyarli hamma mahbusda qo‘l telefoni bor o‘zi, - deydi farg‘onalik mahbus yigit.

Ozodlik bilan suhbat yakunida bu mahbus o‘ziga qo‘yilgan ayblovni nohaq, deb bilishini yana bir marta ta‘kidladi va o‘z haqqi uchun kurashni davom ettirishdan to‘xtamasligini aytdi.

- Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga xat jo‘natganman. Advokatim yordam bergan. Hozir shuning javobini kutayapman, - deydi mahbus.

Ozodlik bu murojaat ortidan Rossiya Federatsiyasining Jazoni ijro etish federal xizmati Bosh boshqarmasi va ushbu xizmatning Nijniy Novgoroddagi boshqarmalariga bog‘landi.

Xususan, Nijniy Novgorod shahridagi boshqarma matbuot xizmati xodimi Yelena Nikishova 5-sonli qamoqxonada O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan mahbuslarning saqlanayotganidan bexabar ekanini aytdi.

Bundan tashqari, xorijlik mahbuslarga yaqinlari bilan uchrashish imkoni berilmayotgani haqidagi iddaoni rad etgan bu xodim rasmiy javobni Bosh boshqarmadan olish mumkinligini aytdi.

Rossiya Federatsiyasining Jazoni ijro etish federal xizmati Bosh boshqarmasi matbuot kotibi Kristina Belousova, odatan mahbuslar yaqinlarining qamoqxonada haq-huquqlar buzilishi yoki qiynoqlar qo‘llanishiga oid iddaolari 90 foizi surishtiruv natijasida o‘z isbotini topmasligini aytdi.

Bu xodim ham Nijniy Novgorod shahrida qamoq jazosini o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolariga oid ma‘lumot va shikoyat bo‘yicha rasmiy ma‘lumot olish uchun fursat so‘radi.

Ozodlik rasmiy maktub yo‘lladi va bu maktub javobini kutmoqda.

Biroq, Rossiyada mahalliy aholi bilan ziddiyatlarga tushib qolayotgan yoki haqiqatda jinoyat sodir etib, uzoq muddatlarga qamoqqa hukm qilinayotganidan arz qilib ko‘plab o‘zbekistonliklar Ozodlikka bog‘lanmoqda.

Rossiyadagi "Sova" tahlil markazi va Markaziy Osiyolik muhojirlar huquqini himoya qilib kelayotgan faollardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ba‘zan o‘z huquqini bilmagani bois, ammo aksar hollarda ularning huquqini himoya qiluvchilar bo‘lmagani bois nohaq ayblov hamda nohaq jazoga uchramoqdalar.

Ammo ayni damda Rossiyada qamoq jazosini o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning aniq soni Ozodlikka ma‘lum emas.
XS
SM
MD
LG